Kuni kecha 2016 yil Turkiyadagi davlat toʻntarishiga urinish tashkilotchisi sifatida ayblanib kelinayotgan, terror tashkiloti deb eʻʻlon qilingan – FETO etakchisi, voiz Fathulloh Gulen dafn etildi. Uning “ilohiy missiyasi” nimalardan iborat edi? Gulenning Oʻzbekistonga qanday aloqasi bor? Gulen qanday qilib Turkiya boshqaruvigacha kirib bora oldi – tahliliy maqola.

 

2016 yil Turkiyadagi davlat toʻntarishiga urinish tashkilotchisi sifatida ayblanib kelinayotgan, terror tashkiloti deb eʻʻlon qilingan – FETO etakchisi, voiz Fathulloh Gulen vafot etdi.

83 yoshli Gulen 1999 yildan buyon AQShda yashab kelayotgan edi. Uning oʻlimi haqidagi maʻʻlumotni jiyani Abu Salama Gulen ham tasdiqlagan. Maʻʻlum qilinishicha, Fathulloh Gulen 20 oktyabrʻ kuni Pensilʻvaniya shtatidagi klinikalardan birida jon bergan.

Xoʻsh, 250 dan ortiq odamning halok boʻlishi, 2,2 ming kishining jarohatlanishiga sabab boʻlgan toʻntarishning asosiy aybdori deb aytilayotgan minglab kishilarni ortidan ergashtira olgan Fathulloh Gulen kim edi? Gulen asos solgan yirik tashkilot va uning Oʻzbekistongacha etib kelgan gʻoyalari haqida nimalar maʻʻlum? Hozir shu haqda gaplashamiz.

Tugʻilish va “ilohiy missiya”

Ajablanarlisi, Fathulloh Gulenning tavallud sanasida ham biroz chalkashliklar mavjud. Rasmiy maʻʻlumotlarga koʻra, Gulen 1941 yil 27 aprelʻ kuni  Turkiyaning Erzurum viloyati Hasanqalʻʻa tumani Koruchuk qishlogʻida tugʻilgan. Uning otasi Ramiz bey masjid imomi edi.

Internetdagi sahifasida esa Gulen 1938 yil 10 noyabrʻ – Mustafo Kamol Otaturk oʻlgan kuni tugʻilganini qayd etadi. U mazkur chalkashlikni izohlab: "Tugʻilganimdan soʻng, otam meni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Hasanqalʻʻaga borgan, biroq masʻʻul xodim Fathulloh ismini yozishdan bosh tortgani uchun bu jarayon kechikib ketadi", deydi.

Unga koʻra, 1942 yilda Gulenning otasi u va 2,5 yildan keyin dunyoga kelgan oʻgʻlini tanish-bilishlari orqali roʻyxatdan oʻtkazishga muvaffaq boʻladi. Biroq guvohnomada u va ukasining maʻʻlumotlarini yozishda xatoga yoʻl qoʻyiladi. Oqibatda Gulenning tugʻilgan yili rasmiy hujjatda 1942 yil ekani koʻrsatiladi.

Tugʻilish mojarosi shu bilan tugamaydi. 1959 yilda Edirna muftiyligiga intilgan Gulen yoshi oʻn ettidaligi va harbiy xizmatni oʻtamagani uchun rad etiladi. Davlat xizmatchisi boʻlish uchun sudga murojaat qilgan boʻlajak voiz nihoyat tugʻilgan sanasini 1941 yilga oʻzgartiradi. Muftiy boʻla olmagan Gulen "Uch Sherefeli" jomeʻʻ masjidiga imom etib tayinlanadi. 

U oʻz hayotiga oid “Kichik dunyom” asarida dunyoga kelishini Mustafo Kamol Otaturkning vafot etgan kuni bilan bogʻlaydi. U tugʻilganidan ilohiy topshiriq berilgan – “tanlangan odam” qiyofasini yaratish uchun yoshligidan islomiy tarbiya olganini, shaxsiyatining rivojlanishiga Usmonli tsivilizatsiyasi taʻʻsir qilganini qoʻshimcha qiladi.

