25.07.2024 15:30

10 kun ichida Isroilning Livanga uyushtirgan hujumlari natijasida 540 ga yaqin kishi halok boʻldi

Isroil 15 iyuldan buyon Livan janubiga 5736 marotaba hujum uyushtirib, 540 ga yaqin kishining oʻlimiga sababchi boʻldi. 1850 kishi jarohatlangan. Shuningdek, 1800 gektardan ziyod maydon yongan, 28 mingga yaqin oila xavfsiz hududlarga koʻchirilgan. Isroil tomonida ham yoʻqotishlar mavjud. Xususan, mamlakat shimolidagi 43 ta aholi punkti evakuatsiya qilingan, 1500 dan ortiq bino, transport vositalari va infratuzilmaga zarar etgan.

Livan parlamentining tashqi ishlar qoʻmitasi rahbari, qonunchi Fadi Alamaga koʻra, 15 iyulʻ kuni janglar boshlanganidan beri Livan janubidagi minglab hujumlarda 540 ga yaqin odam halok boʻlgan va yuzlab odamlar jarohatlangan, deya xabar qildi Arab News.

Deputatning maʻʻlum qilishicha, 5736 hujum natijasida 538 kishi halok boʻlgan va 1850 kishi jarohat olgan.

Tashqi ishlar qoʻmitasi chorshanba kuni Evropa Ittifoqi, Shveytsariya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Kanadaning bir qancha elchilari bilan uchrashib, Isroilning Livan janubiga uyushtirishda davom etayotgan hujumlari natijalarini taqdim etdi.

Deputat Alamaning aytishicha, “biz Isroil dushmani tomonidan ataylab yoqib yuborilgan 1800 gektar maydon haqida gapirganda, diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari hayratda qolishdi. Shuningdek, hujumga uchragan maktablar soni hamda oʻqishni yakunlay olmagan va boshqa joyga koʻchib ketgan oʻquvchilar soni ham ularni hayratda qoldirdi. Bundan tashqari, ularga har kuni hujum qilinayotgan hududlardan koʻchirilgan 28 ming yangi oila haqida maʻʻlumot berildi”.

Parlament aʻʻzosining aytishicha, hukumat imkon qadar tezroq reja va yoʻl xaritasini ishlab chiqishi kerak.

Parlamentning Tashqi aloqalar qoʻmitasi aʻʻzosi, deputat Vael Abu Faurning aytishicha, "Isroil hujumlarining insoniy, tibbiy, shahar, qishloq xoʻjaligi va atrof-muhit xarajatlari juda katta boʻldi. Livan institutlarining dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, boshqa zarar va yoʻqotishlarga qoʻshimcha ravishda, hozirgi vaqtda taxminan 2 milliard dollar xarajat bor.

Chorshanba kuni Hizbulloh va Isroil armiyasi oʻrtasidagi janglar davom etdi. Isroil matbuotiga koʻra, mamlakat shimolida 43 ta aholi punkti evakuatsiya qilingan, 1500 dan ortiq bino, transport vositalari va infratuzilmaga zarar etgan. Bundan tashqari, Hizbullohning zarbalari tufayli oltita sanoat zonasi zarar koʻrdi va yuzlab korxonalar yopilishga majbur boʻldi.

Mavzuga aloqador