Kanzas-Sitidagi ommaviy otishmadan

AQShda 2024 yil boshidan buyon 55 marotaba ommaviy otishma sodir etildi

2024 yilning dastlabki 50 kunida AQShda 55 marotaba ommaviy otishma sodir etildi.  Azon Global AQSh Oʻqotar qurollar ishtirokidagi zoʻravonliklar arxivining 20 fevralʻ holatidagi maʻʻlumotlarini oʻrgandi.

Unga koʻra, mazkur ommaviy otishmalar davomida eng kamida 92 kishi halok boʻldi, 186 kishi jarohatlandi.

Ana shunday ommaviy otishmalarning eng yiriklaridan biri 14 fevralʻ kuni Missuri shtatining Kanzas-Siti shahrida Amerika futboli finali gʻoliblari sharafiga oʻtkazilgan festivalda sodir etildi. Ushbu otishmada bir kishi halok boʻldi, kamida 29 kishi, jumladan 9 bola jarohatlandi.

Arxiv maʻʻlumotlariga koʻra, 23 yanvarʻ kuni Kaliforniya shtatining Adelanto (6 kishi) hamda 21 yanvarʻ kuni Illinoys shtatining Joliet (8 kishi) shaharlarida sodir etilgan ommaviy otishmalarda eng koʻp odam qurbon boʻlgan.

Bundan tashqari, AQShda yil boshidan buyon oʻqotar qurollar yordamida sodir etilgan otishmalarda jami 2199 kishi halok boʻlgan, 3731 kishi jarohatlangan. Qurbonlarning 34 nafari 11 yoshgacha boʻlgan bolalar, 12-17 yoshli oʻsmirlar 167 nafarni tashkil etgan. Shuningdek, 68 bola va 378 nafar oʻsmir turli darajada tan jarohatlari olgan. 95 kishi qurol yordamida oʻz joniga qasd qilgan.

Mavzuga aloqador