25.10.2024 07:08

BRIKS qanday tashkilot, uning kengayishi AQShga tahdidmi?

BRIKS – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika hamda yangi besh aʻʻzodan iborat norasmiy guruh boʻlib, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning global tartibotdagi taʻʻsirini oshirishga intilmoqda. Xoʻsh, BRIKSning ahamiyati, tarixi, vazifalari qanday? BRIKS valyutasi dollarning oʻrnini bosa oladimi? Bu tashkilotni kelajakda nimalar kutib turibdi – tahliliy maqola.

BRIKS – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika hamda yangi besh aʻʻzodan iborat norasmiy guruh boʻlib, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning global tartibotdagi taʻʻsirini oshirishga intilmoqda. 2009 yilda tashkil etilgan BRIKS xalqaro institutlarning Gʻarb davlatlari tomonidan ayovsiz boshqarilishi va rivojlanayotgan mamlakatlarga xizmat koʻrsatmay qoʻyganligini asosiy gʻoya qilib olgan. Blok aʻʻzolarining iqtisodiy va diplomatik siyosatini muvofiqlashtirish, yangi moliyaviy institutlar tashkil etish va AQSh dollariga qaramlikni kamaytirish tashkilotning asosiy maqsadlaridandir.

Biroq BRIKS bir qator masalalar, jumladan AQSh bilan munosabatlar va Rossiyaning Ukrainaga bosqini boʻyicha ichki kelishmovchiliklarga ega. Baʻʻzi tahlilchilar blok Gʻarb boshchiligidagi xalqaro tartibotni zaiflashtirishi mumkinligidan ogohlantirsa, boshqalar uning oʻz valyutasini yaratishi va mavjud institutlarga muqobil tizim ishlab chiqish rejalari amalga oshmas orzu ekanini aytyapti.

BRIKSning ahamiyati

Bu koalitsiya rasmiy tashkilot emas, balki umumiy maqsad atrofida iqtisodiy va diplomatik harakatlarini muvofiqlashtiruvchi Gʻarbga mansub boʻlmagan iqtisodiyotlarning erkin birlashmasidir. BRIKS mamlakatlari Jahon banki, Ettilik guruhi (G7) va BMT Xavfsizlik Kengashi kabi yirik koʻp tomonlama guruhlarda Gʻarb nuqtai nazari ustunlik qilishiga muqobil tizim yaratishga intilmoqda.

2024 yildagi guruhning kengayishi bir qator geosiyosiy oqibatlarga olib keladi. Bu oʻsib borayotgan iqtisodiy va demografik salohiyatni anglatadi: oʻnta BRIKS mamlakatlari endi jahon iqtisodiyotining chorak qismidan koʻprogʻini va dunyo aholisining deyarli yarmini tashkil etadi. Guruh Gʻazo sektori va Ukrainadagi urushlar, global iqtisodiy tizimning shakllanishi, Xitoy va Gʻarb oʻrtasidagi raqobat hamda toza energiyaga oʻtish jarayonlariga taʻʻsir oʻtkazishga urinyapti.

Biroq aʻʻzolikning kengayishi yangi muammolarni ham keltirib chiqarmoqda, jumladan Gʻarb mamlakatlarining qarshiligi va blok ichidagi kelishmovchiliklar kuchaymoqda. Mutaxassislarning fikricha, BRIKS aʻʻzolari bu ziddiyatlarni qanday hal qilishi guruhning xalqaro maydonda yanada yaxlitroq ovozga aylanishi mumkinligini belgilaydi.

BRIKS tarixi

Bu atama dastlab 2001 yilda Goldman Sachs iqtisodchisi Jim O’Nil tomonidan oʻylab topilgan boʻlib, u oʻzining tadqiqotida oʻsha paytdagi “BRIK” mamlakatlari (Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy) oʻsishi G7 boy iqtisodiyotlariga raqobat qila olishini taʻʻkidlagandi.

Rossiya 2009 yilda BRIKning birinchi rasmiy sammitiga mezbonlik qildi. Janubiy Afrika esa bir yildan soʻng Xitoyning taklifiga binoan qoʻshilib, oʻn yildan ortiq davom etgan besh davlatli guruhni shakllantirdi.

