Muhandis, izlanuvchi va ixtirochi, oʻz yurtida texnalogiya sohasi etakchisiga aylanib ulgurgan Saljuq Bayroqdor 1979 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida tugʻilgan. Baʻʻzilar uni “Turk havo dronlari otasi” deb atashadi va asli nasli suriyalik boʻlgan ixtirochi Stiv Jobsga oʻxshatishadi. 

Saljuq Bayroqdor dunyo boʻylab texnalogiya sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun allaqachon qahramonga aylanib ulgurdi.
 2016 yili Turkiya Jumhuriyati Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonning qizi Samiyyaga uylanishi natijasida davlat rahbari bilan qarindoshlik aloqalarini bogʻladi. U yasagan dronlar baʻʻzi toʻqnashuvli hududlarda  koʻrsatgan natijalari tufayli bir necha orden va mukofotlar sohibiga aylandi. 

Bolalik davri
 Saljuq Oʻzdemir Bayroqdor 1979 yil 7 oktabrda, Istanbul shahrida, boy va muhofazakor oilada dunyoga keldi. Otasi Oʻzdemir Bayroqdor siyosatchi va tijoratchi boʻlib, oʻtgan asrning 90-yillarida Erdogʻon tarafdori sifatida siyosat bilan shugʻullangan. Bugun dovrugʻi dunyoga doston boʻlgan dronlarni ishlab chiqaradigan “Baykar” shirkatiga aynan ota Bayroqdor tamal toshini qoʻygan edi. U 2021 yilgacha – umrining oxiriga qadar ushbu shirkat rahbari lavozida faoliyat yuritdi.
Onasi Janon Bayroqdor 1971 yilda Istanbul universitetining iqtisod fakulʻtetini tamomlagan. Turkiya Sanoat taraqqiyoti bankida ishlagan. U Turkiyadagi birinchi ayol kompʻyuter dasturchilaridan biri edi. Keyinchalik esa eri bilan qurgan oilaviy shirkatda faoliyat olib boradi. Bu hol oʻgʻillari Saljuq, Xoluq va Ahmadlarning samolyotlar olamiga kirishiga va uni yasash sir-asrorlariga qiziqishiga sababchi boʻldi.
Janon Bayroqdor oʻgʻillarini qoʻllab-quvvatlab, bu ishning sir-sinoatlarini oʻrgatar ekan, ularga shunday der edi: “Oʻgʻillarim, sizlarga bergan oq sutim haqqi, har xil toʻsiqlar, fitna va qoʻrqitish siyosatlariga qaramay, biz ishlab chiqqan texnologiyani Turk armiyasining sharafli oʻgʻlonlari xizmatiga taqdim qilmasangiz, men sizni muvaffaqiyatsiz deb hisoblayman va norozi boʻlaman!” Bayroqdorlarning muvaffaqiyatiga aynan onaning shunday matonati va qatʻʻiyati sabab boʻlgan, desak yanglishmaymiz.
Janon Bayroqdor hozir ham “Baykar Finance Group” shirkati rahbari lavozimida ishlamoqda.

Taʻʻlim bosqichi
 Saljuq boshlangʻich taʻʻlimni oʻz tumanidagi boshlangʻich maktabda oldi. Soʻngra oʻqishni Istanbuldagi amerikacha usulda taʻʻlim beruvchi “Robert” nomli kollejda davom ettirdi. 1997 yili ushbu kollejni tamomlab, Istanbul Texnika universitetining “Elektronika va aloqa muhandisligi” boʻlimiga oʻqishga qabul qilinadi. 
Universitetda oʻqishlari davom etayorgan bir davrda unga yangi ufqlarni ochgan, eng yuksak mahoratlarni egallashga yordam bergan, otasining “Baykar” shirkatini rivojlantirish orzusini roʻyobga chiqarishiga sababchi boʻlgan Amerikaning Pensilvaniya universitetiga malaka oshirish uchun hujjat topshirib, u erdagi oltin davrini boshlaydi. Malaka oshirish muddati tugaganidan soʻng Turkiyaga qaytadi. Bu davrda u bakalavrni bitirib boʻlib, “Samolyotlarni rivojlantirish” boʻlimida magistratura bosqichidayoq uchuvchisiz samolyotlar yasab berish vaʻʻdasi evaziga universitetdan grant olishga muvaffaq boʻladi. Bu uning 2002 va 2004 yillar orasidagi natijalari edi.
 Magistraturadagi ajoyib natijalaridan soʻng, bir paytning oʻzida ikkinchi, Amerikaning Massachusets universitetidan samolyotni uchuvchisiz boshqarish boʻyicha texnalogiya yoʻnalishida oʻqish uchun grantni qoʻlga kiritadi.
 Bu davrda u universitetning elektron muhandislari sifatida ishlayotgan ikki mashhur proffessor: Jorj Poppes va Erik Feyronlarga assistent boʻlib ishlashga muvaffaq boʻladi. Bu unga xalqaro miqyosda yoʻlovchi tashuvchi samolyotlar, ularni boshqarish va tizimlashtirish borasida amaliy izlanish olib borishiga imkon berdi.

