20.06.2024 08:31
754
Britaniya Gʻazodagi qatliom sabab Isroilga qurol sotishni keskin kamaytirdi
Britaniya Gʻazodagi qatliom sabab Isroilga qurol sotishni keskin kamaytirdi
Gʻazodagi qatliomdan soʻng Buyuk Britaniya Isroilga qurol sotishni keskin kamaytirdi. Bu haqda "Reuters" axborot agentligi oʻz manbalariga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurol eksporti boʻyicha berilgan ruxsatnomalarning soni urushdan oldingi koʻrsatkichga nisbatan 95 foizga tushgan.
Shunga qaramay tashqi siyosatda oʻzining ayyorona harakatlari bilan mashhur boʻlgan qirollik Gʻazo sektorida qirgʻinbarot urush boshlanganidan beri sionistlarga 100 dan ortiq qurol eksporti litsenziyasini tasdiqlagan.
Shu sabab joriy yilning aprelʻ oyida 600 dan ortiq huquqshunos hukumatni Falastindagi genotsidning oldini olishga chaqirgan.
Maʻʻlumotlarga koʻra, Buyuk Britaniya tomonidan tasdiqlangan litsenziyalarning qiymati 2023 yil 7 oktyabrdan 31 dekabrga qadar 1,09 million dollarni tashkil etgan. Qirollik sionistlarga 2022 yilning shu davrida 20 million dollarlik va 2017 yilda 235 million dollarlik qurol-yarogʻ sotgan.
AQShdan farqli oʻlaroq, Britaniya hukumati qurollarni toʻgʻridan-toʻgʻri Isroilga tutqazmaydi, balki kompaniyalarga qurol sotish uchun tegishli ruxsatnomalarni beradi. Huquqshunoslar esa ularning xalqaro qonunlarga mos kelishini tekshiradi.
Ayni damda Buyuk Britaniyada Huquqiy faoliyat global tarmogʻi va Falastinning "Al-Haqq" inson huquqlari tashkiloti tashabbusi ishtirokida yahudiy davlatiga qurol sotish boʻyicha sud tekshiruvi davom etmoqda.