Yaralishimiz hikmati
“Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim” (Zoriyot, 56).
Mufassir Roziy oyati karimaning nozil boʻlish sababi haqida bunday yozadi: “Makka mushriklari: “Alloh taolo farishtalarni yaratgan va ularni Oʻziga yaqin qilgan. Shunga koʻra, farishtalar Allohga ibodat qiladilar. Zotan ularning yaratilishlaridan koʻzlangan maqsad ham ibodatdir. Biz esa, darajamiz pastligi uchun Allohga ibodat qilishga loyiq emasmiz. Shuning uchun biz farishtalarga ibodat qilamiz, farishtalar Allohga ibodat qilishadi”, deyishardi. Shunda Alloh taolo:“Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”, deya marhamat etgan va bu oʻrinda farishtalarni zikr qilmagan. Chunki farishtalar haqidagi holat Makka mushriklari orasida maʻʻlum va mashhur edi. Shu bois, Alloh taolo faqat ixtilofli jihatni zikr qilgan”.
Qurtubiyning tafsirida aytilishicha, bu buyruq Alloh taoloning azaliy ilmiga koʻra, Oʻziga ibodat qilishi maʻʻlum boʻlgan bandalarga tegishlidir. Buyruq umumiy lafzda kelgani bilan maʻʻnosi xususiydir. Buyruqning maʻʻnosi bunday: “Men jin va insonlardan baxtiyorlarini faqatgina Meni yagona bilsinlar, deya yaratdim”.
Oyatda nima uchun jinlarning oldin zikr qilingani xususida bir necha xil qarashlar bor:
– “Jin” soʻzi “koʻrinmaydigan” degan maʻʻnoni beradi. Shunga koʻra bu soʻz farishtalarni ham oʻz ichiga oladi.
Farishtalarning ixlos va ibodatlari ulugʻ boʻlgani uchun insonlardan oldin zikr qilingan;
– Jinlarning oldin zikr qilinishiga sabab ularning oldin yaratilganligidir;
– Ibodat ochiq va maxfiy turlarga boʻlinadi. Maxfiy qilingan ibodat ochiq-oshkora qilinganidan ustundir. Jinlarning ibodati maxfiy boʻlib, ichiga riyo kirish ehtimoli kam. Insonlarning ibodatlariga esa riyo aralashib qolishi mumkin. Chunki odam baʻʻzan boshqalarning koʻzi uchun; baʻʻzan esa jinlardan xabar olish yoki ulardan qoʻrqqani uchun ibodat qiladi. Jinlar unday emas.
Qushayriy aytadi: “Oyati karimada bandalarning bir qismi nazarda tutilgan. Chunki aqli zaiflar va bolalar Alloh taologa ibodat qilishga buyurilmagan. Zero, “Jinlar va insonlarning koʻpchiligini jahannam uchun yaratganmiz...” (Aʻʻrof, 179) degan mazmunda oyati karima bor. Doʻzax uchun yaratilgan kimsalar esa, ibodat uchun yaratilganlardan boʻlishi mumkin emas. Shunday ekan, bu oyati karimani bandalar orasidan imon keltirganlar haqida tushgan, deyilsa toʻgʻri boʻladi”.
Hazrat Ali karramallohu vajhahu oyatni bunday tafsir qilganlar: “Men jinlarni ham, insonlarni ham faqatgina ularni ibodatga buyurishim uchun yaratdim”. Zajjoj ham shu maʻʻnoni maʻʻqullagan. Bunga Alloh taoloning “...Vaholanki, Yolgʻiz Allohgagina ibodat qilishga buyurilgan edilar...” (Tavba, 31) oyati karimasi dalil boʻladi.
Bundan tashqari, “...faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina...” oyati karimasini “Istasalar ham, istamasalar ham Menga ibodat qilinishi kerakligini eʻʻtirof etsinlar”, degan maʻʻnoda taʻʻvil etganlar ham bor. Buni Ali ibn Abu Talha Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Mujohid oyatni “Faqatgina Meni bilib-tanishlari uchun” deb tafsir qilgan. Saʻʻlabiy buni “Ajoyib taʻʻvil!” deb taʻʻriflagan. Chunki Alloh ularni yaratmasa edi, Uning borligi va birligi bilinmasdi. Bu tafsirga Alloh taoloning “(Ey Muhammad,)qasamki, agar ulardan: “Osmonlar va Erni kim yaratgan?” deb soʻrasangiz, albatta: “Ularni qudratli va bilimli (Alloh) yaratgan”, derlar” (Zuxruf, 9) maʻʻnoli oyati karimasi va shunga oʻxshash oyatlar dalil boʻladi.
Zayd ibn Aslam oyatning sharhida bunday deydi: “Bu ularning yaratilishlaridagi baxtlilik yoki baxtsizlikdir. Alloh taolo jinlar va insonlardan baxtlilarini Oʻziga ibodat qilishlari uchun, baxtsizlarni esa isyon qilishlari uchun yaratgan.”
Kalbiydan naql qilishlaricha, oyatning maʻʻnosi “Faqatgina Meni yagona deb bilishlari uchun yaratdim”, demakdir. Moʻmin qiyin, mashaqqatli vaqtlarda ham Allohni bitta deb ishonishda davom etaveradi. Kofir esa qiyin paytda Uni yagona deb biladi, ammo rohat-farogʻatda yashaganida bunday qilmaydi. Bu maʻʻnoni “Qachonki, (kofirlarni) togʻlardek toʻlqin(lar) oʻrab olsa, ular chin ixlos bilan Allohga duo iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh) ularga najot berib, quruqlikka (chiqarsa), u holda ulardan (ayrimlarigina) toʻgʻri yoʻl tutuvchidir. Oyatlarimizni faqat barcha xoin va noshukr kimsalargina inkor qilurlar” (Luqmon, 32) mazmunli oyati karimasi tasdiqlaydi.
Ikrima oyatni bunday sharhlaydi: “Men jin va insonlarni faqatgina Menga ibodat qilishlari va itoat etishlari uchun yaratdim. Ibodat qilganlarni mukofotlayman, inkor etganlarni esa jazolayman”.
“Jinlar va insonlarning yaratilishiga sabab boʻlgan oʻsha ibodat nima edi?” degan savolga Roziy bunday javob bergan: “Bu – Alloh taoloning barcha amrlariga hurmat va maxluqotiga izzat koʻrsatish. Chunki shariatning butun hukmlari mana shu ikki xil narsadan xoli emas. Ibodatlarning xususiyatiga kelsak, bu boradagi qonun-qoidalar, shakl, oz-koʻplik, zamon-makon, shartlar va ruknlar jihatidan turli-tumandir. Taʻʻzim va ibodatning Ulugʻ Allohga loyiq darajasini aql bilan topish mumkin boʻlmagani uchun bu xususda sharʻʻiy qoidalarni mahkam tutish va paygʻambarlarning soʻzlarini olish kerak. Zero, Alloh taolo ibodatning bu ikki turi xususida bandalariga paygʻambar yuborish va mazkur xususdagi yoʻllarni izohlash orqali cheksiz lutf koʻrsatgan”.
Qurtubiy va Faxriddin Roziy tafsirlari asosida
Noʻʻʻmon Abdulmajid tayyorladi.