Tasavvuf ulamolari nazdida roʻzaning uch turi mavjud: ommaning roʻzasi, xoslarning roʻzasi, eng xoslarning (xoslarning xosi) roʻzasi.

Ommaning roʻzasi oshqozon va farjning shahvat istaklarini toʻsish orqali amalga oshiriladi.

Xoslarning roʻzasi oshqozon va farjning shahvat istaklarini toʻsish bilan birga koʻloq, koʻz, til, qoʻl, oyoq va boshqa aʻʻzolarni gunohlardan tiyish orqali yuzaga chiqadi.

Eng xoslarning roʻzasi esa oshqozon va farjning shahvat istaklarini toʻsish, quloq, koʻz, til, qoʻl, oyoq va boshqa aʻʻzolarni gunohlardan tiyish bilan birga qalbni pastkash gʻam-tashvishlardan saqlash, dunyoviy anduhlardan poklash, umuman, qalbdan Allohdan boshqa hamma narsani chiqarib tashlash orqali hosil boʻladi. (“Ihyou ulumid din”, Abu Homid Gʻazzoliy)

Demak, tasavvuf ulamolarining nazdida roʻzador nafaqat eb-ichishdan, oilaviy munosabatlardan oʻzini tiyadi, balki Alloh taolodan, oxiratdan boshqa fikrlardan ham tiyilishi darkor. Faqatgina dunyoviy tashvishlar oxirat uchun tayyorgarlikka xizmat qilsa mumkin.

Hatto baʻʻzi ulamolar, kimki iftor vaqtida nima er ekanman, deb gʻam-tashvish qilsa, undan xatolik sodir boʻlgan boʻladi, deyishgan. Chunki bu holat Alloh taoloning Roziq (rizq beruvchi) ekaniga haqiqiy maʻʻnoda ishonmaslik natijasida yuzaga chiqadi.

Eng xos bandalarning roʻzasi oltita ishni jamlash orqali hosil boʻladi:

1.  Koʻzni har bir harom va makruh hisoblangan narsalardan tiyish. Nafaqat harom va makruhlardan, balki Allohdan chalgʻitadigan, qalbni mashgʻul qiladigan hamma narsadan nazarni tiyish.

2.  Tilni ortiqcha gapdan tiyish. Yaʻʻni, shariat harom qilgan yolgʻonchilik, chaqimchilik, tuhmat, gʻiybat kabi soʻzlardan tiyilish bilan birga behuda, ortiqcha har bir soʻzdan toʻxtab, faqat Allohning zikri, Qurʻʻon tilovati va imkon boricha sukutni lozim tutish. Hatto baʻʻzi tasavvuf ulamolari gʻiybat roʻzani buzadi, degan fikrlarni ham ilgari surishgan.

3.  Quloqni har bir makruh tovushni tinglashdan tiyish. Zero, gapirish harom boʻlgan har bir narsani tinglash ham haromdir. Shuning uchun ham Alloh taolo harom narsani tinglashni harom narsa eyish bilan barobar zikr qilgan.

4.  Qoʻl, oyoq kabi boshqa aʻʻzolarni ham gunohlardan – harom va makruhlardan tiyish. Shuningdek, saharlik va iftor vaqtida shubhali mahsulotlardan parhez qilish.

5.  Saharlik va iftor vaqtlarida halol taom bilan ham qorinni haddan ziyod toʻydirib yubormaslik. Chunki Alloh taoloning eng koʻp gʻazabini keltiradigan  idish – haddan ziyod toʻldirilgan qorindir. Zero, aslida roʻzadan koʻzlangan maqsad nafsni jilovlash, shaytonga qahr qilish hisoblanadi. Nafsni engish yoki shahvatni sindirishga kunduzi bilan isteʻʻmol qilgisi kelgan narsani emay och yurib, iftor vaqtiga kelganda oʻshalarni hammasini qoringa tiqish bilan erishilmaydi. Tasavvuf ulamolari ramazon iftorida isteʻʻmol qilinadigan taomlar xilma xilligi va miqdori roʻzadan boshqa paytdagidan oshib ketmasligi kerak, bir xilda boʻlishi lozim, deyishadi. Chunki yuqorida aytganimizdek, roʻzadan koʻzlangan maqsad nafsning xohishlarini jilovlashdir.

