Qurʻʻoni karim - Allohning kalomidir. Undan bir qator gʻaybiy xabarlar ham oʻrin olgan boʻlib, ushbu gʻaybiy xabarlarga bagʻishlangan risolamizning navbatdagi qismida Makka fathi haqida suhbatlashamiz. Navbatdagi qism videosini saytimizda tomosha qilishingiz mumkin.

Fath surasining 27–28-oyatlarida shunday marhamat qilinadi: “Qasamki, Alloh oʻz paygʻambariga (u koʻrgan) tushni roʻyobga chiqardi, albatta, sizlar (ey moʻminlar!) Masjidul Haromga emin-erkin, boshlaringizni (sochlaringizni) qirdirgan va (yoki) qisqartirgan hollaringizda qoʻrqmasdan kirursiz, inshaalloh. Bas, (Alloh) sizlar bilmagan narsani bilib, undan (Makka fathidan) oldin yaqin bir gʻalabani (Xaybar gʻalabasiga ega) qildi. U oʻz paygʻambari (Muhammad)ni hidoyat va Haq din (Islom) bilan, u (din)ni barcha din(lar)ga gʻolib qilishi uchun yuborgan zotdir. Allohning oʻzi (bunga) etarli guvohdir”.

Paygʻambarimiz alayhissalom Madinada ekanlar, tushlarida moʻminlarning bemalol Masjidul Haromga kirib, Kaʻʻbani tavof qilishayotganini koʻrdilar. Bu xushxabarni ashobga bildirdilar. Chunki muhojir musulmonlar hijrat qilib chiqib kelishganidan beri Makkaga borisholmayotgandi.

Alloh taolo Oʻz huzuridan yordam va qoʻllov sifatida Fath surasining 27-oyatini vahiy qildi va tushlarining toʻgʻri ekanligini, agar Oʻzi xohlasa, moʻminlarning Makkaga kira olishlarini bildirdi.

Haqiqatan ham, bir muddat oʻtib, oldin Hudaybiya sulhi tuzildi, ortidan Makka fath etildi. Moʻminlar xavf-xatarsiz Masjidul Haromga kirib bordilar. Shu tarzda oyatda aytilgan ikki gʻaybiy xabar tasdigʻini topdi. Musulmonlar Makkani fath qilishdi va haq din  Islom barcha dinlar ustidan gʻolib boʻldi.

Lekin bir narsani ham unutmaslik va oyatlarga quyidagicha nuqtai nazar bilan yondoshish kerak. Koʻklamning boshida bahordan xushxabar etkazish oson. Lekin qishning oʻrtasida koʻklamdan bashorat berish mushkul ish. Qurʻʻonda kelgan xabarlar ham qish oʻrtasida navbahorni suyunchilash kabidir.

Zero, mazkur oyatlar tushgan paytda musulmonlar juda ojiz va son jihatidan kamchilik edi. Hijrat qilishga majbur boʻlib, vatanlarini, boru yoʻqlarini tashlab chiqishgandi. Kaʻʻba ziyoratiga kelishgan vaqtda ham Makka mushriklari izn bermagani uchun mahzun holda Madinaga qaytishgandi. Ana shu paytda Qurʻʻon ularning Kaʻʻbaga omonlikda kirishlarini va Islomning boshqa dinlar ustidan gʻolib kelishini bildirdi hamda bu haqiqatga aylandi.

Mavzuga aloqador