Amaliy tajriba
 2007 yil taʻʻlimni tamomlaganidan soʻng Turkiyaga qaytib “Baykar” shirkatida texnik nazoratchi lavozimida ish boshladi. 2021 yilga kelib, otasining oʻlimidan soʻng shirkat boshqaruvini oʻz qoʻliga oldi. U Turkiyada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish qurilmalarini yaratishda parvozlarni boshqarish, aviatsiya tizimlari muhandisligi, navigatsiya algortmlarini ishlab chiqish, tizimlar dinamikasi va harakati, oʻrnatilgan dasturiy taʻʻminot va elektron qurilmalarni ishlab chiqsh kabi turli sohalarga eʻʻtibor qaratdi.
 Bayroqdor 2017 yilda yoshlarni ilmga ragʻbatlantirish va texnologiyaga qiziqishi bor yoshlar uchun bu sohada har xil loyihalarni jamoa boʻlib tashkillashtish maqsadida “Turkiya Texnologiya Jamoasi” uyushmasiga asos solib unga rahbarlik qiladi. 
 “Bayroqdor TB2” nomli uchuvchisiz dronlarni yoʻnaltirish va boshqarishga oid loyihani ishlab chiqdi. Turkiyaning “Kurdiston Ishchilar Partiyasi”ga qarshi janglarida, Suriya va Liviyadagi janglarda bu loyiha muvaffaqiyatli sinovdan oʻtdi. Shuningdek, u turk armiyasi arsenaliga kiritilgan birinchi dron boʻlmish “Bayroqdor Mini”ni loyihalashtira oldi, shundan soʻng mamlakatdagi birinchi uchuvchisiz hujum tizimi hisoblangan “Bayroqdor Akinji” tizimini ishlab chiqdi va 2021 yil 29 avgustda qurolli kuchlarga topshirdi.
 Bayroqdor Turkiyaning uchuvchisiz uchar jihozlar texnologiyasidagi ustunligining yaqqol belgilaridan biri boʻlgan, 2023 yildagi ilk sinovlardan muvaffaqiyatli oʻta olgan, 35 ming fut balandlikka koʻtarilib, tezligi soatiga 1224 kilometrdan oshishi bilan ajralib turadigan “Qizil Olma” uchuvchisiz harbiy samolyotini yaratishda muvaffaq boʻldi. Shuningdek, bu qurilma 1.5 tonna raketa va oziq-ovqat zaxiralarini tashiy oladi. Uning soʻnggi parvozi 5 soat davom etdi.
 Saljuq Bayroqdor 2023 yil 27 aprelda aviatsiya, koinot va texnologiya sohasidagi eng yirik, Turkiyada yosh ishtirokchilarning isteʻʻdodlarini kashf etishda muhim vosita hisoblangan, hukumat insitutlari koʻmagida raketalar va boshqa texnologik innovatsiyalarini namoyish etgan “Texnovest” kosmik texnologiyalar festivalining tashkil etilishiga rahbarlik qildi.

Mukofot va yutuqlar
 “Bayroqdor TB2” dronlarining Togʻli Qorabogʻ urushida oʻynagan katta roli tufayli Saljuq Bayroqdor 2021 yil 1 aprelda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev tomonidan Qorabogʻ milliy ordeni bilan taqdirlandi.
 2022 yil 2 oktabrda Rossiya-Ukraina urushida turk dronlarining qoʻshgan muhim hissasi uchun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan “Xalqaro xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
 Bayroqdor 2023 yil 18 oktabrda Mali davlati rahbari tomonidan mamlakatga texnologik sohada koʻrsatgan hissalari va xizmatlari uchun davlatning eng yuqori milliy medaliga loyiq koʻrildi. Shuningdek, u 2015 yilda Turk Patentlashtirish Institutidan samolyotlar uchun avtomatik qoʻnish va uchish tizimi, ish sharoitidagi oʻzgarishlarni aniqlay oladigan boshqaruv tizimi, zaxira nuqtali parvozni boshqaruvchi 3ta tizim va aks-sado oʻlchash moslamasi boʻyicha 4 ta patent oldi.

Xayriya Ishlari
 Bayroqdor koʻrsatgan xizmatlar ichida yana koʻzga koʻringani shuki: Koronavirus (Covid-19) pandemiyasi davrida 2020 yil 22 mart kuni u Twitter platformasidagi shaxsiy akkaunti orqali Turkiyada boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda 5000 ta respirator ishlab chiqarishga texnik yordam koʻrsatishini eʻʻlon qildi va bu eʻʻlondan bir oy oʻtib vaʻʻda qilingan yordamni amalga oshirdi. Bundan tashqari, 2023 yil 6 fevralʻ kunida sodir boʻlgan Turkiya janubidagi “Qahramonmarash” zilzilasida jabrlanganlarga yordam sifatida minglab koneynet-uylar hamda 650 million turk lirasi miqdoridagi xayriyani amalga oshirdi.
Saljuq Bayroqdor mustahkam va sof eʻʻtiqodli musulmon, vatanparvar ziyoli va ilgʻor texnologiyalar sohasida peshqadam ekani bilan Turkiya hamda butun dunyo musulmon yoshlariga oʻrnak boʻlishda davom etmoqda.

Mavzuga aloqador