03.06.2025 15:12
250

Qurbonlik toʻgʻri boʻlishi uchun nimalarga eъtiborli boʻlish lozim?


 

Qurbonlikning Alloh taoloning nazdida maqbul boʻlishi uchun uni toʻgʻri amalga oshirish lozim boʻladi. Qurbonlik soʻyuvchi moʻmin ushbu amalni yilda bir marta va Robbining roziligi uchun amalga oshiradi. Shunday ekan, ushbu ishni qabul qiluvchi Zotga yarashadigan koʻrinishda amalga oshirishda bizning samimiyligimiz va ixlosimiz aks etadi.

 

Alloh taolo Qurъoni karimda insoniyatning boshi boʻlmish Odam alayhissalomning ikki oʻgʻillari tomonidan qilingan qurbonlikni zikr qilib shunday deydi: “ularga Odamning ikki oʻgʻli xabarini haq ila tilovat qilib ber. Oʻshanda ikkovlari qurbonlik qildilar, bas, birlaridan qabul qilindi, boshqasidan qabul qilinmadi. U: “Albatta, men seni oʻldirajakman”, dedi. (Narigisi) aytdiki: “Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladir”, (Moida surasi, 27 oyat).

 

Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladi. U zot bandalariga engillik istashi bilan birga eng goʻzal shakilda ibodat qilinishga ham loyiqdir. Bizga oʻrnak shaxsiyat boʻlmish Abu Dardo roziyallohu anhu oʻzlarining bandaliklarini quyidagi soʻzlar bilan izhor qiladilar: “Allohning namozlarimdan birginasini mendan qabul qilganligini bilishim men uchun dunyo va undagi narsalardan koʻra sevimliroqdir”.

 

Qurbonligimizni toʻgʻri amalga oshishi uchun bizdan nima talab qilinadi?

 

Qurbonlikning toʻgʻri amalga oshishi uchun bizdan quyidagilar talab qilinadi:

 

Birinchisi: qurbonlik qilinadigan hayvonning goʻshiga va salomatligiga zarar beradigan ayt-nuqsondan xoli boʻlishi.

 

Mana shunday nuqsonga sabab boʻlishida ittifoq qilingan toʻrt xil ayb bor. Ular: hayvonning bir koʻzi koʻrligi oshkora boʻlishi; oshkora kasal boʻlishi; choʻloq boʻlishi; oʻta ozgʻin boʻlishi. Ushbu ayblar Baro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisga binoan qurbonlikka mone sanaladi.

Ikkinchisi: qurbonlikning maxsus vaqtda amalga oshirish. Hanafiy mazhabiga koʻra ushbu maxsus vaqt – qurbon hayitining uch kuni. Yaъni, uch hayit kunining kunduzi va birinchi-ikkinchi hayit kunlarining tuni. Uchinchi hayit kunining tuni hayitdan hisoblanmaydi.

 

Shu bilan birga eslatish lozimki, tunda qurbonlik qilish tanzihan makruh hisoblanadi. Shu bilan birga qurbonlikni soʻyish uchun musulmon qassobni yollash mustahab ish sanaladi.

Mavzuga aloqador