Keyingi kengayish toʻlqini BRIKSning 2023 yilgi sammitida boʻlib oʻtdi, unda oltita yangi davlatlarga – Argentina, Misr, Efiopiya, Eron, Saudiya Arabistoni va Birlashkan Arab Amirliklari (BAA)ga taklifnomalar yuborildi. Argentinadan tashqari barcha davlatlar taklifni qabul qildi. Argentinaning yangi saylangan prezidenti Xavʻer Miley mamlakat Gʻarbning “etagidan tutishi”ga vaʻʻda berib, “kommunistlar bilan ittifoqqa kirishmasligini” aytdi. Maʻʻlumotlarga koʻra, Saudiya Arabistoni aʻʻzolikni qabul qilgan, ammo batafsil tushuntirish bermasdan rasman qoʻshilishni kechiktirmoqda.

BRIKSning vazifasi nima?

BRIKS davlat rahbarlari har yili yigʻiladi. Har bir davlat ustuvor vazifalarni belgilash va sammitni oʻtkazish uchun bir yillik raislikni oʻz zimmasiga oladi. Blok konsensusga asoslangan qaror qabul qilishga tayanadi va asosan norasmiy: uning aniq belgilangan nizomi, kotibiyati yoki umumiy mablagʻlari yoʻq.

BRIKS koʻp tomonlama institutlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotlar nuqtai nazarining yagona frontini yaratishga intiladi. Guruh BMT Xavfsizlik Kengashini kengaytirish kabi mavjud institutlarni isloh qilishni ham, ushbu institutlar doirasida muzokaralar bloklarini shakllantirishni ham maqsad qilgan.

Misol uchun, BRIKSga aʻʻzo koʻplab davlatlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini BMT tomonidan qoralashga qarshi chiqdi va Eronning yadro dasturi hamda Afgʻoniston, Gʻazo, Liviya va Suriyadagi mojarolar boʻyicha umumiy pozitsiyalarni shakllantirishga intildi.

2008 yildagi global inqiroz BRIKS mamlakatlariga qattiq zarba berdi, bu esa guruhni tarif siyosati, muhim resurslar eksportini cheklash va investitsiyalar kabi masalalarda iqtisodiy hamkorlikka eʻʻtibor qaratishga undadi. Blokning yillik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimi soʻnggi yillarda sekinlashgan boʻlsa-da, 2001 yildan 2021 yilgacha toʻrt baravardan koʻproq oʻsdi.

Global operatsiyalarda dollarning hukmronligidan, bu ularni Gʻarb sanktsiyalariga duchor qilayotganidan, tobora norozi boʻlayotgan BRIKS etakchilari uzoq vaqtdan beri mahalliy valyutalarda savdoni koʻpaytirish yoki hatto guruhning potentsial umumiy valyutasi foydasiga dollarsizlashtirishni targʻib qilib kelmoqda.

Guruhning Yangi taraqqiyot banki (YaTB) va Shartli zaxira bitimi (ShZB) mos ravishda Jahon Banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) oʻrnini bosishi koʻzda tutilgan. BRIKS aʻʻzolari muqobil kredit institutlari “Janub-Janub” hamkorligini kuchaytirib, anʻʻanaviy moliyalashtirish manbalariga qaramlikni kamaytirishiga umid qilmoqda.

BRIKS moliya institutlari qanchalik samarali boʻldi?

YaTB va ShZB Ikkinchi jahon urushidan soʻng etakchi sanoatlashgan mamlakatlar tomonidan asos solingan asosiy global moliyaviy tizim – Bretton-Vuds kelishuvining muqobili sifatida ishlab chiqilgan. Global Janubning koʻplab mamlakatlari ushbu institutlar, ayniqsa Jahon banki va XVJ, kambagʻal mamlakatlarning ehtiyojlarini, xususan iqlim moliyalashtirishi kabi sohalarda qondira olmayapti deb hisoblaydi.

“Bu tizim boy mamlakatlar tomonidan boy mamlakatlarga foyda keltirish uchun yaratilgan”, deya taʻʻkidlagan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.  Uning aytishicha, “Bretton-Vuds kelishuvi muzokara stoliga Afrikaning deyarli birorta ham mamlakati oʻtirmagan”.

Ikkala institut ham turlicha ishlaydi. Valyuta inqirozi paytida yordam beradigan BRIKS markaziy banklari oʻrtasidagi umumiy jamgʻarma boʻlgan ShZB faqat BRIKS mamlakatlari bilan cheklangan, 2021 yilda esa YaTB boshqa rivojlanayotgan bozor mamlakatlarida xususiy loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.

Shunga qaramay, YaTB Jahon bankidan besh baravar kichikroq va ekspertlar uning oʻrnini toʻliq bosa olishiga shubha bildirmoqda.

BRIKS valyutasi dollarning oʻrnini bosa oladimi?

