Adiy ibn Xotam
Asl ismi Adiy ibn Xotam boʻlgan bu sahoba Abu Tarif nomi bilan ham mashhur.
Hijriy toʻqqizinchi yilda Tabuk atrofida yashaydigan Toy qabilasiga safar uyushtirildi. Qabila raisi Adiy ibn Xotam sahobalarni koʻrib, qochib qoldi. Asir olinganlar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam huzurlariga keltirildi. U zot Adiyni chaqirib kelish uchun asirlar orasidagi singlisini joʻnatdilar.
Adiy ibn Xotam avvallari Rim va Fors hukmdorlari huzurida boʻlgan, ularning qoʻpol muomalalarini koʻrgandi. Shu sababdan boʻlsa kerak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan uchrashishga yuragi betlamadi. Ammo singlisining Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqida aytganlari jasurlik baxsh etib, u zotning huzurlariga borishga qaror qildi.
Shundan keyin boʻlgan voqealarni Adiy ibn Xotamning oʻzidan eshitaylik: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam masjidda ekanlar. Bordim. Salom berdim.
– Kimsiz? – deb soʻradilar.
– Adiy ibn Xotamman, – dedim.
U kishi oʻrinlaridan turib, uylariga taklif qildilar. Yoʻlda keksa ayolni uchratdik. U hojatmand ekanini aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ayolni tinglab, hojatini chiqardilar. Men u kishiga qarab turib “Bu odam podshoh emas!” deb oʻyladim. Soʻng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam meni uylariga olib bordilar. Ichiga jun toʻldirilgan koʻrpacha yozib:
– Bu yoqqa oʻtiring, – dedilar.
“Siz oʻtiring”, desam, yana “Oʻtiring”, dedilar. Men koʻrpachaga, u zot erga oʻtirdik. Ichimdan “Xudo haqqi, podshoh bunday qilmaydi. Bu inson podshoh emas, karami keng zot”, degan oʻy oʻtdi.
– Adiy ibn Xotam, musulmon boʻling. Omon qolasiz, – dedilar.
– Mening oʻz dinim bor, – deb javob qildim.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Diningizni sizdan yaxshiroq bilaman. Raqusiyya dinidasiz-a? Qabila gʻanimatining toʻrtdan birini oʻzingizga olasiz. Bu sizning diningda halol emas”, deb aytdilar. Keyin soʻzlarida bunday davom etdilar:
– Sizni Islomga kirishdan toʻsayotgan narsa nima? “La ilaha illalloh”dan nima uzoqlashtiryapti? Allohdan boshqa xudo bormi? Nega boʻyin tovlayapsiz? Allohdan ham buyukroq (zot) bormi?
Bunchalar istarasi issiq, shirinsuxan inson yolgʻonchi boʻlishi mumkin emas edi. Darhol shahodat kalimasini aytib musulmon boʻldim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam muborak yuzlarida tabassum bilan: “Oʻzlariga azob tilab olganlar – yahudiylar, adashganlar – nasroniylar”, dedilar”.
Shunday qilib, Adiy musulmon boʻlgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavsiyalari bilan qabilasi va qoʻshni qabilalarni Islomga chorlash, ularning zakotlarini toʻplashga masʻʻul qilindi. Barcha qabiladoshlarining Islomga kirishlariga sababchi boʻldi. Islom tarixida qavmidan zakot toʻplagan ilk shaxs Adiy ibn Xotamdir.
Vado hajida ham qatnashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan keyin, Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida koʻpchilik dindan qaytib, yoppasiga Islomdan chiqish boshlanganda, Adiy qabilasiga nasihat qilib, ularni bunday murtadlikdan qaytardi. Toy qabilasi Islomda qoldi.
Adiy ibn Xotam Kufa qurilgach, yangi shaharga koʻchib oʻtdi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrlarida Bagʻdodga ketib, xazinani nazorat qildi. Jamal va Siffin janglarida Ali karramallohu vajhahuning taraflarida boʻldi. Hazrati Alidan keyin yana Kufaga qaytib, hijriy 69 yilda 120 yoshda vafot etdi.
U kishi oltmish oltita hadis rivoyat qilgan boʻlib, baʻʻzilari Buxoriy va Muslimning “Sahih”lariga kiritilgan.
Alloh u zotdan rozi boʻlsin!
Jasurbek Shoakbar oʻgʻli tayyorladi.