Jumladan, uning Hasanqalʻʻada Xoji Sitqi afandidan tajvid saboqlarini olgani va 12 yoshidayoq Qurʻʻonni yodlaganini oʻqish mumkin. Gulen ilk tajribasini Erzurumning turli qishloqlarida nutq soʻzlashdan boshlagan. 1955 yil Ramazon oyida boʻlajak voiz minbardagi birinchi nutqini irod qiladi.

Fathulloh Gulenning oʻz hayotiga oid “Kichik dunyom” kitobi uning oʻz oldiga qoʻygan vazifasini batafsil oʻrganish uchun muhim. Asarda uning yoshligidan to FETO tashkilotining poydevori qoʻyilishigacha boʻlgan davri yoritilgan.

Oʻzini ilohiy vazifani bajaruvchi – “Imom”, “Hojiafandi” sifatida tasvirlashga uringan Gulen asarda ota-onasi tomonidan ajdodlari sayyidlar (taxminan paygʻambar avlodlari)dan ekanligini aniq aytmasa-da, shunga ishora qiladi.

Gulenning birinchi toʻntarish tajribasi

Edirnada 2,5 yil imomlik qilgan Gulen armiyaga ketadi. Gulen Anqara, Mamak shaharlarida harbiy xizmatni oʻtaydi;1960 yilgi harbiy toʻntarish paytida ham u oʻsha erda boʻladi. Gulenning Talat Aydemir boshchiligidagi ushbu toʻntarish bilan bogʻliqlik xotiralari ham juda qiziq. Bu xuddi 2016 yil 15 iyuldagi davlat toʻntarishiga urinish paytini eslatadi.

Kelajakda yana boshqa isyonlarni boshqargan Gulenning oʻsha davrdagi faoliyati ham eʻʻtiborli; u oʻz asarida Edirnada prokuror va sudʻyalar, jumladan, viloyat xavfsizlik xizmati rahbari bilan yaqin aloqada boʻlganini yozadi. 20 yoshida uning bunday natijaga erishishi gʻayrioddiy tuyulsa-da, Gulen aslida bundan oldinroq xavfsizlik xodimlari bilan oshno tutingan. Jumladan, 17 yoshida Erzurumdan Edirnaga yoʻl olgan Gulen, oʻz taʻʻbiricha, “otasining yaqin doʻsti”, Erzurum viloyati deputati Mustafo Zeren bilan bir muddat Anqarada qoladi. Mustafo Zeren uning Din ishlari qoʻmitasi imtihonlariga qabul qilinishi uchun yordam beradi. Bundan tashqari, Zeren “doʻstining oʻgʻli”ga hali Anqarani tark etmasidanoq ushbu imtihon natijalari haqida xabar bergan. Gulen asarida 18 yoshidayoq Edirnadagi xavfsizlik xodimlari, sudʻyalar va prokurorlar bilan tanish boʻlganini tan olgan.

Eʻʻtiborlisi, unga armiyada ham radio operatori sifatida razvedka missiyasini bajarish topshiriladi. Bu bilan u armiya ichidagi barcha suhbatlarni tinglash imkoniyatiga ega boʻladi. Gulenning harbiy xizmatni oʻtash davomida olgan koʻnikmalari keyinchalik terror tashkilotini tuzishda yaxshigina yordam beradi.

Armiyadan keyingi hayot: “Nurchilar” sari qadam

Armiyadan keyin Erzurumga, u erdan Edirnaga qaytgan Gulen vaʻʻzlari bilan mashhur boʻladi. Gulen «Dor-ul-Hadis» masjidida faxriy imom sifatida xizmat qilayotganida ilk bor talabalarga dars beradi. Bir muncha vaqt oʻtgach, uning faoliyatida isyonkorlik alomatlari topilib, uning vaʻʻz qilishiga taqiq qoʻyiladi. Oʻsha paytdagi Edirna viloyati gubernatori Farid Kubat Gulenni noqonuniy harakatlarda ayblagan edi. Shunga qaramay, Gulen aytganidek, uni “qandaydir qoʻl” barcha mojarolardan suv yuqtirmay olib chiqib ketadi.

