07.03.2025 16:29

“Musulmon ayolning pardoz kitobi" (1-qism)

Kirish


Zeb-ziynat va goʻzallikka oshnolik inson tabiatiga xos narsalardan biri boʻlib, u Alloh taolo bashariyatni yaratishidan ham ilgari mavjud edi. Alloh taolo Qurъonda: “Batahqiq, insonni eng yaxshi suvratda yaratdik”,[1] deb marhamat qilgan.  Mazkur  qurъoniy xabar bizga inson koʻrinishining goʻzal qilingani haqida hikoya qiladi. Ushbu goʻzallikning mehvari Odam alayhissalom edilar. Shayton uni shu darajada vasvasaga soldiki, natijada Allohning buyrugʻini unutdi. Man etilgan joyga borib, daraxtning mevasidan eyishni koʻziga chiroyli qilib koʻrsatilishi natijasida Odam va uning ayoli xatoga qoʻl urdi. Inson koʻziga bezab koʻrsatilgan bu vasvasa ularning tabiiy chiroylari ketib, avratlarining ochilib qolishi va erga tushirilishlariga olib bordi. Keyin Alloh taolo ularga yopinib olishlari uchun liboslar tushirdi.

Alloh subhanahu va taolo bu liboslar Oʻzining tortigʻi ekanligini bizga eslatib, shu bilan birga xushyorlikka ham chorlab, kalomida  bunday zikr qildi: “Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizning toʻsadigan libos va ziynat libosini  nozil qildik. Taqvo libosi, ana oʻsha yaxshidir. Ana oʻshalar, Allohning oyat-elgilaridandir. Shoyadki, eslasalar”[2].

Bu oyati karima taqozosiga koʻra, libos ikki xil vazifani bajaradi: avratlarni toʻsish va kiyinish orqali goʻzallik kasb etish. Oyatda kelgan “riysh” lafzining maъnosi pardoz kiyimi boʻlib, u qushlarning patidan istiora qilingan, chunki pat qushning kiyimi va bezagidir.

Libosni oʻz oʻrnida, yaъni, shariatga muvofiq ishlata bilgan inson ziynatli hisoblanadi[3].

 

Islomdan avvalgi ayollarning pardozi

Chiroyli kiyinish va boshqa chiroyga taalluqli vositalarga qiziqish yaqindagina paydo boʻlib qolgan narsa boʻlmay, ulardan foydalanish tarixi oʻn ming yillardan koʻproq davrga borib taqaladi Masalan, Misr firъavnlari va malikalari yuzlarining silliq va tarang koʻrinishini saqlash maqsadida, tabiiy atirlar va oʻsimlik ekstraktlaridan keng foydalanishgan.  Arxeolog olimlari qadimgi Misr firъavnlari qabrida olib borgan qazilmalari jarayonida, koʻplab pardoz-andoz vositalari qoldiqlarini topishgan. Bu vositalar atir, xushboʻy yogʻlar, koʻmir va qoʻrgʻoshin asosida tayyorlangan surmalardan iborat boʻlgan.

Misr podshosi Firъavn toʻrtinchining xotini, Misr malikasi Nefirtiti qoʻl va oyoq tirnoqlarini yoqut rangiga, lablarini och qizilga boʻyab, koʻziga toza koʻmir kukunidan surma surib yurgan.

Yuqorida aytib oʻtilgan pardoz vositalari firъavn oilasi ayollaridan boshqa oddiy xalq ayollariga taъqiqlangan edi.  Bundan tashqari,  miloddan avval  Misrni ellik yil davomida boshqargan Kleopatra ettinchi ham oʻziga oro berishi va goʻzalligi bilan mashhur boʻlgan. U yonoqlarini xushboʻy atirgul kukuni bilan orolagan. Uning uchun bu vosita sharqiy Afrikadan maxsus keltirilar edi.  U yuqori qovoqlarini moviy, pastini esa toʻq yashil rangga boʻyab yurgan.

Qadimda chiroy haqidagi tasavvurlar faqatgina shu bilan chegaralanib qolmagan, albatta. Bu narsa nafaqat tashqi  koʻrinish, balki, mol-dunyo va dabdaba orqali ham namoyish etilgan.  Ayrim tafsir kitoblarida Qorun qissasi keltirilgan boʻlib, u uylanayotgan chogʻida yasan-tusan qilib, toʻq qizil rangli argʻuvon va oltindan ishlangan egar bilan egarlangan boʻz xachirida koʻchaga chiqadi. Aytishlaricha, uning yonida oʻziga oʻxshagan fasonda kiyingan toʻrt ming otliq boʻlib, otlarining ustida qizil shoyidan tikilgan yopinchiqlari boʻlgan. Oʻng tomonida uch ming xizmatkor, chap tomonida taqinchoq taqib, qizil shoyi kiyib olgan, oppoq rangli uch ming oqsoch boʻlgan. Shuningdek u oʻzi bilan birga etti mingta qizil ipak mato kiygan qizlarni ham olib chiqqan. Bu voqea er yuzida qizil ipak matoli kiyimlar eng birinchi boʻlib koʻzga tashlangan paytda yuz bergan.

Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Bas, u (Qorun) qavmi huzuriga zebu ziynati ila chiqdi. Hayoti dunyoni xohlaydiganlar: “Qani endi bizga ham Qorunga berilgan narsadan boʻlsa edi. Haqiqatan, u ulugʻ nasiba egasidir”, dedilar.”[4]

Misrda rivojlangan kosmetik vositalar keyinchalik Nil va Furot daryolari oraligʻida yashovchi xalqlarga va Oʻrta Er dengizi aholisiga, ular orqali yunon va rumliklarga ham etib bordi. Oqibatda ular bu narsaga berilib ketdilar.

Ular misrliklar foydalanadigan vositalarini yana ham rivojlantirib, sut, oʻsimlik va koʻkatlardan yuzdagi ortiqcha narsalarni tozalashda foydalanishgan. Rum podsholarining ayollari yuzlarini toza ohak va qoʻrgʻoshin ekstraktlari bilan oqartirganlar. Ular joriya va qullardan alohida ajralib turish maqsadida sochlarini boʻyashda tillarang suyuq boʻyoqdan foydalanganlar.

Yunon ayollari faqatgina yuzlarini goʻzal qilish bilan kifoyalanmasdan, jismoniy mashqlarni bajarish orqali qomatlarining chiroyini saqlashga ham urinishgan.

Oʻrta asrlarda Evropani idora qilgan Angliyaning birinchi malikasi elizabet birinchi sochini qizgʻish rangga boʻyab yurgan. Yuzini pardozlashda, qovoqlariga koʻk, qoshlari uchun esa timqora ranglardan foydalangan.

Yuqorida keltirilgan misollardan ham koʻrinadiki, insonning zeb-ziynat, goʻzallikka eъtibori, ayollarning kosmetik vositalardan foydalanishga boʻlgan qiziqishi bugungi asrda paydo boʻlib qolmay, uning tarixi dunyo yaralgan ilk asrlarga borib taqaladi.

 



[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol”. 6 juz. “Sharq”, 2012 yil. “Tiyn” surasi 4- oyat. Bu va keyingi oyatlar mazkur manbadan olinadi.

[2] “Aъrof” surasi, 26-oyat.

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol” 2/311

[4][4] Oʻsha manba, “Qasas” surasi, 79-oyat. 4/479