Germaniya afgʻon qochqinlarini Oʻzbekistonga deport qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda "Spiegel" jurnali oʻz manbalariga tayanib, maʻʻlum qildi. 

Nashrning yozishicha, afgʻonlar Toshkentdan Kam Air xususiy aviakompaniyasi orqali Kobulga etkazilishi mumkin.

May oyining oxirida Germaniya IIV rahbari Nensi Fezer buyrugʻi bilan Germaniya delegatsiyasi Toshkentga kelib, Oʻzbekiston hukumati bilan tegishli reja yuzasidan muzokaralar oʻtkazgan. Shundan soʻng, nemislar muzokaralar samarali oʻtganini va Oʻzbekiston hukumati yordam berishga vaʻʻda berganini maʻʻlum qilgan.

Bu esa Germaniya hukumati qochqin maqomini olish huquqiga ega boʻlmagan afgʻonlarni Tolibon bilan toʻgʻridan toʻgʻri kelishuvlarsiz ortga qaytarishni istayotganidan darak beradi, deyiladi  xabarda.

 Oʻzbekiston tomoni hozircha bu haqda hech qanday rasmiy maʻʻlumot bermagan.

Maʻʻlumot uchun, Germaniyada boshpana olish huquqiga ega boʻlmagan muhojirlarni chiqarib yuborish zarurati afgʻon fuqarosi may oyining oxirida Mangeymda islomni tanqid qiluvchi tashkilot mitingiga hujum qilganidan keyin yana kun tartibiga qaytgan edi.

Hozirda Germaniyada yashovchi 13 mingga yaqin afgʻon vataniga qaytishga majbur boʻlishi mumkin.

Mavzuga aloqador