Edirnadan Kirklareli shahriga qochgan Guler bu safar mahalliy masjidlarda vaʻʻz oʻqishni boshlaydi. Xuddi shu davrda Gulen Said Nursiyning izdoshlari – "Nurchilar" firqasi bilan yaqinlashadi. Maʻʻlumot uchun, ushbu firqa asoschisi “Badiuzzamon” Said Nursiy (1878-1960 y.y.) Usmonli xalifaligi tugatilib, uning oʻrniga tashkil etilgan Turkiya Respublikasi tuzumiga qarshi chiqqani uchun, 1950 yillargacha – taxminan 25 yil surgunda va qamoqda hayot kechirgan. Bu yillarda  u oʻzining mashhur “Nur” risolalarini yozgan.

1963-1966 yillarda Gulen Edirna va Kirklareli masjidlarida oʻqigan maʻʻruzalari orqali aholining konservativ qismi orasida koʻzga koʻrinib, hurmatli shaxsga aylanadi. Lekin Gulen "Nurchilar" bilan qanchalik osh-qatiq boʻlmasin, aynan ushbu firqa taʻʻlimotini emas, balki oʻzining oʻzgartirilgan gʻoyalarini yoyishga harakat qiladi. Vaqt oʻtishi bilan Gulenning bu qarori “Nur jamoati” bilan munosabatlari sovushiga sabab boʻladi. Biroq u ushbu firqa aʻʻzolari bilan jiddiy qarama-qarshilikka bormaydi.

Mashhurlik va FETO’ning birinchi uyi

1966 yilning mart oyida Gulen oʻzi istamagan holda Izmirdagi Kestane Pazari masjidi voizi etib tayinlangan. Keyinchalik, u hayotidagi muhim voqea boʻlgan FETO terror tashkilotining poydevorini ham aynan shu shaharda qoʻydi.

U Izmirning markaziy voizi etib tayinlangach, har juma kuni masjidda nutq soʻzlay boshladi. Dam olish kunlarida Aydin, Odemish, Tire, Salihli, Denizli va Isparta kabi yaqinroqdagi shahar va tumanlarda jamoaviy suhbatlar oʻtkazdi.

Izmirda imomlik qilgan davrida Gulen oʻta gʻarbona hayot kechiruvchi odamlar bilan ham bordi-keldini yoʻlga qoʻydi. Aytish mumkinki, u bu erdagi faoliyati uning turli segmentlarga yoʻl topa olish qobiliyatini yuzaga chiqardi. Shu tufayli ham Gulen tez orada mashhurlikka erishdi.

Avvaliga uzoq joylarga maʻʻruza oʻqish uchun jamoat transportida borgan Gulen, qisqa vaqt ichida, atrofiga muxlislarini yigʻishga muvaffaq boʻlgach, toʻrtta mashinadan iborat karvon bilan dasturlarini davom ettirdi.

Gulen turli joylardan er sotib olish, bino qurish uchun pul yigʻish orqali uzoqqa bora olmasligini tushunib etadi. Shundan soʻng, u yangi strategiya ishlab chiqdi: tashkilotining tez oʻsishiga imkon beradigan “Himmat” tuzilmasini yaratdi.

Gulen “odamlarni bir joyga yigʻib, oʻzaro ragʻbatlantirish orqali koʻproq pul yigʻsa boʻladi”, degan qarorga keldi. “Imom”ning bu taklifi yordamchilari tomonidan soʻzsiz qabul qilindi va birinchi xayriya yigʻilishi oʻtkazildi.