BRIKS mamlakatlari oʻn yildan ortiq vaqt davomida xalqaro savdoda AQSh dollarining ustuvorligini kamaytirishga harakat qilyapti: birinchi navbatda savdoda oʻz valyutalaridan, ayniqsa Xitoyning “renminbisi”dan foydalanishni koʻpaytirish orqali. Shuningdek, BRIKS doirasida yangi valyutani joriy etish uchun turtki mavjud, uning asosiy tarafdori Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva hisoblanadi. 2023 yilgi sammitda ilgari surilgan boshqa pul takliflariga yangi kriptovalyuta yaratish yoki BRIKS valyutalarining birlashgan savatchasidan foydalanish kiradi.

Baʻʻzi ekspertlarning fikricha, bunday ambitsiyalarga erishish mushkul. BRIKS valyutasi yirik siyosiy kelishuvlarni, jumladan, bank ittifoqi, fiskal ittifoq va umumiy makroiqtisodiy yaqinlashuvni talab qiladi.

Uzoq vaqtdan beri dunyoning asosiy zaxira valyutasi boʻlgan dollar hali ham global savdoning 80 foizidan ortigʻida qoʻllaniladi va koʻplab ekspertlar BRIKSning yangi zaxira valyutasi global tranzaktsiyalar uchun etarlicha barqaror yoki ishonchli emasligini aytishmoqda.

BRIKS aʻʻzolarini nima ajratib turadi?

BRIKS mamlakatlari oʻz iqtisodiy strategiyalarini amalga oshirishdagi qiyinchiliklardan tashqari, aʻʻzo davlatlar oʻrtasida ichki ziddiyatlar ham mavjud. Xitoy va Hindiston oʻrtasidagi bir necha oʻn yillik chegara nizosi, shuningdek, Global Janubning iqtisodiy va geosiyosiy etakchiligi yoʻlidagi raqobat tufayli munosabatlar keskinlashdi. Guruh allaqachon qarorlar qabul qilishda muammolarga duch kelgan; sentyabrʻ oyida Nʻyu-Yorkda boʻlib oʻtgan tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida rahbarlar BMT Xavfsizlik Kengashiga yangi aʻʻzolarni qoʻshish jarayonini soddalashtiradigan modelʻ taklif qilishga urinishdi, ammo guruh kelishuvga erisha olmadi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini ham boʻlinishlarni chuqurlashtirdi. Bu Gʻarb boshchiligidagi sanktsiyalar va Rossiya bilan savdoni toʻxtatish uchun diplomatik bosimni keltirib chiqardi. BRIKS aʻʻzolarining aksariyati oʻrta yoʻlni tanladi, boshqa aʻʻzolar esa Gʻarb sanktsiyalarini eʻʻtiborsiz qoldirdi. Baʻʻzi tahlilchilar neftʻ va boshqa zarur mahsulotlarga nisbatan sanktsiyalar aslida BRIKS davlatlarini oʻzaro yaqinlashtirayotganini aytishmoqda.

Shu bilan birga, aʻʻzo mamlakatlardagi iqtisodiy va siyosiy beqarorlik BRIKS saʻʻy-harakatlariga boʻlgan ishonchni susaytirdi. Soʻnggi oʻn yil ichida Braziliya va Janubiy Afrika uzoq yillik tanazzul, surunkali korruptsiya va infratuzilmaning emirilishi bilan toʻqnash keldi. Boshqa asosiy boʻlinish chiziqlariga demokratlar va avtoritarlar oʻrtasidagi ziddiyatlar hamda Saudiya Arabistoni va Eron, Misr va Efiopiya oʻrtasidagi kelishmovchiliklar kiradi.

BRIKS nima uchun kengaymoqda?

Aʻʻzolikni kengaytirishga intilish blokdagi yana bir boʻlinish chizigʻidir. Xitoy va Rossiya kengayishni yoqlab chiqdi, Braziliya va Hindiston esa bu oʻz taʻʻsirini susaytirishidan xavotirda edi.

Misr va Efiopiyaning qoʻshilishi Afrika qitʻʻasi uchun manfaatli. Misr, shuningdek, Xitoy va Hindiston bilan yaqin savdo aloqalariga hamda Rossiya bilan siyosiy aloqalarga ega. Xitoy uzoq vaqtdan beri Sahroyi Kabirdan janubdagi uchinchi yirik iqtisodiyot boʻlgan Efiopiyani oʻziga jalb qilib kelgan: Pekin ushbu mamlakatga “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida milliardlab dollar sarmoya kiritgan.

