17.04.2024 11:38

Bombalanayotgan Gʻazo: 194-kunning asosiy voqealari

Isroil Gʻazo sektorida bosqinchilik va qirgʻinbarot urushini boshlaganiga 194 kun boʻldi. 24 soat davomida Gʻazo sektori, Iordan daryosining Gʻarbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir boʻlgan asosiy voqealar.

▪️ Bosqinchilar Rafah, Nuseyrat lageri, Dayr al-Balah, Shujaya hududi va Magazi lageriga hujum qildi. Magazi va Rafahda halok boʻlgan 20 falastinlikning koʻpchiligi bolalardir. Urush boshlanganidan buyon 33 843 kishi shahid boʻldi, 76 575 kishi yaralandi.

▪️ Gʻarbiy Sohilda, Tubasda qarshilik jangchilari va bosqinchilar oʻrtasida shiddatli toʻqnashuvlar boʻlmoqda. Bosqinchilar Tulkarm, Baytlahm, Tubas va Xalilga bostirib kirdi.

▪️ Al-Qassam Brigadalari: Gʻazo shimolidagi Bayt Xanunda ishgʻol askarlariga hujum qildik.

▪️ BMT: Gʻazoda urush boshlanganidan beri 10 ming ayol, jumladan 6 ming onalar oʻldirilgan, natijada 19 ming bola etim qolgan.

▪️ Human Rights Watch: 2023 yil oktyabrʻ oyidan beri isroillik koʻchmanchilar Isroil hukumati va harbiylari koʻmagida Xalil va Ramallahdan ettita falastin jamoasini oʻz uylaridan butunlay quvib chiqarishdi.

▪️ Payshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashi Jazoirning Falastinni BMT aʻʻzoligiga qabul qilishni tavsiya qiluvchi rezolyutsiya loyihasiga ovoz beradi.

▪️ Eron quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni Kayumart Haydariy: erimizga hujum qilgan har bir kishi jazolanadi. Sionistik tuzilma har qanday tajovuzga javob berish uchun yangi qoida joriy qilganimizni bilishi kerak. Sionist mavjudotning bizga qarshi har qanday harakati shanba kungi operatsiyadan koʻra koʻproq kuch bilan kutib olinadi.

▪️ Isroil armiyasiga tegishli uchuvchisiz uchoq Livan janubidagi Sur shahri Shahabiya aholi punktida 2 ta avtomobilga zarba berishi oqibatida ikki kishi halok boʻldi. Isroil armiyasi Livan janubidagi Ayn-Baal shahrida Hizbullohning mintaqaviy zobitlaridan biri Ismoil Yusuf Baz oʻldirilganini eʻʻlon qildi.

▪️ Londondagi St Bartholomews’s Primary School maktabida tahsil oluvchi 10 yoshli Amayya Gʻazodagi bolalar uchun xayriya kampaniyasi uyushtirib, 10 ming dollar toʻplab va mablagʻlarni Save the Children tashkilotiga topshirdi.

▪️ Gretsiyaning sobiq moliya vaziri Yanis Varufakis: “Isroilning Gʻazodagi harakatlarini genotsid deb atashdan bosh tortayotgan Germaniya haqida gapirganim uchun Germaniya Ichki ishlar vazirligi oʻz mamlakatida har qanday siyosiy faoliyatda qatnashishimni taqiqladi. Menga nafaqat Germaniyaga tashrif buyurish, balki Zoom orqali uchrashuvlarda qatnashish ham taqiqlandi. Germaniya hech qachon oʻz aybini yuva olmaydi”.

▪️ 16 aprelʻ kuni Turk Qizil Yarim Oy jamiyati (Kızılay) tomonidan uyushtirilgan toʻqqizinchi gumanitar yordam kemasi Turkiya janubidagi Mersin portidan Gʻazo tomon yoʻlga chiqdi. Kema 3 774 tonna yordam olib ketmoqda, bu yordam Misrning El Arish portiga taxminan 40 soatda etib borishi kutilmoqda.

 

Mavzuga aloqador