23.03.2024 07:28

Moskvada terakt: asosiy voqealar

22 mart kuni kechqurun Moskvadagi «Krokus siti holl» binosiga kontsert boshlanishidan oldin qurollangan shaxslar bostirib kirib, avtomatlarda oʻt ochdi. Bir nechta portlashlar va yongʻin sodir boʻldi. Eng kamida 60 kishi halok boʻldi, 100 dan ziyod kishi jarohatlandi. Asosiy voqealar, munosabatlar.

Asosiy voqealar va raqamlar

22 mart kuni kechqurun Rossiyaning Moskva shahri yaqinidagi Krasnogorskda joylashgan «Krokus siti holl» binosiga kontsert boshlanishidan oldin uch nafar qurollangan shaxs bostirib kirib, avtomatlarda oʻt ochdi.

Bosqinchilar binoga kirar-kirmas odamlarga qarata tartibsiz oʻq uzishni boshlagan. Shuningdek, bir necha bor qoʻl gratasi yoki boshqa portlovchi vositalar yordamida portlash sodir etilgan, ortidan binoda yongʻin boshlangan. Yongʻin 13 ming kv m maydonni egallab olgan. Bino tomi qulagan.

Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligining soʻnggi maʻʻlumotlariga koʻra, eng kamida 62 kishi halok boʻldi, 145 nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgan.

Rossiya Tergov qoʻmitasi terakt moddasi boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatdi. Moskva meri Sergey Sobyanin Moskvada ushbu dam olish kunlari barcha sport, madaniy va boshqa ommaviy tadbirlar bekor qilinganini bildirdi.

Terakt haqida oldindan ogohlantirilgan

18 mart kuni AQShning Rossiyadagi elchixonasi amerikalik fuqarolarni kelgusi 48 soat ichida Evropada, jumladan, Rossiyada va, ayniqsa, Moskvada rejalashtirilayotgan teraktlar xavfi haqida ogohlantirib, turli ommaviy tadbirlar, jumladan kontsertlarga borishdan qaytargan. Shuningdek, Britaniya elchixonasi ham fuqarolarini Moskvada yirik terakt sodir etilishidan ogohlantirgan.

Kiev teraktda aloqadorligini qatʻʻiy rad etdi

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, boshqa rasmiy shaxlari Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi «Krokus» kontsert zalida sodir etilgan otishmada Ukrainaning aloqadorligi haqidagi rossiyalik amaldorlardan eshitila boshlagan ayblovlarni qatʻʻiyan rad etdi.

Jumladan, Ukraina prezidenti Ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolnyak jonli efir vaqtida Ukrainaning ushbu hodisalarga mutlaqo hech qanday aloqasi yoʻqligini taʻʻkidladi.

“Ukraina Rossiya muntazam armiyasi va Rossiya Federatsiyasi bilan mamlakat sifatida keng koʻlamli, toʻlaqonli, yirik, shiddatli urush olib bormoqda. Va hammasi jang maydonida hal qilinadi. Ukraina uchun Rossiya muntazam armiyasini yoʻq qilish va shu tariqa bu urushni tugatish uchun samarali harbiy amaliyotlar, hujumkor harakatlarni amalga oshirish muhim”, — dedi Podolyak.

Oʻzbekistonning munosabati va bayonotlari

Oʻzbekiston rahbariyati hodisa sodir boʻlishi bilanoq terakt yuzasidan oʻz munosabati va pozitsiyasini bildirib, ushbu voqealarda oʻz fuqarolarining jabrlanmaganini maʻʻlum qildi.

Jumladan, Shavkat Mirziyoev Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Holl» kontsert zalida sodir boʻlgan terakt oqibatida oʻnlab insonlar qurbon boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Vladimir Putinga taʻʻziya yoʻlladi.

Maktubda Oʻzbekiston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu terrorchilik harakatini qatʻʻiy qoralashi bildirilgan.

Davlat rahbari vafot etganlarning yaqinlariga bardamlik, barcha jarohat olganlar tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.

Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi esa Moskva viloyatidagi «Krokus siti holl» binosida roʻy bergan portlash va otishmada jabrlangan Oʻzbekiston fuqarolari haqida maʻʻlumot kelib tushmaganini maʻʻlum qildi. Diplomatik missiya huquq-tartibot idoralari bilan aloqada ekanini bildirdi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva yaqinidagi «Krokus siti holl»da sodir etilgan teraktni keskin qoraladi.

«Terrorizmni oqlab boʻlmaydi, biz begunoh fuqarolarga nisbatan qilingan bunday zoʻravonlikni bir ovozdan rad etishga chaqiramiz», — deyiladi TIV xabarida.

HAMAS Moskvadagi teraktni qoraladi

Falastining HAMAS harakati “Krokis Siti Xol”dagi teraktni qoralab, Rossiya xalqiga hamdardlik bildirdi.

“Biz Islomiy Qarshilik Harakati sifatida Rossiya poytaxti Moskvada tinch aholini nishonga olgan, oʻnlab odamlarning halok boʻlishi va jarohatlanishiga sabab boʻlgan terror hujumini eng keskin tarzda qoralaymiz”, - deyiladi bayonotda.

Dunyoning koʻplab mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar Moskvadagi terakt boʻyicha hamdardlik bildirib, ushbu harakatlarni keskin qoralamoqda.

 

Mavzuga aloqador