06.04.2025 11:36
269

“Musulmon ayolning pardoz kitobi" – "Ziynat" soʻzining asl maъnosi va uning sharъiy asoslari

BIRINChI FASL

Ziynat soʻzining asl maъnosi va uning sharъiy asoslari

Ziynat taъrifi.

Ziynatning sharъiy dalillari va qoidalari

Ziynat turlari

“Ziynat” soʻzi lugʻatda har qanday chiroyli narsaga nisbatan ishlatilib, biror narsani goʻzal qilish maъnosini ham ifodalaydi.

U xunukning antonimi boʻlib, diniy va madaniy tantanalarga ham nisbatan ishlatiladi.

Azhariy ziynatni shunday taъriflagan:.

 “Ziynat” deb barcha chiroy beradigan va insonga chiroyli koʻrsatilgan narsalarga nisbatan aytiladi. Masalan, ziynatli kun, deyilsa, bundan bayram kunlarini tushunish mumkin”, deb taъriflagan.

 Istilohda esa, lugʻaviy maъnosi bilan birga, insonga xush koʻrsatilgan  tantanalar,  madaniy tadbirlarga nisbatan ham ishlatiladi.

Ulamolar uning lugʻaviy maъnosiga tayanib, shunday taъriflaganlar:

“Ziynat – goʻzallashish, asliy mavjud narsaga ziyoda qoʻshib, bezak berish”, deydilar. 

Ziynat qisqacha aytganda, uch xil boʻladi:

Nafsiy ziynat – ilm va goʻzal eъtiqod. Alloh taolo Qurъoni karimda: 

“Bu, Alloh tomonidan fazl va neъmatdir. Alloh biluvchi va hikmatli zotdir”

Badaniy ziynat – kuchli boʻlish, uzun boʻyli boʻlish va shu kabi insoniy chiroylar.

Tashqi ziynat -  bu mol-mulkning koʻp boʻlishi, shon-shuhrat va boshqalar. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: 

“Bas, u (Qorun) qavmi huzuriga zebu ziynati ila chiqdi. Hayoti dunyoni xohlaydiganlar: “Qani endi bizga ham Qorunga berilgan narsadan boʻlsa edi. Haqiqatan, u ulugʻ nasiba egasidir”, dedilar.”

Ziynat haqidagi yuqoridagi taъriflardan kelib chiqib, u inson bezanishi mumkin boʻlgan barcha goʻzal narsalarga nisbatan ishlatilishi, ichki va tashqi, xalqiy va xulqiy goʻzal sifatlarning barchasini qamrab olishini xulosa qilish mumkin.

IKKINChI BOʻLIM

Ziynatlanishning mashruъligi va uning meъyorlari

Birinchi qism.

Qurъoni karimdan dalillar

Qurъoni karimning koʻplab joylarida ziynatva ziynat libosi haqida  oyatlar vorid boʻlgan. quyida mana shular haqida mufassal toʻxalib oʻtamiz.

“Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratlaringizni toʻsadigan libos va ziynat libosini nozil qildik.  Taqvo libosi, ana oʻsha yaxshidir. Ana oʻshalar, Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki, eslasalar”

Alloh subhanahu va taolo  ushbu oyati karima orqali Bani Odamga qilgan murojaati boshida ularning avratlarini yopadigan liboslarni paydo qilib qoʻyganini, uni tayyorlash uchun paxta, kanop, ipak, jun va boshqa xomashyolar tushirganini taъkidlamoqda. Insonlar mana shu orqali oʻzlarini yasantiradilar, goʻzallashtiradilar. Shu bilan birga, ushbu xitob orqali satri avratda boʻlish ham vahiy qilinmoqda. Avratni yopadigan liboslar ham chiroy hisolanib, unda bir qancha ilohiy hikmat va maqsalar bor. ushbu oyatda  inson libos tikish vositalariga ega qilingani, taqvo talabida boʻlishi va Alloh taoloning haqqiga rioya qilishi lozimligi taъkidlanadi.

Alloh taolo Qurъonda: “Ey Odam bolalari, har bir ibodat chogʻida oʻz ziynatingizni oling”,  U zot bu oyatda nafaqat musulmonlar, balki, barcha Odam farzandlariga xitob qilib, masjidlar oldida ziynat libosini olishga va u bilan avratlarini  toʻsishga amr qilgan. Mana shu insoniy liboslar uning obroʻsini himoya qiladi, jamiyatda tutgan oʻrnini, boshqa jonzotlardan ajralib turishini taъminlaydi.libos – oʻz doirasida ziynat turlaridan biri boʻlib, sharъiy ziynatlanish  qonunlar asosida taъkidlangan.

Boshqa bir oyatda: “Alloh Oʻz bandalariga chiqargan ziynatlarni va pokiza rizqlarni kim harom qildi?”- deb ayt”, deb marhamat qilgan.

Ushbu oyat tafsirida Shavkaniy rahimahulloh “Fathul-Qodir” asrida shunday deydi: “Oyati karima ziynat – bu inson orolanishi mumkin boʻlgan libos va  muboh boʻlgan va u haqida biror qaytariq vorid boʻlmagan maъdanlar ekanini bayon qilib kelmoqda. Qimmatbaho toshlar, Alloh taolo harom qilmagan matolardan boʻlgan liboslarni ishlatishda hech bir zarari yoʻq. Musulmon kishi uchun  sharъan man qilinmagan va ziynat sirasiga kiritilgan har qanday narsa bilan yasanishining zarari yoʻq”.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Zebu-ziynat ichida oʻstirilgan va xusumat paytida ochiq-oydin boʻla olmaydigan kimsanimi?”

Ushbu oyati karima kofirlarning Allohning qizlari bor, degan manfur daъvolariga inkor oʻlaroq nozil boʻlgan. Shubhasiz, Haq subhanahu va taolo bu iddaolardan  ulugʻ va buyukdir. Bundan tashqari, oyatda ziynatning ayollar uchun mashruъ ekani ham taъkidlanmoqda, ayol kishining ziynat turlaridan boʻlgan  taqinchoq va bezaklarga qiziquvchan qilib yaratilgania ham ishora qilinmoqda.

Alloh taolo “Nur” surasida: “Moʻminalarga ayt: koʻzlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini koʻrsatmasinlar, magar koʻrinib turgan ziynatlar boʻlsa (mayli)”, deb amr qilgan.

Zamaxshariy “Kashshof” asarida ushbu oyani quyidagicha tafsir qilgan: “Oyatdan maъlum boʻladi-ki, har qanday taqinchoq va bezak bilan orolanish ayolning haqlaridan biridir. Ammo, sharti shuki, ayol bularni mahramlari va eridan boshqaga koʻrsatmasin. bu ish unga halol boʻlmaydi”.

Mana shu oyat ziynatning shariatga kiritilishi bir qancha qoidalar asosida boʻlsa-da, aslida ayollar uchun joriy boʻlganiga dalolat qiladi. 

Mavzuga aloqador