27.11.2024 09:31

BAAda ravvinni oʻldirgan oʻzbekistonliklar Turkiyada qanday qoʻlga olindi?



Milliyet nashrining xavfsizlik kuchlaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, BAAda ravvin Tsvi Koganni oʻldirgan uch nafar oʻzbekistonlik Istanbul aeroportidan chiqib, taksida ketayotganida MİT va politsiyaning maxsus amaliyotida qoʻlga olinib, BAAga topshirgan.


Xavfsizlik manbalaridan olingan maʻʻlumotlarga koʻra, Birlashgan Arab Amirliklarida oʻldirilgan Isroil/Moldova fuqarosi Ravvin Tsvi Koganning qotillari Turkiyada Milliy razvedka tashkiloti (MİT) va politsiya tomonidan uyushtirilgan maxfiy operatsiyada qoʻlga olindi, deya xabar qildi Milliyet nashri.


Qayd etilishicha, 2020 yildan buyon Dubayda Kosher doʻkonini yuritib kelgan ravvin Koganni oʻldirgan uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi qochib ketgani aniqlangach, BAA hukumati Turkiyadan yordam soʻragan. MİT ham ularni ushlash uchun ishga kirishgan.

Shaxslar Istanbulga qoʻnganida, politsiya kuchlari ularni kuzatishni boshlagan. Ular mingan taksi MİT va politsiya tomonidan bosqichma-bosqich kuzatilgan.

Politsiya guruhlari yoʻl harakati nazorati uchun taksini toʻxtatgan va hujjatlarni tekshirish natijasida BAA tomonidan qidirilayotgan 3 kishini qoʻlga olgan.  

Ravvini oʻldirganlikda gumonlanayotgan 28 yoshli Olimboy Tohirovich, 28 yoshli Mahmudjon Abdurrahim va 33 yoshli Azizbek Kamilovich jinoyat sodir etilgan davlat – BAAga ekstraditsiya qilingan.

Ravvin Tsvi Kogan oʻtgan payshanba kuni tushdan keyin BAA poytaxti Abu-Dabida gʻoyib boʻlgandi. Isroil matbuotida chop etilgan xabarga koʻra, ravvin Koganning boʻlaklangan jasadi topilgan.

Mavzuga aloqador