6.  Kunlik roʻzani nihoyasiga etkazib, iftorlik qilib boʻlgach qalbi xavf va rajoda, yaʻʻni, roʻzani qoyillatib tutib qoʻydim, deb emas, ushbu tutgan roʻzam Allohning nazdida maqbul boʻldimikan, xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻymadimmikan, deb xavf(qoʻrquv)da va inshaalloh Robbim ushbu roʻzamni qabul qilar, degan rajo(umid)da boʻlmogʻi lozim. Chunki qilayotgan amallarimiz Allohning nazdida qabul qilinadimi yoki rad etiladimi, hech birimiz bilmaymiz.

Shuningdek, tasavvuf ulamolarining nazdida roʻzani har qanday harom amal buzadi. Faqatgina eyish, ichish va jimodan oʻzini tiyib tutgan odamning ham roʻzasi sahih boʻladi, ammo bu eng engili hisoblanadi. Bu holat huddi tahoratda faqat farz aʻʻzolarini bir martadan yuvib namoz oʻqigan kishiga oʻxshaydi. Bu kishining namozi sahih hisoblansa ham fazl-darajasi ancha kam boʻladi. Roʻza tutib nafaqat eyish, ichish va jimodan oʻzini tiyib, balki biz sanagan yuqoridagi olti holatga ham amal qilgan kishi esa tahoratini farz, sunnat va mustahablarga rioya qilib bajargan va namoz oʻqigan kishiga oʻxshaydi.

Kuni bilan oʻzini tiyib, iftor vaqtida harom yoki shubhali narsalar bilan oshqozonni toʻldirish, yohud kuni bilan quloq, til, va koʻzni tiyib, iftordan keyin nafs xohlaganini bajarish roʻzador uchun eng xatarli holat hisoblanadi.

Yuqoridagilardan bilishimiz mumkinki, tasavvuf ulamolari amallarning, xususan, roʻzaning mohiyatiga asosiy eʻʻtiborni qaratadilar. Ammo bu degani ular fiqhiy hukmlarga qarama-qarshi degani emas. Tasavvuf ulamolari faqatgina chuqurroq, jiddiyroq eʻʻtibor qaratishadi, xolos. Eyish, ichish va jimodan tiyilish ham shahvatni sindiruvchi, nafsni jilovlashga yordam beradigan amallar sanaladi. Ammo nafsni barcha gunohlardan tiyish eng asosiy maqsad boʻlishi kerak, deb hisoblaydilar. Oʻzi umuman tasavvuf ulamolarining nazdida barcha amallar nafsni tarbiyalash, uni isloh qilishga qaratilgan boʻladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ramazon oyi qalb va ruhiyatni poklab olish uchun nihoyatda qimmatli fursat. Ramazon oyi nafaqat zohirimizni balki botinimizni – qalbimizni ham poklab olishimiz mumkin boʻlgan muddat.

Taom va ichimliklar roʻzadorning xayolidagi eng haqir narsalar boʻlishi lozim. Aslida esa bor eʻʻtibor qalbga, jismning gunohdan uzoqligiga qaratilishi darkor. Chunki qalb va tanani gunohdan bir lahzagina tiyib turish, ertadan kechgacha ovqat va ichimlikdan tiyib turishdan qiyinroq. Roʻza faqatgina oshqozonni tiyish emas, nafsni tiyishdir. Roʻza faqatgina jimodan maʻʻlum muddat oʻzini saqlash emas, insoniyatga zulm qilishdan, aziyat berishdan oʻzini saqlamoqdir.

Manbalar asosida Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi

Mavzuga aloqador