Qurʻʻondagi gʻaybiy xabarlar:
Biror kitob oʻqimagan, hech bir harf yozmagan odam moziyning qorongʻu qatlarida yashirin qolgan tamaddun haqida guvohi boʻlgandek gapirsa va bu xabar u zot yashagan davrdan oʻn toʻrt asr oʻtgach, olimlarning tadqiqotlari natijasida tasdigʻini topsa, nima deb oʻylardingiz? Va quyidagi ehtimollardan qay birini qabul qilgan boʻlardingiz:
1. Bu zot zamon va makonlarni oshib, oʻsha qavmning asriga borgan, soʻngra oʻz davriga qaytib, koʻrganlarini gapirib bergan. Lekin buni sogʻlom aql qabul qilmaydi.
2. Bu zot zamon va makonlarni yaratgan, ilmi bilan har zamonu makonni qamrab olgan Allohning elchisi va paygʻambaridir. Haq taoloning bildirishi bilan biladi va U Zotning xabar berishi bilan bildiradi. Bu maʻʻqul variant, zero, qabul qilish uchun bundan boshqa tanlov yoʻq.
Darhaqiqat, yoʻl ikkita emas, bitta. Bu ham boʻlsa, u zotning qatʻʻiyan Allohning paygʻambari ekaniga ishonishdir.
Endi u zotning paygʻambar va qoʻlidagi farmon Allohning Kitobi ekanligini isbotlaydigan moʻʻʻjizaviy xabarni keltiramiz: “Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qildi, koʻrmadingizmi?! (Ular) baland ustunli Iram (shahridan) boʻlib, (boshqa) yurtlarda uning oʻxshashi yaratilmagan” (Fajr surasi, 6–8-oyatlar).
1990 yilning boshlarida dunyoning nomdor nashrlari juda noyob arxeologik topilma haqida bong urdi. “Afsonaviy arab shahri topildi”, “Ubar – qumlarning Atlantidasi” kabi sarlavhalar bilan maqolalar eʻʻlon qildi. Mazkur topilmaning ahamiyatini oshirgan jihat Qurʻʻonda zikri kelganligi edi. Oʻsha paytgacha Od qavmining afsona ekanligi yoki aslo topilmasligini iddao qilganlar hayratda qolishdi. Qurʻʻonda nomi kelgan bu shaharni topgan kishi tajribasiz arxeolog, arabshunos va hujjatli filʻmlar ijodkori Nikolas Klapp edi. u 1932 yilda ingliz tadqiqotchisi Bertram Tomasning “Arabia Felix”, yaʻʻni “Baxtiyor Arabiston” kitobini oʻqib qoladi. Bu rimliklarning Arabiston yarimoroli janubida joylashgan, hozirgi kunda Yaman va Ummonni oʻz ichiga olgan hududga bergan nomidir.
Ingliz tadqiqotchisi Bertram Tomas Od qavmi yashagan Ubar shahri qoldiqlari topilgan Ummonning sohilga yaqin joyiga safar uyushtiradi. Oʻsha asnoda choʻlda yashaydigan badaviylar unga juda eski soʻqmoqni koʻrsatib, qadimiy Ubarga olib borishini aytishadi. Bertram Tomasning yozganlarini oʻrganib chiqqan Klapp kitobda tasvirlangan shaharning mavjudligini isbotlash uchun ikki xil yondashuvdan foydalandi. Birinchi badaviylar aytgan soʻqmoq yoʻlni izlab topdi va NASAga murojaat qilib, sunʻʻiy yoʻldosh orqali hudud tasvirini olib berishni soʻradi. Keyinroq Kaliforniyaning Hantington kutubxonasidagi qadimiy qoʻlyozmalar va xaritalarni tadqiq qilishga kirishdi. Qisqa muddatli qidiruvdan soʻng 200 yilda Misr-Yunon geografi Ptolemey tomonidan chizilgan xaritani topdi. Xaritada mazkur hududda topilgan eski shaharning oʻrni va unga olib boradigan yoʻllar koʻrsatilgandi. Bu orada NASA sunʻʻiy yoʻldosh yordamida olgan fotosuratlarda bevosita koʻz bilan ilgʻash mumkin boʻlmagan, faqatgina yuqoridan bir butun holda koʻrinadigan yoʻl izlari oʻrtaga chiqdi. Fotosuratlardagi va eski xaritadagi yoʻllar bir-biriga muvofiq boʻlib, ular tugagan nuqtadagi katta maydon bir vaqtlar bu erda shahar boʻlganidan darak berardi.
Shu tarzda badaviylarning ogʻzaki hikoyalariga mavzu boʻlgan afsonaviy shaharning oʻrni kashf qilindi. Olib borilgan qazishma ishlarida qumlar orasidan qadim shahar qoldiqlari chiqa boshladi va aynan ular “Qumlar Atlantidasi – Ubar”ning Qurʻʻonda zikri kelgan Od qavmiga tegishliligini isbotlagan asl dalil edi. Ilk duch kelingan ondanoq vayronalarning Iram ustunlari ekanligi ayon boʻldi. Qazishmalarni olib borayotgan guruh aʻʻzosi Doktor Yuris Zarinsning taʻʻkidlashicha, mazkur shaharni boshqa arxeologik topilmalardan ajratib turadigan jihat baland ustunlaridir. Binobarin, u Qurʻʻonda zikri kelgan Od qavmining shahri Iramdir.
“Rabbingiz Od (qabilasi)ni nima qildi, koʻrmadingizmi?! (Ular) baland ustunli Iram (shahridan) boʻlib, (boshqa) yurtlarda uning oʻxshashi yaratilmagan” (Fajr surasi, 6–8-oyatlar).