Eng katta dushmanimiz
Alloh taolo shayton odam bolasining ochiq-oydin dushmani ekani haqida doimiy ravishda ogohlantirib, oʻzimizni shunga yarasha tutishga buyuradi: “Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tuting! U oʻz firqasini (oʻziga ergashganlarni) doʻzax ahli boʻlishga daʻʻvat qilur” (Fotir, 6). Shunga koʻra, gʻanimga munosabatimiz doʻstga muomalamizdan farqli boʻlishi kerak.
Shuningdek, Alloh taolo
insoniyatning yakka-yu yolgʻiz dushmani shayton va shaytonga sevimli amallar ekanini
bildiradi. Shunday boʻlgach, shaytonni suyuntiradigan ishlarni yoqtirish nodonlik, uni
xushnud etish esa toʻgʻri yoʻldan adashish, zalolatga yuz tutishdir. Agar iblisni quvontiradigan,
unga kuch bagʻishlaydigan narsalardan nafratlansak, gʻoliblar safidamiz. Boshqa yoʻlni
ixtiyor etsak, u ikki dunyomizni xarob qiluvchi yoʻldir. Alloh saqlasin!
Doʻst bilan dushmanni
yaxshi ajratib olish uchun bizga Qurʻʻon va sunnatga asoslangan etarli bilim kerak
boʻladi. Har bir jangda boʻlganidek, shayton bilan kurashda ham kuchli qurol va
undan foydalanish mahorati zarur. Musulmon kishi uchun kuchli qurol – imon va
ishonch. Undan foydalanish mahorati – ilm va amaldan toʻxtamaslik. Kuchimiz esa
mardlik, gʻayrat va qatʻʻiyatimizdir.
«(Iblis) aytdi: “Ey Rabbim! Qasamki,
endi meni yoʻldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) erdagi
(barcha gunoh ishlarni) chiroyli koʻrsatib qoʻyurman va albatta, ularning hammalarini
yoʻldan ozdirurman. Illo, ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan
mustasnodir)» (Hijr, 39–40). Demak, oʻzi aytganidek, shayton ham
barcha qurollarini ishga solib, bizga qarshi jangga chiqadi. Masalan, bilimimizdan
mahrum etish uchun johillikni, imon va ixlosimizdan ayirish uchun shubha va
ishonchsizlikni, qatʻʻiyatimizni soʻndirish uchun esa qoʻrqoqlik, dangasalikni
ziynatlab koʻrsatadi.
“Soʻngra, ularga
oldilaridan, ortlaridan, oʻng tomonlaridan va soʻl tomonlaridan (chalgʻitish uchun) kelaman.
(Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan” (Aʻʻrof,
17).
Iblisning maxfiy va
kuchli qurollaridan biri hayotdan norozilik tuygʻusini kuchaytirish, shu tarzda
isyonga olib borish; bizni tushkunlik, umidsizlik, noshukrlik girdobiga solib, qiynashdir.
Bu hiylalarga uchganlarning barcha yaxshiliklardan mahrum boʻlishi aniq. Aslida,
shaytonning yagona niyati ham shu.
Dinimizda eng ulugʻ va
ogʻir kurash nafsga qarshi kurashdir. Yaʻʻni, shaytoniy his-tuygʻular, oʻy-fikrlarga qarshi
turib, Parvardigorga pokiza holda, yorugʻ yuz bilan yoʻliqishga intilishdir. Albatta,
bu yoʻl qiyinchilik va mashaqqatlarga toʻla. Ularni engib oʻtish uchun hamma
imkoniyatlarni oxirigacha ishga solishimiz kerak: “Yoki sizlarning ichingizdan
(Uning toati yoʻlida) jiddu jahd qilganlar va (qiyinchiliklarga) sabr qiluvchilarni
Alloh bilmay (sinamay) turib, jannatga kiraveramiz, deb oʻyladingizmi?”
(Oli Imron, 142).
Mazkur kurashdagi gʻoliblar
xushxabarini Alloh taolo bunday bayon qiladi: “Imon keltirgan va solih
amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qoʻysinlarki) albatta, Biz yaxshi
amallarni qilgan kishining mukofotini zoe qilmasmiz. Aynan ular uchun ostilaridan
anhorlar oqib turadigan mangu jannatlar bor boʻlib, ular u joyda oltin
bilakuzuklar bilan bezanurlar va yashnab turuvchi shoyi liboslar kiyib, soʻrilarda
suyanib oʻtirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar goʻzal joy u!” (Kahf, 30–31).
Bu umidbaxsh oyati
karima shayton va nafsimiz bilan kurashda qanday sinovlarga duch kelmaylik, Alloh
taologa shukr qilishga va U Zot bergan hayotga rozi boʻlishga undaydi. Zero, Alloh
taoloning irodasi, ilmisiz hech narsa sodir boʻlmaydi. Oldimizdagi vaqtinchalik
mashaqqatlar jiddu jahd qilishga va kurashishga arziydigan xayrli oqibat uchundir!
Dilafroʻz SALOHIDDIN qizi
tayyorladi.