“Haqiqat” jamgʻarmasi asoschisi Oʻmer Oʻngut Gulenning mablagʻ yigʻish usullari va u asos solgan tuzilmani quyidagicha taʻʻriflaydi:

“Bir tomondan iftorlik qilamiz, deb oʻlja yigʻishyapti. Bir tomondan gʻozdek xalqning patini yulishyapti. Boshqa tomondan, ular oʻzboshimchalik bilan pulni isrof qilishadi. Bu ham harom, u ham harom; Ulardan qaysi biri Islomga toʻgʻri keladi? Siz odamlarni kechki ovqatga taklif qilasiz, kelganlardan yoki vekselʻ sotib olganlardan pul yigʻasiz. Bilasizmi, siz din peshvosisiz, lekin Xudodan qoʻrqmaysiz. Xalqdan ham uyalmaysiz”.

Shu zayl terror tashkilotining birinchi uyi 1968 yilda muftiy Ahmad Karakullukchuning taklifi bilan Izmirda ochiladi.


Fathulloh Gulenning Turkiya boshqaruvigacha choʻzilgan “uzun qoʻli”

Orada Gulen yangi “Fathullohchilar” jamoasini tashkil etadi. Uning kassetalarga yozilgan nutqlari koʻplab shaharlarda tarqatiladi. Shunday qilib, bir tomondan tarafdorlarini koʻpaytirish, ikkinchi tomondan tashkilot uchun yangi daromad manbasini topish imkoni paydo boʻladi. Bu usul baʻʻzi doiralarda norozilik uygʻotgan boʻlsa-da, Kamol Erimez, Nuriddin Veren, Mustafo Birlik, Ilhan Ishbilen, Sahit Tuzju, Bekir Akgin, Mustafo Asutay singari taniqli shaxslar ushbu jamoaga qoʻshilishiga xizmat qiladi.

Shubhasiz, Gulen eng koʻp eʻʻtibor bergan markaz “Nur uylari” edi. Uylar tashkilotga yoshlar, bilimdonlarni jalb qilishda beqiyos hissa qoʻshgan. Voizning taʻʻbiricha, “bu uylar “Oltin avlod” urugʻlari ekilgan joylarga aylanadi”.

Koʻp oʻtmay tashkilot kuchayib, Gulen timsoli boʻlgan “Fathullohchilik” tushunchasi birinchi oʻringa chiqadi.

Shu tariqa Izmir-Manisa-Balikesir mintaqasida samarali tuzilmani shakllantira boshlagan Gulen mahalliy savdogarlar va biznes egalari orqali moliyaviy taʻʻminotini yoʻlga qoʻyadi. Unga moddiy yordam koʻrsatganlar orasida hatto “Adolat” partiyasi vakillaridan biri Ali Nail Erdem ham bor edi. Izmir shahri 1972 yilga kelib Gulen qurayotgan tashkilotning markaziga aylanadi va “Akyazili fondi” tuziladi. Jamgʻarma orqali tashkilot universitet talabalarini “Nur uylari”ga jalb qilishga harakat qiladi. Qisqa vaqt ichida fond oʻquvchi va talabalar tez-tez kelib turadigan, shu bilan birga stipendiya oladigan markazga aylantiriladi.

Turli xayr-ehsonlar tufayli fond va tashkilot rivojlana boshlaydi. Ayni paytda ularning asosiy daromad manbalari tadbirkorlarning yordami va fondga tuhfa etilgan qurbonlik hayvonlarining terisi hisoblangan. Bu davrda “Akyazili fondi” qoshida oʻquv kurslari ochiladi. Qisqa vaqt ichida bu kurslar Turkiyaning boshqa hududlarida ham faollashadi. “Yaxshi ish” homiyligida uylarga qobiliyatli va bilimdon maktab oʻquvchilari jalb qilinadi. Shu tarzda, tanlab olingan yoshlar keyinchalik tashkilot maqsadlariga xizmat qiladigan “oltin avlod”ga aylantiriladi.

