13.03.2025 10:34

Musulmon ayol



Oradan vaqtlar oʻtib, risolat zamoni – saodat asri boshlandi. Bu  asrda ham ayollar hanuz ziynatlari bilan ovora, uni saqlash, har qanday yoʻl va vositalar bilan boʻlmasin, namoyish qilishda davom etar edilar. 

Ana shundoq bir vaziyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam risolatni keltirib, ayollarning bunday adashish va gʻaflat zulmatidan hidoyat nuriga olib chiqdilar. 

Bu davrda ham muslimalar oʻz zeb-ziynatlariga eъtiborli edilar, ammo bu ish muayyan meъyorlarga  muvofiq amalga oshirilar edi. Ular ziynatlanar edilar va bu ish Alloh subhanahu va taoloning koʻrsatmasi asosida boʻlar,  Uning Sen moʻminalarga ayt: «Koʻzlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini koʻrsatmasinlar, magar zohir boʻlgan ziynatlar boʻlsa (mayli). Roʻmollarini koʻksilariga toʻsib yursinlar, va “Ey Nabiy, juftlaringga, qizlaringga va moʻminlarning ayollariga ayt: jilboblarini oʻzlariga yaqin qilsinlar. Ana oʻsha ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir. Alloh oʻta magʻfiratli va rahmli zotdir” ,  degan amriga boʻyinsungan holda uni bekitar edilar.

Johiliyat asri oʻz nomi bilan johillar zamoni edi. Paygʻambarimizning risolatlari kelmay turib ayollarga shumlanib, nafrat va tahqirona nazar bilan qarashar edi. Hammadan ham yomoni, bu munosabatni ayollarning oʻzi ham tabiiy holdek qabul qilishgan. Islom kelgach, ulardan bu xorliklar koʻtarildi, ayollar boshning tepasidan oyoqning tovonigacha bekitib yurish bilan oʻzlarida boshqacha bir rohatni his eta boshladilar. Muslimalar boshlariga yopinchiqlar tashladilar, egnilariga keng-moʻl liboslar ildilar va yanada rohatni tuyish, emin-erkin yurish maqsadida, paranji ham yopinishdi.  Allohning amrlarini  goʻzal qilib bajarishga haris ayollar bularga qoʻshimcha tarzda, yuzlarini faqat koʻzlari koʻrinadigan qilib chashmband bilan ham toʻsib oldilar

Johiliyat asrida ham ayollar boshlariga roʻmol tashlab yurar edilar, ammo u ochiq koʻksilarini, ziynatlarini berkitmas, aksincha, ularni yanada koʻz-koʻzlab qoʻyar edi. Alloh taolo ayolni Islom ila aziz qilgach, u fikr qorongʻuligidan, hidoyat nuriga chiqdi.  Necha asrlardan buyon kiyib yurgan liboslarida faqat bitta narsa – roʻmol va chachvonning oʻralish uslubi oʻzgardi. Ilgari johiliyat asrida roʻmollar orqaga tashlab qoʻyilgan boʻlsa, risolat asrida uning uchlari koʻksini toʻsib turadigan boʻldi. Liboslar oʻzgargani bilan ayolning shaъni tahqirlanmadi. Uning koʻrinishi  tashqi chiroydan koʻra mukammal va yaxshiroq boʻlgan maъnaviy goʻzallik bilan uygʻunlashdi. Bu goʻzallik Alloh taoloning chaqirigʻiga labbay deyish ila yanada mukammallashdi.

Quyida saodat asri ayollarining kiyinish uslublari haqidagi hadislardan namunalar keltiramiz:

Imom Molik rahimahulloh rivoyat qilishicha:  “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollari Oisha roziyallohu anho uzun, keng koʻylak va roʻmolda namoz oʻqir edilar”, degan.

Maymuna roziyallohu anhoning qaramoqlarida  ulgʻaygan Ubaydulloh ibn Asvad Xavloniydan rivoyat qilinadi: “Maymuna roziyallohu anho keng va uzun koʻylak hamda roʻmol bilan namoz oʻqir edi. Ustida izori boʻlmasdi”, deb rivoyat qiladi.

Hishom ibn Urva ning otasidan bir ayol fatvo soʻrab: “Menga izorning ipi qiyinchilik paydo qiladi. Shuning uchun faqat uzun koʻylak va roʻmolda namoz oʻqisam boʻladimi?” degani va otasining: “Ha,  agar koʻylaging keng va oyoqni yopadigan darajada uzun boʻlsa”, deganini rivoyat qilgan.

