Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida quyosh, Navoiy viloyatida shamol elektr stantsiyasi ishga tushirildi.

Shavkat Mirziyoev 27 dekabrʻ kuni Oʻzbekistonning oltita hududida 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stantsiyasini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bagʻishlangan marosimda ishtirok etdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda ushbu investitsiya loyihalarning hamkorlari boʻlgan BAAning Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamol Al-Ramahiy, China Energy Engineering Corporation kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yunʻ, China Energy International Group kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Tszesyan, China Gezhouba Group kompaniyasi boshqaruvi raisi Linʻ Syaodan, SEPCO III, Dongfang Electric Corporation va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Umumiy qiymati 2 mlrd dollar boʻlgan ushbu stantsiyalarning toʻliq foydalanishga topshirilishi natijasida 2 mln xonadondonda elektr energiyasidan uzluksiz foydalanish, 2 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash, sanoat va xizmatlar sohasida 4 mlrd dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo boʻladi.

Jumladan, Karmana va Nurobod tumanlarida umumiy quvvati 200 MVt boʻlgan birinchi quyosh elektr stantsiyalari davlat-xususiy sheriklik shartlarida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan qurildi va shu paytgacha 1 mlrd KVt soat energiya ishlab chiqardi.

Masdar kompaniyasi esa Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 MVt boʻlgan uchta fotoelektr stantsiyasi qurish loyihasini yakunladi. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, Xitoyning China Gezhouba Group kompaniyasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt boʻlgan ikkita quyosh stantsiyasining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi.

«Jahonda ishlab chiqarish zanjiri va logistika bilan bogʻliq muammolar qanchalik murakkab ekaniga qaramasdan, biz bu borada Goldwind, Sungrow, Jolywood, Longi kabi kompaniyalar bilan samarali ish olib bordik», — dedi prezident.

Marosimda davlat rahbari xorijlik hamkorlar bilan birgalikda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va tarmoqqa ulash ishlariga start berdi. Prezident investorlar, muhandislar va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi.

Prezident oʻz nutqida sohani rivojlantirish boʻyicha kelgusi rejalarga toʻxtalib oʻtdi: «Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar energetika tarmogʻidagi islohotlarning navbatdagi qadamidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtamiz», - dedi.

Ayni paytda Oʻzbekistonda 9 GVt quvvatga ega 22 ta quyosh va shamol elektr stantsiyalarini qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda.

Umuman olganda, 2030 yilga kelib «yashil» energetika manbalarining quvvatini 27 GVtga etkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 mln tonnaga qisqartirish imkonini beradi.

 

Mavzuga aloqador