Fitr sadaqasi berish kimlarning zimmasiga vojib? Fitr sadaqasi qachon beriladi, zakot va fitr sadaqasi nisoblari oʻrtasida farq bormi, Fitr sadaqasi hamda zakotlarni masjidga yoki bolalar uyiga bersa boʻladimi?

Savol: fitr sadaqasini berish kimlar zimmasiga vojib?

Javob: musulmon erkagu ayol, balogʻatga etgan-etmagan, xoh oqil, xoh majnun boʻlsin, nisob egasi boʻlsalar zimmalariga fitr sadaqasini berish vojib boʻladi. Shuningdek musulmon, nisobga moli etgan erkak oʻzi va balogʻatga etmagan, nisob egasi boʻlmagan farzandlari uchun fitr sadaqasini berishi vojib boʻladi. Ayol kishi, balogʻatga etgan bolalar nisob egasi boʻlsalar, zimmalariga fitr sadaqasi vojib, nisob egasi boʻlmasalar vojib emas.

Fitr sadaqasini berish yashab turgan uyi, qish-yozda kiyadigan kiyimi, kundalik yumushlariga kerak boʻladigan uy-roʻzgʻor buyumlari kabi ehtiyojiga kerakli boʻlgan narsalardan ortiqcha (televizor, oʻyin uchun moʻljallangan qurilmalar kabi narsalar ham «ortiqchalar» sarasiga kiradi), oʻsmasada nisobga etarli mol-mulkka ega boʻlgan hurning zimmasiga vojib boʻladi.

Uch sidra kiyim egasi boy hisoblanmaydi. Chunki ulardan biri-uy kiyimi, ikkinchisi-yumushlar uchun, uchinchisi juma va bayramlar uchundir. Toʻrtinchi kiyim esa boylikdir. (Fatavoi Hindiya)

Demak, uch sidra kiyimdan tashqari barcha kiyimlar nisobga qoʻshiladi.

Savol: Fitr sadaqasi berishdagi nisobning meʻʻyori qancha?

Javob:

1. Faqat tillasi hamda undan yasalgan buyumlari (tanga, idish-tovoq, taqinchoqlar va suvenirlar kabi narsalari) borlarga 85 grammga etsa;

2. Faqat kumushi hamda undan yasalgan buyumlari (tanga, idish-tovoq, taqinchoqlar va suvenirlar kabi narsalari) borlarga 595 grammga etsa;

3. Yuqoridagilardan boshqa mol-mulki borlar, yaʻʻni hojati asliysi (yashab turgan uyi, qish-yozda kiyadigan kiyimi, kundalik yumushlariga kerak boʻladigan uy-roʻzgʻor buyumlari kabi ehtiyojiga kerakli boʻlgan narsalar) dan ortiqcha mol-mulkning qiymati nisobga etsa;

4. ozgina tillosi, kumushi, mol-mulki borlar barchasini qoʻshganda qiymati nisobga etsa;

Fitr sadaqasida asliy hojatidan tashqari mol-mulkning nisobga etishida zakotdagi kabi oʻsuvchi boʻlishi shart emas. Tijorat moli qanday mol boʻlmasin, uning qiymati kumush yoki tilloning nisobiga etsa, undan zakot vojib boʻladi. Mol egasi tillo-kumushning nisobidan qay biri faqir-miskinlarga manfaatli boʻlsa, faqirlarning haqqini ehtiyotini olib tijorat molini oʻsha nisob bilan belgilaydi. (Lubob)

Savol: fitr sadaqasi qachon beriladi?

Javob: fitr sadaqasiga qodir boʻlganlar mollaridan beriladigan fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan avval ajratish mustahab ekaniga barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Lekin qancha muddat avval berish borasida turli fikrlar aytilgan:

Abu Hanifa rahmatullohi alayh: «Bir-ikki yilligini avvaldan berib qoʻysa ham ado boʻlaveradi», deydilar. Hanbaliylar: «Namozdan bir-ikki kun avval berish mumkin», deyishadi. Shofeʻʻiylar: «Ramazon kirganidan keyin ado qilinsa boʻladi», deyishadi. Lekin iyd namozigacha ado qilmagan boʻlsa, zimmasidan soqit boʻlmagani bois umrining oxirigacha qaysidir kunda berib qoʻysa ham, boʻynidan soqit boʻladi.

Shuningdek, bir necha yil fitr sadaqasini berish vojib ekanini bilmaganlar bilganlaridan soʻng barcha qoldirgan yillari uchun berib fitr sadaqalarini ado qilsa, boʻyinlaridan soqit boʻladi, vojibni bajargan boʻladilar.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ... farz qildilar. Uni odamlar namozga chiqishidan oldin ado etishga amr qildilar». Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja rivoyat qilishgan.

Savol: zakot va fitr sadaqasi nisoblari oʻrtasida farq bormi?

Javob: farq bor. Zakot berishda mol:

1. Tilla yo kumush boʻlishi kerak;

2. Tijorat moli boʻlishi kerak (har qanday tijorat moli boʻlsa ham);

3. Yilning koʻproq qismida yaylovlarda oʻtlovchi chorva hayvonlari: tuya, mol, qoʻy, echki boʻlishi kerak;

4. Oʻsuvchi boʻlishi kerak;

5. Qamariy bir yil oʻtgan boʻlishi kerak;

6. Asliy hojatidan tashqari boʻlishi kerak;

Fitr sadaqasida mol:

1. Asliy hojatidan tashqari, nisobga etgan mol-mulki boʻlishi shart;

2. Tijorat niyatida boʻlishi shart emas;

3. Oʻsuvchi boʻlishi shart emas;

4. Bir yil toʻlishi shart emas;

Fitr sadaqasini beruvchi:

1. Musulmon boʻlishi kerak;

2. Hur boʻlishi kerak (qulning nomidan ham beriladi);

3. Balogʻatga etgan boʻlishi kerak (nisob egasi balogʻatga etmagan farzandlari nomidan ham beradi, balogʻatga etmagan nisob egasi boʻlgan bola nomidan ham beriladi);

4. Oqil boʻlishi lozim (majnun nisob egasi boʻlsa, valiylari uning nomidan ham beradilar);

5. Nisob egasi boʻlishi kerak.

Savol: fitr sadaqasi hamda zakotlarni masjidga yoki bolalar uyiga bersa boʻladimi?

Javob: zakot va fitr sadaqasi miskinning haqqi boʻlib, ularga mulk qilib berilishi kerak. Agar bular masjid yoki bolalar uyining taʻʻmirlash ishlariga ishlatiladigan boʻlsa, zakot va fitr sadaqasi ado boʻlmaydi. U joydagi mutasaddilar tushgan zakot va fitr sadaqasini faqir-miskinlar va boshqa ehtiyojlarga sarf qilsalar joiz. Zakot (fitr sadaqasi) bilan masjid qurilmaydi hamda mayyit kafanlanmaydi.

"Moʻminning qalqoni" kitobidan

Mavzuga aloqador