Telegram kanalda missiyasini yakunlayotgan Isroil elchisi haqidagi postga izoh yozgan erkak IIBga chaqirtirildi. U idora binosi yaqinida «xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmagan va soʻkingan». Buning uchun erkak 10 sutkaga qamaldi.

2024 yil iyulʻ oyining 24 kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Oʻzbekistondagi Isroil elchisi missiyasini yakunlayotgani haqidagi xabariga elchixona joylashgan manzilni soʻrab izoh yozgan va shu kommenti boʻyicha IIBga chaqirilganda xodimlarga boʻysunmagan fuqaroga sud hukmi oʻqildi, deya xabar qildi «Gazeta.uz».

Sud hujjatiga koʻra, 1987 yilda tugʻilgan R.A. 2024 yil 19 iyunʻ kuni Telegram messenjeridagi «Chat-live Quds» nomli kanalga Isroilning Oʻzbekistondagi elchisi oʻz missiyasini yakunladi mazmunidagi postga nisbatan «Nima degani bu tarjima qilinglarchi, yaxshi gapmi yoki yomon gapmi, shu elchixonaning lokatsiyasi yoʻqmi, lashkarlarimiz tish tirnogʻi bilan qoʻriqlanayotgandir» degan mazmundagi izoh qoldirgan.

Shundan soʻng u Mirzo Ulugʻbek tuman IIO FMB binosiga taklif qilingan. Fuqaro shu jarayonda IIB xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan jamoat joyi hisoblanadigan IIO FMB binosiga kirish koʻchasida baqir-chaqir qilib, har xil uyatsiz soʻzlar bilan soʻkinib, jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini buzgan.

Sud majlisida R.A. IIB xodimlarining qonuniy talablariga boʻysungan holda kelgani, ortiqcha xatti-harakat qilmaganini aytib, birinchi marotaba ogohlantirish berilishlarini soʻradi.

Sud hukmiga koʻra, R.A. Maʻʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga boʻysunmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, yaʻʻni 680 ming soʻm jarima jazosi va uzil-kesil 10 sutka maʻʻmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Jazo oʻtalganidan soʻng huquqbuzar R.A.ning maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar uchun maʻʻmuriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, yaʻʻni 510 ming soʻm miqdordagi mablagʻ undirilishi belgilandi.

Mavzuga aloqador