04.06.2025 07:23
78

Musofir hamda voyaga etmaganlarga qurbonlik qilish mumkinmi?



Fuqaholar qurbonlik soʻyish musulmon, hur, balogʻatga etgan va muqim boʻlib, nisobga ega boʻlgan kimsaga vojib boʻlishida ittifoq qilganlar.

Ushbu maqolada oʻzi musulmon, hur, balogʻatga etgan va nisobga ega boʻla turib Qurbon hayiti kunlarida safarda boʻlgan kimsa bilan voyaga etmagan kimsaning qurbonlik qilish haqida soʻz yuritamiz.

Birinchi boʻlib musofir kimsaning qurbonlik qilishi haqida gapiradigan boʻlsak, Hanafiy mazhabiga koʻra, musofir kimsa uchun qurbonlik soʻyish vojib emas. Chunki Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumolar safardaliklarida qurbonlik soʻymas edilar. Bu borada Aliy roziyallohu anhu “musofir kimsa uchun juma namozi ham, qurbonlik soʻyish ham yoʻq”, deb aytganlar. Chunki safarda qurbonlik soʻyish insonga bir qator mashaqqatlarni yuklaydi. Qolaversa, ushbu ibodatlar maxsus vaqtlarda ado etilganligi sababli vaqti oʻtib ketgach uni bajarishning imkoni ham boʻlmaydi. Shu sababli shariatimiz musofirdan mashaqqatni aritish maqsadida undan juma namozini oʻqish va qurbonlik soʻyishni talab qilmaydi.

Musulmon, hur, muqim va nisob egasi boʻlsa-da, hali balogʻatga etmagan kimsaning qurbonlik soʻyishiga kelsak, Hanafiy mazhabiga koʻra, balogʻatga etmagan kimsaning qurbonlik soʻyishi vojib emas, mustahab amal hisoblanadi.

Agar ota voyaga etmagan bolasining nomidan qoʻrbonlik qilmoqchi boʻlsa, qurbonlikni bolasining pulidan emas, oʻzining pulidan soʻyadi.

Vahba Zuhayliyning "Islom fiqhi va uning dalillari" kitobi asosida tayyorlandi

Mavzuga aloqador