Fidya qancha miqdorda, qanday va kimlarga beriladi? Taom oʻrniga uning pulini bersa ham boʻladimi? Fidya toʻlaganlar keyinchalik roʻza tutishga qodir boʻlsa, qazo roʻzasini tutishi shartmi – fidyaga oid savol-javoblar.

Savol: fidya qancha miqdorda va qanday ado etiladi?

Javob: fidya Alloh taolo tarafidan bandalariga engillik qilib yuborilgan hukmdir.

Alloh taolo aytadi: «Roʻza tutishga qodir boʻlmaganlar zimmasiga fidya toʻlash vojibdir».

Har kunlik fidyaning miqdori fitr sadaqasi miqdorichadir, yaʻʻni bugʻdoydan yarim soʻʻ – 1900 gr, arpa va xurmodan bir soʻʻdan – 3800 gr. yoki bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado qilingan boʻladi.

Roʻzadan ojiz qolganlar roʻza tutmay, fidyasini berishlari vojibdir. Ramazon oyining avvalida boʻlsa ham, bir nechta faqirga bermay, bir faqirga bersa ham. Fitr sadaqasiga oʻxshab bugʻdoydan yarim soʻʻ, xurmo va arpadan bir soʻʻ ado etiladi.

Savol: Ramazon oyi fidyasini ham fitr sadaqasi kabi muddatdan avval ado qilsa boʻladimi?

Javob: Ramazon oyi fidyasini Ramazon oyi kirmasidan avval berish joiz emas. Ramazon oyi kirgach esa boʻlaveradi, yaʻʻni Ramazonning birinchi kunida qolgan kunlar fidyasini bersa joiz.

Savol: surunkali bemorlar, zaifligi tufayli roʻza tuta olmaganlar kasalliklari va zaifliklari sababli bir necha yil roʻza tuta olmasalar, lekin fidya toʻlaganlaridan keyin sogʻayib, quvvatga kirgach, roʻza tuta oladigan boʻlib qolsalar, nima qilishadi?

Javob: bunday kishilar roʻza tutishga qodir boʻlib qolishsa, avvalgi bergan fidyalari bekor boʻlib, garchi bir necha yillik boʻlsa ham fidyasi berilgan kunlar roʻzasining qazosini tutishlari vojib boʻladi.

Roʻza tutishdan ojiz qolganlar qachon roʻza tutishga qodir boʻlishsa, qazosini tutadilar. Zero, fidya roʻzaning oʻrniga oʻtishi uchun roʻza tutishdan ojizlik umrining oxirigacha davom etishi shartdir. Ayni vaqtda roʻza tutishdan ojiz qolgan va kelajakda roʻza tuta olishdan umidi uzilgan kishi roʻza tutmay, miskinlarning qoʻllariga beradi yoki chaqirib taomlantiradi.

Savol: fidyani ado etishda bugʻdoy, xurmo, arpa bilan toʻlov ado etilishi fiqhiy kitoblarda keltirilgan. Bularning oʻrniga qiymatini berish bilan ham fidya ado etilgan boʻladimi?

Javob: qiymatini bersa ham fidya ado boʻladi. Bu narsalarda qiymatni ado qilish ham joiz. Nazr va qul ozod qilishdan boshqa kafforatda, zakot, ushr, xiroj va fitr sadaqada qiymatni berish joiz. Zimmasiga berish vojib boʻlgan kundagi qiymat eʻʻtiborlidir.

Savol: roʻzaning fidyasi kimlarga beriladi?

Javob: miskinlarga, faqirlarga, beva-bechoralarga, nochorlarga, zakotga qodir boʻlmaganlarga beriladi. Orasida tugʻishganlik va er-xotinlik aloqasi borlarga, yaʻʻni oʻzining farzandlariga, farzandining farzandlariga, otasiga, eriga, xotiniga, boylarga, zakotga qodir boʻlganlarga, zakot berish mumkin boʻlmaganlarga berilmaydi.

Savol: qazo roʻzalarning fidyasini bir vaqtda bitta miskinga bersa boʻladimi?

Javob: bir necha kunlarning fidyasini bir miskinga bir vaqtda berish mumkin. Lekin bu masalada turli xil qarashlar mavjud boʻlgani uchun bir necha kunlik fidyani bir necha kishilarga bergan afzal. Lekin bir miskinga berib qoʻygan boʻlsa ham ado boʻlaveradi.

Qasam kafforatining aksi oʻlaroq, bir necha kunlik namoz, roʻza kabilarning fidyalarini birdaniga faqirlardan biriga berish joiz, chunki bunda bir kunda bitta faqirga yarim soʻʻdan ortigʻini berish joiz boʻlmaydi.

Roʻza tuta olmaganlar barcha fidyasini bir kishiga birdaniga bersa joiz. Lekin qasamni buzganning, zihorning, roʻzani ochib yuborganning kafforati bunday emas. Lekin Ramazon roʻzasini qasddan buzgan kishining kafforat fidyasining oltmish kunligini bir kishiga bir kunda berib qoʻyishi mumkin emas. Bergan taqdirda bir kunlik kafforat fidyasini boʻynidan soqit qilgan boʻladi, xolos.

Bir miskinni ertalab va kechqurun, oltmish kun toʻydirsa yoxud oltmish kun fitr sadaqasi miqdoricha qiymatni ado qilsa, joiz boʻladi. Yoki oltmish miskinni ertalab va kechqurun bir kun toʻydirsa yoxud alohida-alohida fitr sadaqasi miqdoricha qiymatni ado qilsa boʻladi.

«Ertalab va kechqurun» degan qayddan murod ertalab oltmish miskinni taomlantirsayu, kechqurun boshqa oltmish miskinni taomlantirsa fidya ado boʻlgan hisoblanmaydi. Toki ertalab taomlanganlarga kechki taom yoki kechqurungilarga nonushta qilib bermagunicha. Bir kishini ertalab taomlantirsayu, kechqurun boshqani taomlantirsa, oʻsha kungi fidya ado qilinmagan boʻladi.

Qartayib qolgan kishilar (yoki surunkali kasal boʻlgan bemorlar) va kafforat roʻzasining fidyasini ado qilayotganning oʻrtasida farq bor, yaʻʻni ular (yoki surunkali kasal boʻlgan bemorlar) bir miskinga bir kunda fidyalarini ado qilsalar boʻlaveradi.

Savol: qodir boʻlaturib namoz oʻqimay yoki roʻza tutmay fidyasini ado etsa, boʻynidan soqit boʻladimi?

Javob: dinimizda bu amallarga qodir boʻlaturib fidyasini toʻlash bilan oʻsha amallar boʻynidan soqit boʻlmaydi. Roʻza tutishdan ojiz qolganlar roʻza tutishga qodir boʻlishsa, qazosini tutadilar. Zero, fidya roʻzaning oʻrniga oʻtishi uchun roʻza tutishdan ojizlik umrining oxirigacha davom etishi shartdir.

"Moʻminning qalqoni" kitobidan

Mavzuga aloqador