22.06.2024 09:45
BRIKS oʻz toʻlov tizimini yaratmoqda
Rossiya, Xitoy, Braziliya, Hindiston, Janubiy Afrika, Efiopiya, Misr, Eron va BAAni oʻz ichiga olgan BRIKS bloki oʻzining toʻlov tizimini yaratib, oktyabrʻ oyida amalda joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 19 iyunʻ kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sergey Ryabkov maʻʻlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, blok mamlakatlari yangi toʻlov tizimini BRIKS davlatlari rahbarlarining boʻlajak sammitida taqdim etadi – yigʻilish 22-24 oktyabrʻ kunlari Qozon shahrida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Ryabkovning aytishicha, 30 dan ortiq davlat blokka qoʻshilish istagini bildirgan. Yaqin orada Tailand va Belarus ittifoqqa qoʻshilishi mumkin.
Jumladan, Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Anqara BRIKSga qoʻshilishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi.
Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov mart oyida BRIKS blokcheyn va raqamli texnologiyalarga asoslangan toʻlov tizimini yaratish boʻyicha ish boshlaganini aytgandi.
"Biz mustaqil toʻlov tizimini yaratish kelajak uchun muhim maqsad, deb hisoblaymiz. Bu esa raqamli texnologiyalar va blokcheyn kabi zamonaviy vositalarga asoslanadi. Asosiysi, bu hukumatlar, oddiy odamlar va tadbirkorlar uchun qulay, shuningdek, iqtisodiy jihatdan foydali va siyosatdan xoli boʻlishi kerak", – degan edi u.