16.08.2024 17:35

Bosqinchilik urushlari Er sayyorasi uchun eng katta xavfdir

Umuman olganda, dunyo boʻylab harbiylar global issiqxona gazlari chiqindilarining yillik 5,5 foiziga sababchidir - bu aviatsiya va yuk tashish sanoatinikidan ham koʻproq. Yaqinda Londondagi Qirolicha Meri universiteti xodimlari Gʻazodagi soʻnggi qirgʻinning dastlabki 120 kunida hosil boʻlgan vayronalar 26 ta davlatning yillik chiqindilaridan koʻproq, degan xulosaga kelishdi – London Qirolicha Meri universiteti tadqiqotchilari maqolasidan.

 

Xalqaro hamjamiyat endilikda Er ekosistemasi ogʻir harbiy ishgʻollarga bardosh bera olmasligini nihoyat anglab etmoqda. Ular bu haqiqatni 7 oktyabrdan beri Gʻazoda sodir boʻlib kelayotgan dahshatli portlashlardan soʻng tushunishdi. Atrof-muhitni muhofaza qilish harakatining "Ishgʻol qilingan erda adolat yoʻq", shiorida ham shu maʻʻno mujassam.

Muttasil harbiy zoʻravonliklarga guvoh boʻlayotgan odamlar bombalar va raketalar Er va undagi hayotni qanchalik izdan chiqarishini yaxshi bilishadi.

Masalan, yaqinda Rimda Doimiy xalqlar tribunali (DXT) yurisdiktsiyasida boʻlib oʻtgan "Gʻarbiy Papuadagi ekologik zoʻravonlik" boʻyicha tinglovda Indoneziyaning etmish yildan ortiq davom etgan harbiy ishgʻoli sayyoramizdagi eng yirik biologik xilma-xillikka ega oʻrmonlardan birining asta-sekin yoʻqolishiga sabab boʻlgani haqida gapirildi.

Gʻarbiy Papua dunyodagi eng yirik mis va oltin konlaridan biriga egalik qiladi. Hududda suyultirilgan tabiiy gaz zavodi ham joylashgan. Qolaversa, Gʻarbiy Papua Indoneziyadagi palʻma yogʻi va bioyoqilgʻi plantatsiyalari eng tez rivojlanayotgan manzil hisoblanadi. Bu harbiy ishgʻol ostidagi sanoat tarmoqlarining barchasi oʻzidan zararli chiqindilarni qoldiradi.

Shu bois ham Rimdagi yigʻilishda taniqli papualik advokat Yan Kristian Varinussi shahardagilar yuzlashayotgan azob-uqubatlar va mintaqaning tabiiy resurslaridan foydalanish oʻrtasidagi bogʻliqlik haqida gapirdi. Atigi bir hafta oʻtgach, u nomaʻʻlum shaxs tomonidan otib ketildi va yaralandi. DXT kotibiyati hujum advokat "mintaqaning himoyasiz aholisi hamda atrof-muhitga qarshi sodir etilgan oʻtmishdagi va hozirgi zoʻravonlik"ni tasvirlab berganidan keyin sodir boʻlganini taʻʻkidladi. Varinussiga nisbatan suiqasd harbiy ishgʻol va ekologik zoʻravonlikning chambarchas bogʻliqligini yana bir bor tasdiqladi.

Umuman olganda, dunyo boʻylab harbiylar global issiqxona gazlari chiqindilarining yillik 5,5 foiziga sababchidir - bu aviatsiya va yuk tashish sanoatinikidan ham koʻproq. Yaqinda Londondagi Qirolicha Meri universiteti xodimlari Gʻazodagi soʻnggi qirgʻinning dastlabki 120 kunidagi vayronalar 26 ta davlatning yillik chiqindilaridan koʻproq, degan xulosaga kelishdi.

