Ummatimizning birlamchilik fiqhiga boʻlgan ehtiyoji | 1 - qism
Kim turmush tarzimizga har tomonlama razm soladigan boʻlsa, millatimizda (moddiy-maъnaviy, fikriy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy – har tomonlama) birlamchi masalalarni belgilash mezoni toʻlaqonli buzib tashlanganligini koʻradi.
Oʻzimiz ham musulmon diyorlarning barining holatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, kishini ajabga soladigan mantiqqa zid ishlarga koʻzimiz tushadi.
Misol sifatida aytadigan boʻlsak, diyorlarimizda sanъat va dabdabaga boʻlgan eъtibor doim ilm-fan va taъlimga boʻlgan eъtibordan kuchli boʻlgan.
Yoki yoshlarimizning mashgʻulotini olaylik: yoshlarimizning jismoniy mashgʻulotlarga aqliy mashgʻulotlardan koʻra koʻproq ahamiyat berishadi. Xuddiki ular uchun jismdan boshqa ahamiyat talab qiladigan narsa yoʻqdek. Oʻzimiz oʻylab koʻraylikchi, insonni inson qilib turgan narsa uning tanasimi yoki aqli?!
Lekin biz bugungi tushuncha va xatti-harakatlarimizdan kelib chiqib xulosa qiladigan boʻlsak, insonni inson qilib turgan birlamchi narsa – uning tanasi va mushaklari boʻlib chiqmoqda.
Oʻtgan yili yozda (1993 yili) Misr aholisining ogʻzi bir futbolchi haqidagi gap-soʻzlar bilan toʻla edi. Bu futbolchi sotuvga chiqarilib, uning narxi klublar oʻrtasidagi raqobat natijasida toʻrt million junayh deb belgilandi.
Qaniydi ahamiyat berganda ham barcha insonlarning kundalik turmushlarida foydali boʻladigan mashgʻulotlarga ahamiyat berilsa.. Lekin ularning eъtiborlari faqatgina musobaqalar va futbol kabi bir nechta oʻyinchi oʻynaydigan, qolganlar esa faqat tomosho qiladigan mashgʻulotlarga qaratilgan.
Shu tariqa olim, adib, mufakkir yoki daъvatchilar emas, ana shu tomoshabinlar tomonidan “sanъatchi” deb ataladigan kishilar va toʻpchilar jamiyatning ziyolisi va koʻzga koʻringan ismlariga aylangan.
Nashr va jurnallar, telekanal va radiolarda faqatgina ana shular haqida, ularning qilmishlari, "qahramonlik"lari va hayoti haqidagi gaplar aylanadi. Qolgan shaxsiyatlar esa panada qolib, unutilib ketadilar.
Bir sanatchi oʻlsa, uning oʻlimi sababli er larzaga keladi. Nashrlar ana shu kimsalar haqida toʻlib toshadi. Lekin biror bir olim, adib yoki ustoz vafot topadigan boʻlsa, kimdir payqamaydi ham.
Moliyalashtirish tomoniga nazar soladigan boʻlsangiz, sport, sanъat, media ishlari va boshqa sohalarga aql bovar qilmaydigan darajada haddan oshiq katta mablagʻlar sarflanadi. Lekin hech kim "bu harajatlar nima uchun?" deb soʻrolmaydi.
Ayni paytda esa, taъlimchilar, tibbiyotchilar, diniy-maъrifiy faoliyat egalari va boshqa asosiy xizmat sohasi egalari sohani rivojlantirish masalasida ularga nisbatan ziqnalik qilinayotganidan va koʻp imkoniyatlardan mosuvo ekanliklaridan shikoyat qilayotgan boʻlishadi. Qisqacha qilib aytganda, bir joyda ziqnalik, yana boshqa joyda isrofga yoʻl qoʻyilayotgan boʻladi. Xuddi Ibn Muqaffaъ aytganidek: "qachon bir isrofgarchilikni koʻrgan boʻlsam, u bilan birga albatta, qandaydir haqlar zoe qilinayotgan boʻladi".
Shayx Yusuf Qarzoviy, “Birlamchi masalalar fiqhi” kitobi