YuNISEFning chorshanba kuni eʻʻlon qilgan hisobotiga koʻra, 40 ta eng boy davlatda 69 milliondan ortiq bola qashshoqlik chegarasidan pastda yashamoqda.

Hisobot mualliflariga koʻra, Frantsiya va Buyuk Britaniyadagi bolalar eng ogʻir ahvolda, deb yozmoqda Arab News. 2012 yildan 2014 yilgacha va 2019 yildan 2021 yilgacha qashshoqlikda yashovchi oilalar soni taxminan 6 millionga kamaygan boʻlsa-da, bu raqamlar xavotirliligicha qolmoqda.

“Koʻpchilik bolalar uchun bu ularning etarli darajada toʻyimli oziq-ovqat, mavsumiy kiyim-kechak, oʻquv qurollarisiz ulgʻayishini yoki isitilmaydigan uy-joylarda yashashini bildiradi”, deydi YuNISEF vakili Viktor Niland. U mazkur holat yoshlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga putur etkazishini qoʻshimcha qildi.

Mualliflar davlat rahbarlarini qashshoqlikka qarshi kurashda siyosiy iroda koʻrsatishga chaqirib, mamlakatning boyligi va rivojlanish darajasi oʻz-oʻzidan barcha fuqarolar toʻkin-sochinlikda yashashini anglatmasligini taʻʻkidlaydi. Masalan, Buyuk Britaniyada 19,6 foiz, Frantsiyada esa 10,4 foiz aholi kambagʻallik chegarasida yashaydi.

Hisobot mualliflari, shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning oq tanli fuqarolari hamda boshqa irqqa mansub insonlar va muhojirlar oʻrtasida kuchli tafovut borligini taʻʻkidladi. Misol uchun, AQShda tubjoy amerikaliklarning 29 foizi va afro-amerikaliklarning 30 foizi, oq tanlilarning esa atigi 10 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi. Evropa Ittifoqida esa muhojirlarning farzandlari, hatto fuqarolikni olgan boʻlsalar ham, ushbu mamlakatlarning mahalliy fuqarolariga qaraganda qashshoqlik chegarasidan 2,4 baravar koʻproq qolishadi.

Mavzuga aloqador