“Musulmon ayolning pardoz kitobi" (3-qism)
Ayollar ilk islom davrida ham oʻz goʻzalliklariga qattiq eъtibor berishda bugungi ayollar bilan bellashadigan darajada rivojlangan edilar. Holat shu darajaga etgan edi-ki, oʻziga oro berib yuradigan ayollarga atalgan qasidalardan ilhomlanmagan ayol topilmas edi.
Ayollar oʻzlari uchun oʻta qadim zamonlardayoq pardoz vositalarini kashf etdilar, ular anor poʻchogʻini kukun qilib, undan yuz terisini tozalaydigan skrab sifatida foydalandilar. Ularning eng koʻp ishlatadigan boʻyoqlari – hina boʻlib, undan qoʻl va oyoq kaftlari, tirnoqlar va sochni boʻyashda foydalanishar edi.
Ayollarning qadimdan ishlatib kelgan asosiy pardoz vositalaridan biri – bu atirlardir. Xususan, risolat asrida ham ayollar atirlardan keng foydalanishar edi. Atirlar asosan, atirbop oʻsimliklardan olingan boʻlib, bugunda ham ularning baъzi namunalari muzeylarda saqlanib qolgan. Bu atirlar kishilar uchun yoqimli tuhfa boʻlib, ular oltin yoki kumush bilan ziynatlangan naqshinkor mis idishchalarga quyilgan.
Amir va podshohliklar davri fiqh asarlarini olib qaralsa, ayollarning ulama soch taqishga berilib ketganlari haqida oʻqish mumkin boʻladi. Ayollar “Ming bir kecha” ertaklarida taъriflangan kabi soch oʻrimlariga qiziqib, ulamalar taqqanlar. Ular oʻrimlarning har biriga uchtadan qora ipak tasma taqib, osiltirib qoʻyishar edi. Baъzilari tilla va kumush tangachalar, oddiy toshlar bilan ham bezab olar edilar. Bu narsa bizning momolarimiz oʻrtasida ham keng tarqalgan asosiy soch bezagi boʻlgan. “sochpopuk ” deb ataladigan bu bezak qora ipdan ishlanib, yuqoridagi vositalar bilan ziynatlangan va mayda oʻrilgan soch oʻrimiga tikib yoki tugma bilan taqib mustahkamlangan. Uni bir koʻrishdayoq, soch emas, oddiy bezak ekanligini bilib olish mumkin.
Yosh qizlarning libos va bezaklari katta ayollarnikidan farqli boʻlgan. masalan, yosh qizlar quloqlariga tepasidan toki yumshogʻigacha toʻldirib zirak taqqan, oyoq boldirlariga xolxol, bilaklariga kumush bilakuzuklar, barmoqlariga oltin uzuklar taqqanlar. Egniga qora, baъzan toʻq koʻk rang matoga sariq yoki tillarang ip bilan kashtalar tikib bezalgan, keng qilib tikilgan kamzullar kiyganlar.
Usmoniylar davrida ayollar “qabo” deb ataladigan libosni koʻproq kiyganlar. Qabo – katta yoqali, etagining uchi ham tikilib, faqat oyoqlar chiqib turishi uchun ozgina ochib qoʻyilgan kiyim boʻlib, uni yonida qoldirilgan chokidan kiyilgan. Ayollar keyinchalik modaga qarab, movut matosidan ham liboslar kiya boshladilar, bu narsa faqat oliy tabaqa vakilalariga xos edi.