“Allohim, Bilol va uning sheriklari borasida oʻzing menga kifoya qil!”
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifalik yillarida (634–644) Iroq va Shom erlari fath qilindi. Qoʻlga kiritilgan oʻljalar qatorida forslik va shomliklarning Mesopotamiyadagi unumdor erlari ham bor edi. Koʻpchilik, shu jumladan, Bilol ibn Raboh bu bu erlar musulmonlar oʻrtasida taqsimlanishi kerak, degan fikrda edi. Umar roziyallohu anhuning fikri esa u erlarni taqsimlamasdan qoldirish edi. Umar: “Allohim, Bilol va uning sheriklari borasida Oʻzing menga kifoya qil!” dedi. Bu holat ikki yoki uch kun yo undan koʻproq davom etdi. Soʻngra Umar roziyallohu anhu shunday dedi: “Men bunga dalil topdim, Alloh taolo kitobida shunday degan...
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifalik yillarida
(634–644) Iroq va Shom erlari fath qilindi. Bu erlarda musulmon askarlari misli
koʻrilmagan oʻljalarni qoʻlga kiritdi. Qoʻlga kiritilganlar orasida musulmonlar
avval Arabiston choʻllarida duch kelmagan mulklar ham bor edi. Bu ham boʻlsa,
forsliklar va shomliklarning Mesopotamiya (Ikki daryo oraligʻi) dagi sugʻorma dehqonchilikka
moslashgan unumdor erlari edi. Ushbu diyorlar fath qilingach, musulmonlar oldida
bir savol paydo boʻldi: fath qilingan oʻlkalardagi dehqonchilik erlari musulmon
qoʻshinlari oʻrtasida oʻlja sifatida taqsimlab berilishi kerakmi yoki oʻz egalarida
qolishi kerakmi?
Bilol roziyallohu anhu va uning sheriklari Umar ibn Xattob
roziyallohu anhudan Alloh ularga bergan Iroq va Shomdagi erlarni boʻlib berishni
soʻrab: “Erlarni ularni egallaganlar oʻrtasida xuddi oʻljani uni qoʻlga kiritgan
askarlarga taqsimlab berganingizdek boʻlib bering”, dedilar.
Hikoyaning davomini hanafiylik mazhabining buyuk faqihi, Abu
Hanifaning shogirdi Abu Yusuf oʻz qalamiga mansub “Kitob al-xaroj” asarida
keltiradi:
“Umar roziyallohu anhu Saʻʻd ibn Abu Vaqqos Iroqni bosib
olganida, unga shunday maktub yozdi: “Ammo baʻʻd! Odamlar harbiy oʻljalar va Alloh
ularga bergan fayʻʻ oʻljasini ularga taqsimlab berishingni soʻrayotganlari haqidagi
maktubing menga etib keldi. Ushbu maktubim senga etib borgach, askarlar qoʻlga
kiritib senga keltirgan otlar va qurol-yarogʻlarni koʻzdan kechirib, ularni qoʻlga
kiritgan musulmonlar oʻrtasida taqsimlab ber. Erlar va daryolarni musulmonlarga
qolishi uchun oʻsha erda yashovchilarga qoldir. Agar ularni qoʻlga kiritganlar oʻrtasida boʻlib
bersang, keyingilarga hech narsa qolmaydi.
Senga kim bilan toʻqnashsang, ular bilan urushishidan avval
islomga chaqirishingni buyurgan edim. Kim sening bu chaqirigʻingga urush boshlanishidan
avval javob bersa, u musulmonlardan boʻladi. Musulmonlarga beriladigan narsa
unga ham beriladi va musulmonlardan talab qilinadigan narsa undan ham talab qilinadi,
unga islomdan ulush ajratiladi. Kim sening bu chaqirigʻingga urush va magʻlubiyatdan
keyin javob bersa, u ham musulmonlardan boʻladi. Lekin uning moli islom ahliga
tegishli boʻladi, chunki ular uning molini islomni qabul qilishidan oldin qoʻlga
kiritganlar. Mening senga buyrugʻim va vasiyatim ana shunday!”
Umar odamlardan Alloh musulmonlarga bergan Iroq va Shom
erlarini taqsimlash haqida maslahat soʻradi. Ular oʻz haqlari va qoʻlga kiritgan
erlarini oʻzlariga taqsimlab berilishini xohlashlarini aytdilar. Shunda Umar roziyallohu
anhu: “Keyin keladigan musulmonlar erlarni taqsimlangan, otalaridan meros
qilingan va egallangan holda unga ishlov berayotganlar (dehqonlar) bilan koʻrib
nima qiladilar? Yoʻq, bu echim emas!” – dedi.
Abdurahmon ibn Avf Umarga: “Unday boʻlsa, echim nimada? Erlar va ishlov
beruvchilar – Alloh musulmonlarga bergan narsa boʻlmay nima?” – dedi.
Umar: “Sen aytganingdek emas, men unday deb oʻylamayman.
