Bir bolaga yetti mahalla ota-ona deyishadi. Bu gap zamirida shunday ma’no bor: bola tarbiyasiga faqatgina ota-ona emas, qo’ni-qo’shni, mahalla va umuman u yashayotgan jamiyat mas’uldir. Nafaqat tarbiyasiga, balki e’tiqodiga ham. So’nggi yillarda sharq musulmon mamlakatlari, xususan, O‘zbekistondan bir qismi g’arbga ko’chib ketish holatlari kuchaymoqda. Ayrim davlatlar aholisi mamlakatdagi notinchlik sabab Yevropa tomon qadam tashlashga majbur bo’lsa, boshqalar farovon hayot ilinjida o’zga yurtga otlanmoqda. Lekin buning yuqorida aytganimiz — u yoqdagi hayotning farzandlar tarbiyasi va e’tiqodiga ta’siri kishini xavotirga qo’yadi.

Pew Research Centre hisobotiga ko’ra Yevropadagi musulmonlar soni har yili kamida bir foizga o’sib bormoqda. 2030-yilga borib Yevropa aholisining 8 foizini musulmonlar tashkil qilishi taxmin qilinmoqda.  Ammo bu degani Yevropada endi musulmoncha yashash, bolaning islom talablari asosida voyaga yetishida muammo bo’lmaydi degani emas. Chunki g’arbda musulmonlar soni qanchalik ortmasin, islomofobiya ham keskin kuchaymoqda. 



Istanbuldagi Turkiya-Germaniya universiteti professori Enes Bayrakli Anadolu nashriga bergan intervyusida Yevropada yildan yilga islomofobik ruhdagi qoidalar amalga kiritilayotgani, aniqroq aytganda islomofobiya qonuniylashtirilayotganini ta’kidlagan. Bu esa musulmonlarga nafaqat jamiyatda salbiy qarash borligini, balki bu fobiya hukumat miqyosida avj olganini anglatadi. Maktabga borganida musulmon ekanligi uchun davraga qo’shila olmagan bolaning xayolidan bir marta bo’lsa ham “balki xato yo’ldadirman” degan fikr o’tishi ehtimoldan holi emas. Buning takrorlanishi esa yosh musulmonlarning dindan chiqishiga olib kelishi mumkin. Ustiga ustak Enes Bayraklining ta’kidlashicha Yevropaning ayrim hududlarida nafaqat musulmon kishilarga nisbatan nafrat shakllangan, balki nodavlat musulmon tashkilotlari ham yomonotliq qilib ko’rsatilmoqda. Ya’ni u xoh halol restoran bo’lsin, xoh musulmoncha mehmonxona — jamiyat yoki hukumat ularni siquvga olishi ehtimoli ortib bormoqda. Faqat oiladan boshqa har bir qadamida islomga nafratni ko’rgan, boshqa din vakillarining tinch-totuv, farovon yashayotganini ko’rgan yoshlarning fikri zaxarlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. 

G’arbga borgan birinchi avlod muhojirlari ya’ni ota-onalarda bu holat kuzatilmasligi mumkin. Chunki ular e’tiqodini o’z mamlakatida mustahkamlab olgan bo’ladi. Ammo ikkinchi avlod muhojiri, ya’ni g’arbga ko’chib o’tgan oiladan tug’ilgan farzandlar o’zlari bilgan yoki bilmagan holatda g’arb jamiyatiga qorishib ketishadi. Ular til, kiyinish, madaniyat jihatidan yevropalashib yoki amerikalashib boradi. Atrofdagi boshqa din vakillarining ularga islomning qaysidir tamoyillari xato ekanini uqtirishga harakati emas, uni aynan musulmon bo’lgani uchun ijtimoiy past mavqeda ko’rishlari, o’zini qadrsiz deb o’ylashi psixologik jihatdan yarador qiladi va bu boshlanishida dinga shubha, keyinchalik esa butunlay dindan chiqishga yetaklashi mumkin. 

“Yaqeen” Islom tadqiqotlari instituti Amerikadagi musulmonlarda paydo bo’ladigan shubha va dindan chiqish holatlari bo’yicha o’tkazgan tadqiqotda bunga asosiy sabablar sifatida islomning muntazam tanqid qilinishi, evolyutsiya, gender va hokazo ta’limotlarning g’arbga xos yondashuvlari, jamiyatdagi islomofobik ruh ta’sir qilishi aniqlangan. 

Shu o’rinda haqli savol tug’iladi: Nahotki g’arbga ko’chib ketish oldidan musulmonlar shu kabi xavflarni o’ylashmaydi. Chegaralarda jon hovuchlab ketishlar, borgandan so’ng ishsizlik muammolari, zulm va hokazolarni ochiq ko’z bilan ko’rish imkoni borku axir! G’arb jamiyati madaniy va axloqiy jihatdan o’ziga teskari bo’lgan din vakilini quchoq ochib kutib olish ehtimoli mingdan birmi yoki milliondanmi? 