1972 yildan boshlab talabalar va oʻquvchilar uchun “moslashuv lagerlari” ham tashkil etilgan. Shundan soʻng, Gulen oʻz tashkiloti orqali yaratishi mumkin boʻlgan yangi ijtimoiy tuzumni tasavvur qila boshlaydi. Ushbu rejaning amalga oshirilishi bevosita oʻziga sodiq avlodni yaratish bilan bogʻliq edi.

1980-1990 yillar oraligʻida Turkiyada 20-30 ga yaqin “Gulen maktablari” ochilgan boʻlsa, 2000 yillarning boshlarida ularning soni mingga etadi.

“Fathullohchilik” gʻoyalariga sodiq talabalar keyinchalik jamoa rejasiga muvofiq hukumat tuzilmalariga kirishi maqsad qilingan. Gulen va doʻstlari tomonidan tuzilgan rejaning bu qismi muvaffaqiyatli amalga oshdi.  

FETO uchun qoʻllaniladigan “parallelʻ davlat” atamasi uning koʻlamini tasavvur qilishga yordam beradi: Gulenning izdoshlarini hamma joyda koʻrish mumkin edi: davlat tashkilotlarida, vazirliklarda, armiyada, politsiya va xavfsizlik xizmatida, OAVda, universitetlar va taʻʻlim muassasalarida, banklarda, katta-yu kichik korxonalarda, sport va sanʻʻatda. Ularning qoʻli juda uzun edi. Fathulloh Gulen 1960-yillarda asos solgan harakat 2000-yillarga kelib qoʻlida milliardlab dollar aylanadigan guruhga aylandi. Guruhning oʻz maktablari, universitetlari, kasalxonalari, korxonalari va banki bor edi.

Gulen masonlik qasamyodini qabul qilganmi?

Fathulloh Gulenning masonlar bilan aloqasi 1969 yildan boshlangan. Masonlik qasamyodi va buyuk xizmatlari uchun mukofoti bu doʻstlikni yanada mustahkamlagan. 1972-1976 yillar oraligʻida Fathulloh Gulenga Ilhom Madenoʻgʻli, Orxan Demiriz, Onnik Karakash va Huseyin Yavuz kabi masonlikni qabul qilgan amaldorlardan taklifnomalar joʻnatiladi.

2015 yilda Yeni Shafak nashri Fathulloh Gulenning “parallelʻ tuzilma” bilan bogʻliq ilgari nomaʻʻlum boʻlgan aloqalarini ochib bergan hujjatlarni chop etdi. 1974 yil 21 apreldagi “kotib Orxan Demiriz” tomonidan imzolangan taklifnomada:

“Aziz birodar, Fathulloh Gulen. 1974 yil 10 may, juma kuni soat 19:00 da ogʻa-inilarcha mehr va ehtirom bilan boʻladigan yigʻilishimizga tashrif buyurishingizni soʻrayman”, deb yozilgan.

Bundan tashqari, 1969 yil 17 iyuldagi hujjatda Fathulloh Gulenning masonlar lojasi tomonidan “Buyuk xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangani ayon boʻladi. Hujjatning yuqori qismida “Search Muh: Lo:” iborasi mavjud va “116” raqami qayd etilgan.


Oʻzbekistondan quvilgan “Turk litseylari”

1989 yilda Sovet Ittifoqi parchalana boshlaydi va shu tariqa ikki qutbli dunyo tartibi vayron boʻlgach, Osiyoda siyosiy boʻshliq hukm suradi. Ayniqsa, mustaqil turkiy davlatlar vujudga kelganidan keyin yangi tartib vujudga keldi. Aynan oʻsha paytda Gulen xorijda ham yangi ish boshlashga buyruq beradi. Oldin Germaniya va Gollandiyada faoliyat yurita boshlagan tashkilot aʻʻzolari, asosiy tashqi strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirishga qaror qiladi. 1989 yilda gulenchilar yangi gʻoya asosida Osiyoga “hujum” boshladilar. Oʻzbekistonliklar ularni “Nurchilar” nomi bilan taniydi. 90-yillarning boshida Fathulloh Gulenning “fatvo”si bilan gulenchilar yurtimizda ham litseylar ochgan edi.