Alloh mendan keyin bunchalik koʻp narsa qoʻlga kiritiladigan shahar fathini inʻʻom
qilmaydi. Ehtimol,
musulmonlarga mashaqqatli kunlar kelar. Agar men Iroq erlarini unga ishlov
beradigan (dehqonlari) bilan, Shom erlarini unga ishlov beradigan (dehqonlari)
bilan taqsimlab bersam, chegaralar qanday himoya qilinadi? Shom va Iroq
aholisining bu va boshqa shaharlardagi farzandlari va bevalariga nima boʻladi?”
Odamlar Umarga erlarni oʻzlariga taqsimlab berishini
qayta-qayta soʻrab: “Alloh bizlarga qilichlarimiz vositasida bergan narsani uni
qoʻlga kiritishda qatnashmagan odamlar, ularning farzandlari va nabiralariga
qoldirasanmi?” – dedilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Mening fikrim shunday”,
deyishdan nariga oʻtmadi. Ular esa: “Maslahat ol!” dedilar.
Umar roziyallohu anhu ilk muhojirlar bilan maslahatlashdi va
ularning fikri bir joydan chiqmadi. Abdurahmon ibn Avf ularning haqlari oʻzlariga
taqsimlanishi kerak deb hisoblardi. Usmon, Ali va Talhalar esa Umar bilan
hamfikr edilar.
Shunda Umar roziyallohu anhu ansorlardan yoshi ulugʻ va hurmati
baland oʻn besh kishiga odam yubordi. Ular yigʻilganlarida Umar Allohga u loyiq
boʻlganidek hamdu sano aytdi va shunday dedi: “Men sizlardan zimmamdagi
ishlaringizni ado qilishda menga koʻmaklashishingizdan boshqa narsa soʻramayman. Men
ham sizlarning biringizman va haqiqat bugun siz tomondadir. Kimdir menga qarshi,
kimdir esa men bilan hamfikr boʻlishi mumkin. Sizlar mening xohishimga
ergashishingizni istamayman, sizlarda haqiqatni aytadigan Allohning kitobi bor.
Allohga qasamki, qaysi ishni oʻz xohishim bilan aytgan boʻlsam, bu bilan faqat
haqni roʻyobga chiqarishni xohladim”.
Ular: “Gapiring, ey moʻminlar amiri, sizni eshitamiz”,
dedilar.
Umar shunday dedi: “Bu odamlar oʻz haqlari borasida ularga
zulm etayotganimni daʻʻvo qilayotganini eshitdim. Men Allohdan zulm qilishdan panoh
soʻrayman. Agar men zulm qilib, ularga tegishli narsani boshqalarga bersam,
badbaxtlardan boʻlaman. Men Kisro erlaridan keyin fath qilinadigan boshqa erlar
qolmagan deb hisoblayman. Alloh bizlarga ularning mollari, erlari va
dehqonlarini oʻlja qilib berdi. Men ular oʻlja qilib olgan mollarni haqdorlar
oʻrtasida taqsimlab berdim. Undan beshdan bir ulushni chiqarib tegishli oʻrinlarga
yubordim va buning uchun oʻzim javobgarman. Men erlarni dehqonlari bilan
taqsimlamay qoldirib, er uchun xiroj va jonlari uchun jizya soligʻi solaman. Ular
bu soliqlarni toʻlaydilar, bu esa musulmonlar, jang qilganlar, bolalar va
ulardan keyin keladiganlar uchun fayʻʻ boʻladi. Chegara erlarida doimo odamlar
boʻlishi kerakligini bilmaysizmi? Shom, Jazira, Kufa, Basra va Misr kabi katta
shaharlar qoʻshin bilan taʻʻminlanishi va ularga maosh toʻlanishi kerakligini
bilmaysizmi? Agar erlar va dehqonlarni taqsimlab bersam, yuqoridagilarning
taʻʻminoti qaerdan olinadi?”
Ularning barchasi: “Sizning fikringiz toʻgʻri, siz aytayotgan va
qaror qilgan ishingiz qandoq ham yaxshi. Agar chegaralar hamda shaharlar qoʻshin bilan
qoʻriqlanmasa va ular taʻʻminlanmasa, kufr ahli oʻz shaharlariga qaytadilar”,
dedilar...
Odamlarning aksariyati erlar taqsimlanishi kerak degan fikrda
edilar. Ayniqsa, Bilol ibn Raboh bu fikrda qatʻʻiy turdi. Umar roziyallohu
anhuning fikri esa u erlarni taqsimlamasdan qoldirish edi. Umar: “Allohim, Bilol
va uning sheriklari borasida Oʻzing menga kifoya qil!” dedi. Bu holat ikki yoki uch
kun yo undan koʻproq davom etdi. Soʻngra Umar roziyallohu anhu: “Men bunga dalil
topdim, Alloh taolo kitobida shunday degan: “Alloh oʻz Paygʻambariga ulardan
oʻlja qilib bergan narsalar ustiga sizlar ot va tuyalarni minib borganingiz yoʻq
(qiynalib qoʻlga kiritganingiz yoʻq), leyin Alloh oʻz Paygʻambarlarini Oʻzi xohlagan
kimsalardan ustun qilib qoʻyar. Alloh har narsaga qodirdir” (Hashr, 6) – deb,
Banu Nazir qabilasi voqeasini eslatdi.
