Vasvasa shaytondandir
Vasvasa nima? Asli, asosi boʻlmagan, haqiqatga aloqasi yoʻq, odamni yomon, foydasiz xayollarga, ishlarga boshlaydigan vahima, shubha, ikkilanish va ehtimollar. U bizni nazorat ostiga oladi, eng xunugi, dinda joiz boʻlmagan harakatlarga yoʻnaltiradi.
Bunda eng birinchi bilishimiz kerak boʻlgani – bizda roʻy
berayotgan holatning vasvasaligini, shayton yoʻldan adashtirish uchun urinayotganini
anglash. Chunki iblis ojizligimizdan foydalanib, bizni tushkunlikka tushirish,
qoʻrqitish, oramizni buzish, aqidaviy masalalarda shubhalantirishni xohlaydi.
Odamzotni jahannamiy qilishdek katta maqsadiga etishni istaydi.
Binobarin, Alloh taoloning “Odamga sajda qil” degan amrini
bajarmagani uchun huzuri ilohiydan quvildi. Oʻz gunohida ham Allohni, ham insonni
aybladi va dedi: “...Ey Rabbim! Qasamki, endi meni yoʻldan ozdirganing sababli,
albatta, ularga (Odam bolalariga) erdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli koʻrsatib
qoʻyurman va albatta, ularning hammalarini yoʻldan ozdirurman! Illo ularning
orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir)” (Hijr, 39–40).
Bu dushmanlikning ilk samarasi hazrat Odam va hazrat Havvoga
taqiqlangan mevani edirganida koʻrindi. Odam alayhissalom va zavjasi xatolarini
tezda tushunib, pushaymonlik va koʻzyoshi ila tavba qilishdi; Haq taolodan afv
soʻrashdi.
Xuddi shu oʻrinda shayton bilan hazrat Odam oʻrtasidagi farq
yaqqol koʻzga tashlanadi. Gunohni qilib qoʻyib, sarkashlik bilan aybdor izlagan
iblis oʻch olish payiga tushdi. Hazrat Odam va hazrat Havvo esa oʻz vaqtida
ayblarini boʻyinlariga olib, Allohning rahmat va magʻfiratiga sigʻinishdi.
Bugun ham odam oʻsha, shayton ham... Hanuz toʻrt yonimizdan
yaqinlashib, qalbimizga goh oʻtmish, goh kelajak bilan xavotir soladi. Baʻʻzan
savobimizni katta qilib koʻrsatish bilan chalgʻitsa, baʻʻzan gunohlarmizi
kechirilmasligi haqidagi vahimalar bilan isyonga undaydi.
Rasululloh aytganlaridek, qon tomirlarimizda yuradigan shayton
zaif tomonlarimizni juda yaxshi biladi. Shunday ekan, hushyor boʻlmasak, bizni
istagan tomoniga boshlaydi.
Bir kuni ishxonaga telefon boʻldi, meni soʻrashdi. Oʻzim tengi
ayol: “Shu darajada yomon ahvoldamanki, hatto Allohning sifatlari borasida nojoiz
oʻylar miyamga kelyapti. Agar ularni boricha aytsam, sizniyam ongingizga oʻrnashib
qolishidan qoʻrqaman”, deb yigʻlab yubordi. Xudoning hikmatini qarangki, oʻsha
kunlari oʻzim ham qattiq vahimada qolgan, bir kun oldin Shayx Muhammad Sodiq
Muhammad Yusuf rahimahullohning Misrdagi tahsil davomida vasvasaga tushganlari va
bundan qanday qutulganlari haqidagi xotiralarini oʻqib, tinchlanib turgandim.
Shularni va oʻzimda boʻlgan holatlarni ham yashirmay aytib berdim. “Sizda ham
shunday-shunday boʻladimi? Mana bunday fikrlar xayolingizga keladimi?” dedim. Ayol
oldin hayratlandi, aytganlarimni tasdiqladi, keyin aytdi: “Demak, bu holga
tushgan bitta men emas ekanman-da! Bunaqa oʻylarni miyaga olib keladigan iblis
ekan-da!”
Oʻsha ayol aytganday, vasvasaga uchib, gunohga qolishdan
qutulishning eng birinchi yoʻli – uning shaytondan ekanini bilish va darhol
Allohning panohiga sigʻinishdir: “Aʻʻuzu billahi minash-shaytonir rojiym...”
Zumrad Foziljon qizi