Turk litseyi” deb nom olgan oʻquv dargohlariga mamlakatning barcha hududlaridan salohiyatli va iqtidorli talabalar tanlab olingan. Bu dargohlarda ingliz tilini oʻrgatuvchi muallimlar, aslida AQShning maxsus xizmatlarining xodimlari AQSh fuqarolari boʻlgan. Turk razvedkasining sobiq hodimi Osman Nuri Gyundesh oʻzining chiqishlaridan birida, 90-yillarda “Nurchilar” harakatining asosiy idorasi AQShning Pensilʻvaniya shtatida joylashganini aytib oʻtgan.

Maʻʻlumotlarga koʻra, dunyoning 50 dan ortiq davlatlaridagi taʻʻlim maskanlarida faoliyat koʻrsatayotgan uch mingdan ortiq oʻqituvchilariga 400 dan 1400 dollargacha oylik berilgan. Xorijiy davlatlarda taʻʻlim maskanlarining ochilishiga jami 1 milliard 205 million AQSh dollari sarflangan. Ularning maqsadini oʻz vaqtida aniqlagan hukumat 2000-yillarda bunday litseylar faoliyatiga chek qoʻyadi. Shu tariqa Oʻzbekiston gulenchilarning oʻquv muassasalarini yopgan dunyodagi ilk davlat boʻldi.

Bundan tashqari, Turkiyaga oʻqishga yuborilgan oʻzbekistonlik talabalar ham chaqirib olinadi.

Gulenning Amerikaga qochishi

1999 yil 21 aprelda Jevdet Saral va Usmon Akning “Fathulloh Gulen va Nur harakati” nomli hisoboti ortidan Gulen va u asos solgan tuzilmaga qarshi birinchi jinoiy ish ochiladi. Avvalroq sogʻligʻi yomonlashgani sabab davolanmoqchi ekanini aytib, AQShga ketgan Gulen shu koʻyi ortiga qaytmaydi. Keyinchalik Gulen oʻsha paytdagi bosh vazir oʻrinbosari Bulent Ejevit unga AQShga borishni maslahat berganini ochiqladi.

AQShga koʻchib oʻtgach ham Gulen nutqlarini davom ettirdi. Bu chiqishlari uning veb-saytidagi “Buzilgan test” boʻlimida nashr etila boshlandi. Shu bilan birga, u 1999 va 2008 yillar mobaynida AQShda yashashiga ruxsat olishi uchun uzoq kurashdi. Gulenning turli xil viza arizalari rad etilganidan soʻng, u nihoyat 2006 yil noyabrʻ oyida “I-140” nomi bilan tanilgan doimiy ish vizasiga murojaat qildi.

Ushbu vizani olish uchun talabgor “juda kuchli qobiliyat” egasi boʻlishi kerak. Shu bois, viza soʻrovini qoʻllab-quvvatlash uchun u sudga 30 ga yaqin maʻʻlumotnoma yuboradi.

2008 yil 4 iyundagi petitsiyaga nazar tashlaydigan boʻlsak, unga tavsiyanoma bergan taniqli shaxslar orasida nafaqat Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari, balki amerikalik olimlar va nasroniylikning taniqli himoyachilari ham bor edi.

Ushbu ismlar orasida avvalroq Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimida ishlagan va keyinchalik nafaqaga chiqqan Jorj Fides ham bor edi. Roʻyxatda yana bir AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi, Anqaradagi sobiq elchi Morton Abramovich va AQSh Milliy razvedka kengashi aʻʻzosi sifatida yuqori lavozimga koʻtarilgan Grem Fyullerni koʻrishimiz mumkin. Ular oʻz maktublarida ushbu muassasadagi maktablarning yutuqlari va Fathullohning dinlararo muloqotdagi faoliyatini yuqori baholashgan.

