Oʻzbekiston prezidenti va Malayziya bosh vaziri islom moliyasi, «Halol» sertifikatlashtirish, sunʻʻiy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Ziyorat turizmi boʻyicha «Umra plyus» dasturi yoʻlga qoʻyiladi. Prezident Oʻzbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyorligini aytdi.

 

17 may kuni Shavkat Mirziyoev va rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelgan Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

 

Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalarini koʻrib chiqdi. Oʻzbekiston rahbari soʻnggi 16 yilda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini taʻʻkidladi.

 

«Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega boʻlgan, jadal oʻsib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi», — deb taʻʻkidladi u.

 

Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va taʻʻlim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalariga alohida eʻʻtibor qaratildi.

 

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Xabarda taʻʻkidlanishicha, oʻtgan yil yakuni boʻyicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga oʻsgan, qoʻshma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur oʻrtasidagi aviareyslar koʻpaymoqda.

 

Davlatlar oʻzaro savdo hajmining kelgusida ham oʻsishini taʻʻminlash va koʻrsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

 

Tashrif doirasida oʻtkaziladigan Oʻzbekiston-Malayziya biznes forumi yakunlari investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, «yashil» energetika, neftʻ-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda etakchi kompaniyalar kooperatsiyasiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

 

Shavkat Mirziyoev mamlakat Oʻzbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Qishloq xoʻjaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash, «Halol» standartlari boʻyicha sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

 

Axborot texnologiyalari, kambagʻallikni qisqartirish va transport bogʻliqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.

 

Savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibini tizimli kengaytirish maqsadida amaldagi Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish va uning birinchi yigʻilishini joriy yilda oʻtkazish zarurligi taʻʻkidlandi.

 

Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga qatʻʻiy intilish bildirildi.

 

Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sunʻʻiy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sogʻliqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi taʻʻkidlandi.

 

Malayziyalik sayyohlarning Oʻzbekistonga oqimi tez surʻʻatlarda oʻsib borayotgani qayd etildi. «Ziyorat turizmi boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, „Umra plyus“ loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz oʻrtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.

 

Etakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afgʻoniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdi. BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Qoʻshilmaslik harakati doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʻʻkidlandi.

 

«Markaziy Osiyo + ASEAN» formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini koʻrib chiqish tashabbusi bildirildi.

 

Muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti va Malayziya bosh vaziri Koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni imzoladi.

Mavzuga aloqador