Saudiya Arabistoni va BAAning qoʻshilishi arab dunyosidagi ikkita eng yirik iqtisodiyotni hamda dunyoda ikkinchi va sakkizinchi yirik neftʻ ishlab chiqaruvchilarni guruhga olib kiradi. Ular, shuningdek, boshqa mintaqalarda vositachilik rolini oʻynaydilar: Saudiya Arabistoni Sudandagi fuqarolar urushi va Ukrainadagi urush boʻyicha tinchlik muzokaralarini olib bormoqda. BAA Hindiston-Pokiston barqarorlik muzokaralarini oʻtkazmoqda va ikkala davlat ham oʻnlab yillar ichida birinchi bor Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish masalasini koʻrib chiqyapti.

Biroq yangi aʻʻzolarning kirishi Gʻarb bilan munosabatlarga oid savollarni ham oʻrtaga tashlaydi. Eron va Rossiya – AQSh taʻʻsiriga qarshi ashaddiy raqiblar, Xitoy esa AQSh bilan iqtisodiy va geosiyosiy raqobatga kirishgan.

Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy xitoylik hamkasbi Si Tszinʻpinga aytganidek, “Eronning blokka aʻʻzo boʻlishi Amerika yakkahokmiyatchiligiga qarshi turishdir”. Shunga qaramay, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrika AQSh bilan iliqroq munosabatlarga ega, shuningdek, Saudiya Arabistoni va BAA uning asosiy xavfsizlik hamkorlari hisoblanadi.

Gʻarb davlatlari bunga qanday munosabat bildirdi?

Gʻarb davlatlari guruhning oʻsishiga unchalik eʻʻtibor qaratmadi. Oq uyning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Vashington BRIKSni geosiyosiy raqib sifatida koʻrmaydi. Boshqa siyosiy tahlilchilar ham BRIKS mamlakatlarining intilishlari boʻrttirib koʻrsatilayotgani, guruh aʻʻzolarining ichki muammolari uning kuchayishi va samarali hamkorligiga salbiy taʻʻsir qilishini taʻʻkidlashmoqda.

Shunga qaramay, baʻʻzi evropalik siyosatchilar Gʻarbga qarshi kayfiyat tobora keskinlashib borayotganidan ogohlantirmoqda. Ular bu kengayishni Gʻarbning kam daromadli mamlakatlar ehtiyojlariga befarq munosabatining natijasi deb bilishadi.

“Gʻarbning Global Janub ehtiyojlariga nisbatan manmanlik bilan munosabatda boʻlishi haqidagi ayblov jiddiy. BRIKSning manfaatlari global moliya, savdo va boshqa standartlarni belgilash tartiblarini oʻzgartirishga qaratilgan ekan, bunga “qadriyatlarga asoslangan hamkorlik” va “qoidalarga asoslangan” koʻp tomonlamalikni taklif qilish orqali javob berib boʻlmaydi”, deb yozadi Germaniya xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti etakchi ilmiy xodimi Gyunter Mayxolʻd.

BRIKSni kelajakda nima kutib turibdi?

Rossiya joriy yilda BRIKSga raislik qilyapti va oktyabrʻ oyida Qozon shahrida boʻlib oʻtadigan sammitda “adolatli dunyo tartibini” oʻrnatish hamda mahalliy valyutalar va toʻlov tizimlariga oʻtishga eʻʻtibor qaratmoqchi. Rossiya boshchiligidagi BRIKS uchrashuvini Kremlʻ Ukrainadagi urushning uchinchi yilida davom ettirayotgan bir paytda oʻtkazmoqda; tahlilchilar Putin raislikdan Rossiya Gʻarb bosimi ostida yakkalanib qolmaganini koʻrsatish uchun foydalanishini kutishmoqda.

Rossiyaning blokni Gʻarbga qarshi yoʻnalishda olib borishga intilishiga qaramay, AQSh bilan yaqinroq aloqada boʻlgan Braziliya va Hindiston kabi aʻʻzolar bunga qarshilik koʻrsatishi mumkin. “Bu blokda hech kim oʻzini Gʻarb va Qoʻshma Shtatlar bilan ziddiyatga borib, Rossiyaning ahvoliga tushmoqchi emas”, deydi BMTdagi sobiq rossiyalik diplomat Boris Bondarev “The Washington Post” nashriga.

2024 yilga moʻljallangan boshqa ustuvor yoʻnalishlar qatoriga yangi aʻʻzolarni qabul qilish va BRIKSga toʻlaqonli aʻʻzo boʻlishdan tashqari hamkor mamlakatlarning yangi toifasini yaratish ham kiradi. Shu bilan birga, BRIKS allaqachon navbatdagi yangi oʻsishni ham rejalashtirmoqda.

 

Mavzuga aloqador