Gulen 2008 yil 16 iyulda Milliy xavfsizlik departamenti bilan kurashda gʻalaba qozonib, AQShda yashash huquqini beruvchi Green Card’ni qoʻlga kiritdi. Bunga esa AQShning muhim agentliklarida xizmat qilgan Fyuller va Abramovichning hissasi beqiyos boʻldi.

Fathulloh Gulen AQShga koʻchib oʻtishiga qaramay, 2016 yilning 15 iyuliga qadar FETO’ning Turkiyadagi mavqei kuchliligicha qoldi. Gulen umrining oxirigacha Pensilʻvaniya shtatida yashadi. Davlat toʻntarishiga urinishdan keyin Gulenning koʻpgina izdoshlari ham AQShdan qoʻnim topdi. Masalan, sobiq futbolchi va deputat Hoqon Shukur ham Amerikaga joylashib, okean ortida oʻz biznesini yoʻlga qoʻydi.

2016 yil 15 iyulʻ tuni turklar uchun eng uzun va eng qora tun boʻldi. Mamlakatdagi barcha davlat boshqaruv organlariga, huquq-tartibot va kuch ishlatar tizimlariga sizib kirgan FETO aʻʻzolari, ayniqsa, qurolli kuchlar xalq saylagan qonuniy hukumatni agʻdarish va tashqi gʻarazli kuchlar qoʻllovi ostida hokimiyatni qoʻlga kiritishni istardi. Ularning bu rejasi amalga oshmadi va isyon 22 soat ichida bartaraf etildi.

Xoʻsh, 15 iyuldagi davlat toʻntarishiga urinish qanday boshlandi? Oʻsha qorongʻu kechada nima boʻlgandi?

2016 yil 15 iyulʻ kuni kechga borib, gʻayritabiiy faollik boshlandi.

Soat 21:30 da Bosh shtab qarorgohidan oʻq ovozlari eshitildi. F-16 qiruvchi samolyotlari Anqara osmonida pastlab ucha boshladi. Boʻlayotgan voqea na harbiy mashgʻulot, na tashqi dushmanga qarshi harakatga oʻxshardi. Mamlakatni gʻaraz kuchlardan himoya qilishi kerak boʻlgan armiya ichiga sizgan “Fathullohchi”lar oʻz xalqiga qarshi rasman urush ochgandi. Oradan koʻp oʻtmay, Bosh shtab boshligʻi va harbiy kuchlar qoʻmondonlari garovga olindi.

Nafaqat Anqarada, balki Istanbulda ham xoinlar sahnaga chiqdi. Bosfor va Fotih, Sulton Mehmet koʻpriklari oʻtish uchun yopildi.

FETO aʻʻzolari ishga kirishgandi. Birinchi portlash ovozi soat 23:20 da, Anqaraning Goʻlboshi tumanidan eshitildi. Isyonchilar oʻzlariga qarshi turishi mumkin boʻlgan politsiyaga hujum qilgandi.

Oradan biroz vaqt oʻtib, 16 iyulning dastlabki soatlarida ular yana bir muhim obʻʻektni nishonga olishdi. Harbiy vertolyot Milliy razvedka agentligini oʻqqa tutdi.

Ayni paytda, bir guruh forma kiygan isyonchilar Turkiya teleraradio kompaniyasi (TRT) koridorlarida edi. Ular xodimlarni garovga oldilar va muassasaga olib kiruvchi barcha yoʻllarni yopdilar.

Bu vaqtda Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻon oilasi bilan Marmasirda edi va oʻsha erdan turib, soat 00:24 da jonli efirga ulandi. Millionlab odamlarning diqqati unga qaratilgan edi.

"Men xalqimizni shaharlarimiz maydonlariga chaqiraman. Men ularni aeroportlarga chaqiraman, odamlar aeroportlarda, maydonlarda toʻplansin. Oʻsha isyonchi guruhlar oʻzlarining tanklari va artilleriyalari bilan kelishsin, odamlar u erda nima qilishni oʻzlari yaxshi bilishadi", dedi prezident, jonli efirdagi nutqida.

