Krokus Siti Xoldagi teraktda 100 dan ziyod insonning hayotini saqlab qolgan 15 yoshli qirgʻizistonlik Islom Xalilovga Rossiya musulmonlarining oliy mukofoti topshirildi. Shuningdek, unga Moskvaning “Spartak” jamoasi familiyasi yozilgan futbolka va barcha uy uchrashuvlari uchun aboniment tortiq qildi. Musiqachi Morgenshtern esa bolaga 1 mln rublʻ yubordi.

Rossiya musulmonlari diniy etakchisi, muftiy shayx Ravil Gaynutdin 22 mart kuni Krokus Siti Xoll binosidan yuzdan ortiq odamni olib chiqqan qirgʻizistonlik 15 yoshli Islom Xalilovga musulmonlarning oliy mukofotini topshirdi. Bu haqda Rossiya Muftiylar kengashi saytida xabar berildi.

Islom Xalilov 29 mart kuni Rossiya musulmonlarining “Buyuk xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, Moskvaning “Spartak” futbol klubi ham terakt sodir etilgan binoda garderobchi boʻlib ishlaydigan Islam Xalilov bilan uchrashuv tashkil etib, bolaga familiyasi yozilgan futbolka hamda klubning barcha uy uchrashuvlari uchun aboniment tortiq qildi.

24.kg saytining qayd etishicha, Islom oʻqish va ishdan boʻsh vaqtlarida “Spartak” bolalar termasida oʻynaydi.

Maʻʻlumot uchun, oʻsmir Krokus Siti Xoll kontsert zalining garderobida yarim kunlik ishda ishlab kelgan. Uning soʻzlariga koʻra, ishga qabul qilingandan soʻng barcha xodimlarga favqulodda vaziyatlarda koʻrsatmalar berilgan. Terakt paytida u koʻrsatmalarga muvofiq harakat qilgan, evakuatsiyani oʻz qoʻliga olgan va 100 dan ziyod kishini xizmat yoʻlagi orqali xavfsiz joyga olib chiqqan.

Rossiya Tergov qoʻmitasi rahbari Aleksandr Bastrikin buyrugʻi bilan Islom Xalilov idoraviy mukofot bilan taqdirlanishi maʻʻlum boʻldi.

Bolaning onasi Ayperining tan olishicha, u oʻgʻlining taqdiridan qattiq xavotirga tushgan va Internetda nima boʻlayotganini koʻrib yigʻlagan.

“Bularning barchasini koʻrib, juda qoʻrqib ketdim va yigʻladim. Oʻgʻlimning shunday ahvolda qolgani uchun Xudoga shukr qilaman. U ham shokda edi. Biz oʻgʻlimiz bilan faxrlanamiz”, — dedi Ayperi.

Maʻʻlum qilinishicha, Islomning otasi Qirgʻizistonning Suzoq, onasi esa Oʻzgan viloyatidan. Bolaning oʻzi Rossiyada tugʻilgan. U uchta farzandning eng kattasi.

Eslatib oʻtamiz, 22 mart kuni Moskva yaqinidagi Krokus Siti Xoll kontsert zali binosida terakt sodir etildi. Dastlabki maʻʻlumotlarga koʻra, binoga niqobsiz, kamuflyajdagi toʻrt nafar terrorchi bostirib kirib, odamlarni aniq masofadan oʻqqa tuta boshlagan.

Rossiya Tergov qoʻmitasi maʻʻlumotlariga koʻra, 137 kishi halok boʻlgan.

Terakt oqibatida yaralanganlar va halok boʻlganlarning umumiy soni 287 kishiga etdi.

Moskva viloyati Sogʻliqni saqlash vazirligi terakt oqibatida uch bola halok boʻlganini maʻʻlum qildi.

FSB Moskva viloyatidagi Krokus Siti Xoll binosiga uyushtirilgan hujumda toʻrt kishi ishtirok etgani, ular Bryansk viloyatida qoʻlga olinib, Moskvaga olib ketilgani haqida xabar berdi. Moskvaning Basmanniy sudi ularga nisbatan ehtiyot chorasini tanladi.

Mavzuga aloqador