Ammo bu dahshatli statistika ham ishgʻolchilarning harbiy zoʻravonlik oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik fojiani anglashlariga etarli boʻlmayapti. Urush va ishgʻolning iqlimga taʻʻsiri shunchaki yon taʻʻsir yoki afsuslanarli oqibat emas. Masalan, Gʻazoda sodir boʻlayotgan voqealarni shunchaki ikki xil ayro oqibatlar sifatida tushunmaslik kerak: bir tomondan odamlarning oʻldirilishi, ikkinchi tomondan atrof-muhitga taʻʻsirlar. Aslida, odamlar va tabiat ajralmas hisoblanadi. Gʻazodagi genotsid (qirgʻin) ekotsid (ekologik qirgʻin) hamdir.

Vʻetnam urushida Amerika bosqinchilari zaharli kimyoviy moddalardan foydalanish orqali qishloq xoʻjaligiga zarar etkazish, shu tariqa odamlarni oʻz erlaridan haydab chiqarib, ularni "strategik qishloqlar"ga quvishni koʻzlagan edi. Vetkong tomonidan boshpana sifatida foydalanilgan oʻrmonlar ham AQSh harbiylari tomonidan aholining qarshilik koʻrsatish qobiliyatini pasaytirish uchun kesilib, yoʻq qilingan. Xalqaro huquqshunos va urushga qarshilik faoli Richard Falk bu holatni tasvirlash uchun "ekotsid" iborasini oʻylab topgandi.

Bu koʻplab harbiy operatsiyalarga xosdir: ishgʻochilar taktik jihatdan mahalliy aholining barqaror yashashi, suv va oziq-ovqat taʻʻminotini uzish uchun mazkur qora usuldan foydalanishgan .

2014 yildan beri Isroil bosqinchilari Falastin uylarini va boshqa muhim infratuzilmalarni buzib tashlash uchun kimyoviy qurollardan ham foydalanadi. Isroil harbiylari tomonidan havodan purkalgan gerbitsidlar Gʻazodagi ekin maydonlarini butunlay yoʻq qildi. Boshqacha qilib aytganda, Gʻazo 7 oktyabrdan ancha oldin Vʻetnamda amalga oshirilgan "ekotsid"ga duch keldi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, Gʻazodagi qishloq xoʻjaligi erlari va bogʻlarining kamida 50 foizi hozirda butunlay yoʻq qilingan. Koʻplab qadimiy zaytunzorlar vayron qilingan. Ekin maydonlari tanklar, traktorlar va boshqa transport vositalari yordamida tamoman tekislangan. Keng koʻlamli havo hujumlari Gʻazo sektorining issiqxona ishlab chiqarish quvvatlarini yaroqsiz holga keltirgan. Eng yomoni bularning barchasi vahshiylarcha, ongli ravishda amalga oshirilmoqda.

Suv taʻʻminoti va sanitariya inshootlarining butunlay vayron qilinishi va Gʻazo sektorida ocharchilikning davom etayotgani ham shunchaki oqibatlar emas, balki urushda oddiy aholiga nisbatan qasddan qoʻllanilayotgan yovuz taktikadir. Isroil harbiylari oddiy aholining ochligi va suvga muhtojligidan qurol sifatida foydalanmoqda. Albatta, bu holat hech bir falastinlik yoki Gʻarbiy Sohil uchun yangilik emas. Isroil uzoq yillar davomida oʻz ishgʻolini davom ettirish, falastinliklarni oʻz erlaridan haydab solish va yahudiylarning noqonuniy aholi punktlarini qurish uchun ushbu usullardan foydalanib kelmoqda.

Sionistlarning falastinliklarga etkazadigan zarari bevosita sayyoramizga etkazadigan uzoq muddatli zarari demakdir. Shu sababli, Gʻazodagi yoki boshqa biron bir joydagi genotsidni ekotsiddan ajratish mumkin emas. Hozir inson azob-uqubatlariga chek qoʻyish va kelajakda iqlim falokatining oldini olishdan manfaatdor har bir kishi barcha bosqinchilik urushlari va zulmlarning boshida turganlarga qarshi chiqishi kerak.

Devid Uayt, London Qirolicha Meri universitetining Iqlim adolati boʻyicha professori;

Samira Homerang Saunders, London Qirolicha Meri universitetining Iqlim jinoyatlari va iqlim adolati markazi ilmiy xodimi.

 

Mavzuga aloqador