Bu nutq davlat toʻntarishiga urinish dinamikasini oʻzgartirib yubordi. Xalq koʻchalarga, maydonlarga otildi. Odamlar hech ham qoʻrqmay isyonchilarga qarshi turdi, ularni toʻxtatish uchun tanklarning tagiga yotdi. Gulenchilar esa tinch aholini, qurolsiz xalqni oʻqqa tuta boshladi. Shunday qilib, maydonlarni toʻldirgan xalqning xoinlarga qarshi kurashi boshlandi.

Bu kurash ertalabgacha davom etdi. Toʻntarish tashabbusining barbod boʻlishida xalqning qatʻʻiyati katta rolʻ oʻynadi. Qoʻzgʻolon bostirildi, ammo qurbonlar bor edi. Muvaffaqiyatsizlikka uchragan bu urinish uchun Gulen va uning “Fathullohchi terror tashkiloti” (turkchada FETÖ – Fethullahçı Terör Örgütü) aybdor deb topildi. Davlat toʻntarishiga urinishdan keyin zudlik bilan davlat organlarini “fetochilar”dan tozalash operatsiyasi boshlab yuborildi. FETO’ga aloqadorligi aniqlangan minglab xodimlar ishdan haydaldi.  

Aytish joizki, turk hukumati yillar davomida AQShdan Gulenning Turkiyaga topshirilishini soʻrab keldi, biroq Vashington bu borada hech qanday aniq chora koʻrmadi. 


Xulosa oʻrnida

Dunyo tarixiga nazar tashlar ekanmiz, Sovuq urushdan keyin AQShni har jihatdan qoʻlga olgan yahudiy lobbisi yanada kuchaydi. Ular Islom va musulmonlarni mavjud global tizim uchun katta tahdid sanay boshladi. Jumladan, qulatilgan Usmoniylar xalifaligi markazi hisoblanmish Turkiyada ham dinni cheklash va musulmonlarning uygʻonib qolishiga yoʻl qoʻymaslik uchun turli hiyla va buzgʻunchiliklar sodir etildi.  

Bundan tashqari, Islomga qarshi urush “terrorizmga qarshi urush” nomi bilan NATO va boshqa xalqaro tashkilotlarning asosiy strategiyasi sifatida belgilandi.

Shu bilan birga, global tizim Islomni “jaholatparastlik” nomi bilan eng katta tahdid deb eʻʻlon qildi. Bu orqali musulmonlar jamiyatining mavjudiyat sababi boʻlgan, tarix yaratishiga imkon beruvchi islomiy identifikatsiyasini bostirish, ruhiy ildizlarini quritishga harakat qilindi. Haqiqiy Islomga muqobil tarzda etnik identifikatsiyalarni kuchaytirish, musulmonlar orasiga nizo urugʻini sochish, ularning yurtini urush oʻchogʻiga aylantirish orqali bu erdagi tabiiy boyliklarni talash va egalik qilish holatlari hozirgacha davom etmoqda.

Xuddi shunday AQShning Islomni protestantlashtirish loyihasi sifatida nafaqat Turkiya, balki xalqaro miqyosda ham faoliyat yuritgan FETO terror tashkilotini koʻrishimiz mumkin. Bunday yoʻllar orqali Islom dushmanlari global tizimga teskari kelmaydigan, real hayotdan uzoqlashtirilgan, individual eʻʻtiqod darajasigacha tushiriladigan, qarshilik koʻrsatish imkoniyatlaridan mahrum qilingan, “chuchmal” Islomni oʻylab topishga urinishdi.

Islom diyorlarini boshqarish, hatto qoʻshni musulmonlar qatliom qilinganda ham miq etmaydigan, aksincha dushmaniga birodarlarini qirgʻin qilishda yordamlashadigan hukumatlar va xalqlarni yaratish ushbu makkor loyiha natijalaridan biridir.

Mavzuga aloqador