Ayol kishi ipak, paxta, kanopdan toʻqilgan qora, qizil, koʻk, oq va sariq rangli matolardan koʻylak kiyishi joiz.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga yoʻl-yoʻl chiziqli ipak aralashtirib toʻqilgan kiyim hadya qildilar. Uni  kiyib chiqqan edim, Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarida gʻazab paydo boʻlganini koʻrdim. Shunda uni qirqib ayollarimga ulashdim”.

Anas ibn Molikdan: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Kulsumning ustiga yoʻl-yoʻl chiziqli ipak burda yopib qoʻyilganini koʻrganman”, degani rivoyat qilinadi.

Mujohid rahimahullohdan: “Ayollarga tilla va ipak kiyishga ruxsat berilgan”, deb “Zebu ziynat ichida oʻstiriladigan va xusumat paytida ochiq-oydin boʻla olmaydigan kimsanimi?!” oyatini oʻqiganlari rivoyat qilinadi. 

Maъlumki, qiz bola nozik boʻladi. Ayol tabiatan zebu ziynatni sevadi. Shu bois u zebu ziynat va bezaklar ichida, avaylab oʻstiriladi. 

Ibn Abbos: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayit kuni chiqib ikki rakaat namoz oʻqidilar.  Bundan oldin ham keyin ham oʻqimadilar. Keyin ayollar qoshiga borib, sadaqa berishga buyurgan edilar., ular xurs – tilla va kumush uzuklari, munchoqlarini sadaqa qila boshladilar”.

Ibn Vahb unga qoʻshimcha qilib: “U zot ayollarning qoshiga kelib, sadaqa berishlarini amr qildilar. Shunda ular fatax  (koʻzsiz, erkaklar uzugga oʻxshash uzuk) larini va uzuklarini Bilolning etagiga tashlay boshlashdi”. 

Ibn Abbos: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarga sadaqa qilishni amr etdilar. Men ularning quloqlariga qoʻllarini uzatib, sirgʻalarini olayotganlarini koʻrdim”, degan.

Ayol kishi taqinchoqlarning har qanday turidan foydalanishi mumkin. chunonchi: bilakuzuk, xolxol, uzuk, zirak, munchoq, tillaqosh, dur, tilla zanjir va hokazo. 

Bugungi kunda ham ayollar pardoz uchun turli boʻyoqlar, surma va turlima-turli atirlardan, rangni oqartiruvchi  skrablar, rumyanalar, tonalniy kremlar kabi ayolni ziynatlaydigan, rangi koʻrinib, hidi bilinmaydigan vositalardan keng foydalanadilar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Avf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Uning qoʻlida bir sariq dogʻ bor edi.  U zot bu nimaning dogʻi ekanini soʻradilar.  U bir ansoriya ayolga uylanganini aytdi. U zot: “Unga qancha mahr berding?”, dedilar. U: “Danakdek keladigan oltin”, dedi. “Bir qoʻy soʻyib boʻlsa ham toʻy qilgin”, dedilar”

Imom Muslim oʻzining “Sahihi Muslim”  asarida vidolashuv haji haqida keltirgan bir hadisda: “Ali yamandan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning  tuyalarini haydab keldi. Bu erda u Fotimaning ehromdan chiqib, boʻyoqli libos kiygani va surma qoʻyib olganini koʻrdi.  Ali roziyallohu anhu bunga eъtiroz bildirgan edi,  Fotima roziyallohu anho: “Buni mega otam buyurdilar”, dedi.”

Abu Hurayra roziyallohu anhu dan rivoyat qilingan hadisada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Yahudiy va nasorolar boʻyoq ishlatmaydilar. Sizlar ularga xilof qilinglar”, deganlari aytilgan.

Anas roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning erkak kishini zaъfaron ishlatirshdan qaytarganlari haqida aytganlar.

Yuqoridagi qadimiy liboslar, zeb-ziynat va pardoz ashyolari haqida mulohaza qilinsa,  ayollar bugunda ham chiroylarini saqlashda ulardan imkon qadar foydalanayotganini koʻrish mumkin. Ammo ayollarning bu boradagi sharъiy qoidalarga rioya qilishlari va eъtiborlari asl holida saqlanib qolganmi?