Fidyaga oid savol-javoblar
Fidya qancha miqdorda, qanday va kimlarga beriladi? Taom oʻrniga uning pulini bersa ham boʻladimi? Fidya toʻlaganlar keyinchalik roʻza tutishga qodir boʻlsa, qazo roʻzasini tutishi shartmi – fidyaga oid savol-javoblar.
Savol: fidya qancha miqdorda va qanday ado etiladi?
Javob: fidya Alloh taolo tarafidan bandalariga
engillik qilib yuborilgan hukmdir.
Alloh taolo aytadi: «Roʻza tutishga qodir boʻlmaganlar
zimmasiga fidya toʻlash vojibdir».
Har kunlik fidyaning miqdori fitr sadaqasi miqdorichadir, yaʻʻni
bugʻdoydan yarim soʻʻ – 1900 gr, arpa va xurmodan bir soʻʻdan – 3800 gr. yoki
bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado qilingan boʻladi.
Roʻzadan ojiz qolganlar roʻza tutmay, fidyasini berishlari
vojibdir. Ramazon oyining avvalida boʻlsa ham, bir nechta faqirga bermay, bir
faqirga bersa ham. Fitr sadaqasiga oʻxshab bugʻdoydan yarim soʻʻ, xurmo va arpadan
bir soʻʻ ado etiladi.
Savol: Ramazon oyi fidyasini ham fitr sadaqasi kabi
muddatdan avval ado qilsa boʻladimi?
Javob: Ramazon oyi fidyasini Ramazon oyi kirmasidan
avval berish joiz emas. Ramazon oyi kirgach esa boʻlaveradi, yaʻʻni Ramazonning
birinchi kunida qolgan kunlar fidyasini bersa joiz.
Savol: surunkali bemorlar, zaifligi tufayli roʻza tuta
olmaganlar kasalliklari va zaifliklari sababli bir necha yil roʻza tuta
olmasalar, lekin fidya toʻlaganlaridan keyin sogʻayib, quvvatga kirgach, roʻza tuta
oladigan boʻlib qolsalar, nima qilishadi?
Javob: bunday kishilar roʻza tutishga qodir boʻlib
qolishsa, avvalgi bergan fidyalari bekor boʻlib, garchi bir necha yillik boʻlsa ham
fidyasi berilgan kunlar roʻzasining qazosini tutishlari vojib boʻladi.
Roʻza tutishdan ojiz qolganlar qachon roʻza tutishga qodir
boʻlishsa, qazosini tutadilar. Zero, fidya roʻzaning oʻrniga oʻtishi uchun roʻza
tutishdan ojizlik umrining oxirigacha davom etishi shartdir. Ayni vaqtda roʻza
tutishdan ojiz qolgan va kelajakda roʻza tuta olishdan umidi uzilgan kishi roʻza
tutmay, miskinlarning qoʻllariga beradi yoki chaqirib taomlantiradi.
Savol: fidyani ado etishda bugʻdoy, xurmo, arpa bilan
toʻlov ado etilishi fiqhiy kitoblarda keltirilgan. Bularning oʻrniga qiymatini
berish bilan ham fidya ado etilgan boʻladimi?
Javob: qiymatini bersa ham fidya ado boʻladi. Bu
narsalarda qiymatni ado qilish ham joiz. Nazr va qul ozod qilishdan boshqa
kafforatda, zakot, ushr, xiroj va fitr sadaqada qiymatni berish joiz. Zimmasiga
berish vojib boʻlgan kundagi qiymat eʻʻtiborlidir.
Savol: roʻzaning fidyasi kimlarga beriladi?
Javob: miskinlarga, faqirlarga, beva-bechoralarga,
nochorlarga, zakotga qodir boʻlmaganlarga beriladi. Orasida tugʻishganlik va
er-xotinlik aloqasi borlarga, yaʻʻni oʻzining farzandlariga, farzandining
farzandlariga, otasiga, eriga, xotiniga, boylarga, zakotga qodir boʻlganlarga,
zakot berish mumkin boʻlmaganlarga berilmaydi.
Savol: qazo roʻzalarning fidyasini bir vaqtda bitta
miskinga bersa boʻladimi?
Javob: bir necha kunlarning fidyasini bir miskinga bir
vaqtda berish mumkin. Lekin bu masalada turli xil qarashlar mavjud boʻlgani uchun
bir necha kunlik fidyani bir necha kishilarga bergan afzal. Lekin bir miskinga
berib qoʻygan boʻlsa ham ado boʻlaveradi.
Qasam kafforatining aksi oʻlaroq, bir necha kunlik namoz, roʻza
kabilarning fidyalarini birdaniga faqirlardan biriga berish joiz, chunki bunda bir
kunda bitta faqirga yarim soʻʻdan ortigʻini berish joiz boʻlmaydi.
Roʻza tuta olmaganlar barcha fidyasini bir kishiga birdaniga
bersa joiz. Lekin qasamni buzganning, zihorning, roʻzani ochib yuborganning
kafforati bunday emas. Lekin Ramazon roʻzasini qasddan buzgan kishining kafforat
fidyasining oltmish kunligini bir kishiga bir kunda berib qoʻyishi mumkin emas.
Bergan taqdirda bir kunlik kafforat fidyasini boʻynidan soqit qilgan boʻladi,
xolos.
Bir miskinni ertalab va kechqurun, oltmish kun toʻydirsa yoxud
oltmish kun fitr sadaqasi miqdoricha qiymatni ado qilsa, joiz boʻladi. Yoki oltmish
miskinni ertalab va kechqurun bir kun toʻydirsa yoxud alohida-alohida fitr
sadaqasi miqdoricha qiymatni ado qilsa boʻladi.
«Ertalab va kechqurun» degan qayddan murod ertalab oltmish
miskinni taomlantirsayu, kechqurun boshqa oltmish miskinni taomlantirsa fidya ado
boʻlgan hisoblanmaydi. Toki ertalab taomlanganlarga kechki taom yoki
kechqurungilarga nonushta qilib bermagunicha. Bir kishini ertalab taomlantirsayu,
kechqurun boshqani taomlantirsa, oʻsha kungi fidya ado qilinmagan boʻladi.
Qartayib qolgan kishilar (yoki surunkali kasal boʻlgan
bemorlar) va kafforat roʻzasining fidyasini ado qilayotganning oʻrtasida farq bor,
yaʻʻni ular (yoki surunkali kasal boʻlgan bemorlar) bir miskinga bir kunda
fidyalarini ado qilsalar boʻlaveradi.
Savol: qodir boʻlaturib namoz oʻqimay yoki roʻza tutmay fidyasini
ado etsa, boʻynidan soqit boʻladimi?
Javob: dinimizda bu amallarga qodir boʻlaturib
fidyasini toʻlash bilan oʻsha amallar boʻynidan soqit boʻlmaydi. Roʻza tutishdan ojiz
qolganlar roʻza tutishga qodir boʻlishsa, qazosini tutadilar. Zero, fidya roʻzaning
oʻrniga oʻtishi uchun roʻza tutishdan ojizlik umrining oxirigacha davom etishi shartdir.
"Moʻminning qalqoni" kitobidan