Quora portaliga qancha musulmon islomni tark etmoqda mazmunida joylangan savolga berilgan javoblarni o’qigan kishi hayratdan yoqa ushlaydi. Siz yoki biz dindan chiqayotgan musulmonni har kuni ham ko’ravermaymiz, ehtimol umuman ko’rmagandirsiz. Ammo portaldagi javoblar Indoneziya, Pokiston, Eron kabi asosiy dini islom bo’lgan mamlakat fuqarolari tomonidan qoldirilgan va bunga sabab ular qanchadir vaqt g’arbga safar qilgan, qanchadir yil yashagan yoki shunchaki ijtimoiy tarmoq orqali mutazam ravishda yevropaliklar bilan muloqotda bo’lgan.

Pew Research Center’ning 2017-yil o’tkazgan tadqiqotlari shuni ko’rsatdiki, Amerikaga ko‘chib o‘tgan musulmonlarning keyingi avlodlarining 24 foizi islomni tark etgan va bu bir yillik ko’rsatkich. Ularning esa 55 foizi o’zini hech qaysi dinga e’tiqod qilmasligini, 22 foizi nasroniy va yana 21 foizi buddizm, hinduizm va boshqa e’tiqodlarni tanlagani ma’lum qilingan
Sabablar esa turlicha: kimdir islomni yaxshi bilmagani sabab qalbidagi shubha natijasida dinni tark etgan bo’lsa, yana kimdir tashqi ta’sirlarga uchgan. 

O’zbekiston misolida oladigan bo’lsak, o’tgan yilda green kardga ariza topshirgan hamyurtlarimizning 5511 nafari Amerikaga ketish imkoniyatini qo’lga kiritgan. Bu esa kamida 5 ming nafar o’zbekistonlik Amerikaga ketadi degani. Green kardsiz, boshqa yo’llar orqali ketadiganlar esa alohida mavzu. Aholisining asosiy qismi musulmon bo’lgan mamlakat fuqarosi g’arb davlatiga borgach u yerning past balandi va axloqiy-madaniy sharoitlarini qanchalik qabul qilishiyu, o’zligini qanchalik saqlay olishi muhim, biroq mavhumroq masala.

Al Jazira nashri Yevropa davlatlarining birida yashovchi 17 yoshli qizning hikoyasini keltiradi. Unga ko’ra musulmon qizning oilasi Yevropaga ko’chib o’tgan va qiz sinfidagi 18 nafar o’quvchilar ichidagi yagona musulmon edi. Sinfdoshlari ba’zan alohida, ba’zan esa guruh bo’lib unga nega hijobda ekani, nega musulmonligi, islomning unga nima foydasi bor ekani va hokazo savollarni berib qizning xayoliga shubha solishadi. Qiz esa “ularning savoliga javob berish uchun avvalo o’zimda javob yo’q edi” deydi. Ahvol shu darajaga yetadiki, muslima qiz Allohning borligiga shubhalana boshlaydi. Keyinchalik xotiralarini so‘zlab berar ekan “Men Allohni tark etdim, lekin Alloh meni tashlab qo’ymadi” deb ta’kidladi va bu kabi holat g’arbda yashaydigan har bir musulmonning boshiga tushishi mumkinligi, qanchadan-qancha musulmon yoshlari har kuni shu kabi to’qnashuvlar, nizolar, kamsitishlar, psixologik iztiroblarni boshdan kechirishini aytadi.

Ushbu fikrlar va faktlar orqali g’arbda yashash musulmonlar uchun xavfli yoki noto’g’ri deyishdan yiroqmiz. Har kim o’ziga munosib ko’rgan, o’zini yaxshi his qilgan joyga borishi va yashash huquqiga ega. Lekin shuni unutmaslik kerakki, har yerning o’z tosh-u tarozisi bor. Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilmasligi, Yevropa yoki Amerikaga borgan musulmonlarning dindan chiqib ketishini oldini olish uchun nima qilish kerak degan savol tug’iladi. Javoblar esa bir qancha topiladi.

Avvalo, mamlakatni tark etayotganlarning nima uchun g’arbga intilayotganini aniqlash va o’sha sharoitni o’z yurtida yaratish lozim. Kimdir yaxshiroq maosh izlab Fransiyaga ketmasligi uchun uning mehnati o’z yurtida qadrlanishi kerak. Hech bir inson xoh u musulmon bo’lsin xoh boshqa din vakili — o’z yurtida unga tazyiq bo’lmasa, hayoti farovon bo’lsa, mehnati, ilmi, harakati munosib baholansa, hech qachon o’z yurtini tashlab ketmaydi. Nari borsa sayohat uchun xorijga chiqishi mumkin, lekin ota yurtini butunlay tashlab, e’tiqodi uchun kamsitiladigan joyga ko’chib ketmaydi.
Bundan tashqari, kishi har qanday vaziyatda ham dinida sobitqadam bo’lishi uchun ilmi va iymoni mustahkam bo’lishi kerak. Bunday ilmni olishga o’z yurtida imkoniyat bo’lsa, islom ilmlarini mustahkam o’zlashtirsa, uni har qanday tazyiq yoki kamsitish ham dinini tark etishga sabab bo’la olmaydi.

Mavzuga aloqador