Soʻngra quyidagi oyatni oʻqidi: “Alloh shaharlarning (kofir)
aholisidan oʻz Paygʻambariga oʻlja qilib bergan narsalar, sizlardan boy-badavlat
kishilar oʻrtasidagina qoʻlma-qoʻl boʻlib yuraveradigan narsa boʻlib qolmasligi uchun
Allohga, Paygʻambarga va (u zotning)
qarindoshlari, etimlar, miskinlar va musofirlarga tegishlidir” (Hashr, 7). Bu
koʻrsatma boshqa barcha shaharlar uchun umumiydir.
Keyingi oyatni ham oʻqidi: “(U oʻljalar yana) oʻz diyorlaridan
va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambagʻal muhojirlarnikidir, zero, ular
Alloh fazl va rizolik istaydigan hamda Alloh va Uning Paygʻambariga yordam
beradilar. Aynan oʻshalar (imonlarida) sodiqdirdar” (Hashr, 8).
Ularni boshqalar bilan aralashtirib yubormaslik uchun Alloh
taolo shunday degan: “Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda
yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa oʻzlari (yonlari)ga hijrat qilib
kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (oʻljalar) sababli
hasad sezmaslar hamda oʻzlarida ehtiyoj boʻla turib, (ehson qilishda boshqa
muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki oʻz nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas,
ana oʻshalar (oxiratda) najot topuvchidirlar” (Hashr, 9). Bizga ansorlar
borasida mana shu etib kelgan, albatta, Alloh bilguvchiroq.
Yana ularni boshqalar bilan aralashtirib yubormaslik uchun Alloh
taolo shunday degan: “Ulardan keyingi (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey,
Rabbimiz! Oʻzing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan oʻtganlarni magʻfirat etgin
va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey,
Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr, 10).
Bu keyingi keladiganlarga umumiy tegishlidir. Bu fayʻʻ
ularning hammasiga tegishli boʻlsa, qanday qilib biz uni hozirgilarga taqsimlab,
keyin keladiganlarga hech narsa qoldirmaymiz? Shundan soʻng erlarni taqsimlamasdan
qoldirib, ulardan xiroj olinishiga kelishildi.
Abu Yusuf aytadi: “Umar roziyallohu anhuning fikri – erlarni
fath qilganlar oʻrtasida taqsimlanishini man qilish edi. Uning bu qilgan ishi Alloh
tomonidan berilgan yordam boʻlib, Alloh oʻz kitobida bayon qilgan narsaga muvofiq
keldi.
Xirojni yigʻib uni musulmonlar oʻrtasida taqsimlash fikri barcha
musulmonlar uchun xayrli va foydali boʻldi. Agar shunday qilinmaganida, odamlarga
maosh va oziq-ovqat tayinlanmas, natijada chegaralar himoyalanmagan va qoʻshin
harbiy yurishlar uchun kuchaytirilmagan boʻlar edi. Chegara va shaharlarda jang
qiladiganlar va yollanma askarlar boʻlmasa, kofirlarning oʻz erlariga qaytish
xavfidan qanday himoyalanadilar? Alloh nima xayrli ekanini yaxshiroq biladi!”
* * *
Ushbu hikoya islomning ilk yillarida davlatchilikning
shakllanishi va unda odil, insonparvar davlat rahbari va siyosatchi, buyuk faqih va
imom Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning fiqhiy va siyosiy masalalardagi
mahoratidan soʻzlaydi. Birgina ushbu voqea siyosatshunoslik fanida davlat
rahbarining xalq oldidagi majburiyatlari, qadriyatlari va siyosiy boshqaruvdagi
mahorati haqida yirik ilmiy asar yozishga arziydigan ibratlarni oʻz ichiga oladi.
Ayni vaqtda, islom huquqi boʻyicha ham, fiqhiy masalalarga echimida qanday yoʻl
tutish borasida koʻplab savollarga javob beruvchi dalil ham hisoblanadi.
Umar roziyallohu anhuning erlarni emas balki undan olinadigan
xirojni musulmonlar oʻrtasida taqsimlash fikri barcha musulmonlar uchun xayrli va
foydali boʻlgandi. Shuning natijasida, islom oʻlkalari keyingi ming yillikda eng
odilona soliq siyosatiga ega, ijtimoiy muhtoj qatlam davlat tomonidan
himoyalangan, yuksak harbiy salohiyatga ega, eng taraqqiy etgan tsivilizatsiyaga
aylandi. Millionlab insonlar
xafv-hatardan, ochlikdan va muhtojlikdan omonda boʻldi. Ana shular Umar roziyallohu
anhu va unga zamondosh musulmonlar haqqiga: “Ey Rabbimiz! Oʻzing bizlarni va
bizdan ilgari imon bilan oʻtganlarni magʻfirat etgin” deb duo qilib
kelmoqdalar.
Muhammad Ziyo