Roʻza – banda bilan Alloh oʻrtasidagi ish. Boshqa amallarning savoblarini farishtalar bitishsa, roʻzaning ajru savobini yozish Allohning oʻz ixtiyorida qolgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, roʻza bitmas-tuganmas hikmatlarni oʻzida mujassam etadi. Ana shunday hikmatlardan yana bir qanchasini eʻʻtiboringizga havola etamiz.

1. Roʻza tutgan kishining taqvodorligi ziyodalashadi. Alloh taolo Qurʻʻoni karimda roʻzani oldingi ummatlarga farz qilganidek, ushbu ummati Muhammadiyyaga ham farz qilganini  aytib, oyatning soʻngida albatta taqvodor boʻlasizlar deb taʻʻkidladi.

Roʻza tufayli insonda Robbisini koʻrib turganligini his qilish kuchi, U zotdan qoʻrqish hissi yanada ziyodalashadi. Roʻza tutish bilan banda Robbisiga boʻysunib, buyrugʻiga “labbay”, deb itoat qilgan boʻladi.

2. Roʻza koʻzni nomahramlarga nazar solishdan saqlovchi, yomonliklarga undovchi shaytoniy nafsini susaytiradigan asosiy omillardandir. Chunki uning yordamida inson nafsining har qanday xohish-istaklariga gʻolib keladi. Bu bilan insonning qiyinchilik, mashaqqatlarga bardosh berish, sabr qilish tajribasi oshadi.

3.  Roʻzaning yana bir hikmati nochor, miskin, faqirlarni holatini eslatishdir. Kim och, chanqoq boʻlmas ekan, faqirlar chekadigan qiyinchiliklarni qaerdan bilsin! Roʻza tutgan inson ochlik, chanqoqlik alamini totib koʻrib, bechora holdagilarni qanday kun kechirayotganini yaxshi biladi.

Hayot turmushimizda toʻkin-sochin, farovon hayot kechirar ekanmiz, koʻp holatlarda, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni, atrof-muhitda insonlarning holati qay darajada kechayotganini, loaqal bir marotaba eslab qoʻyish yodimizdan koʻtarilib qoladi. Koʻcha-koʻyda, avtobusda, metroga tushganimizda bozorga borganimizda, umuman olganda koʻplab oʻrinlarda ibrat olishimiz kerak boʻlgan holatlarga duch kelamiz-u, lekin eʻʻtibor bermasdan oʻtib ketamiz. Shuning uchun ham xalqimizda “Qorni toʻqning qorni och bilan nima ishi bor” degan ibora ishlatiladi. Haqiqatdan ham baʻʻzida bechorahol kishilarning oldidan oʻtib ketadigan boʻlsak, ular ham biz kabi inson, ular ham biz kabi farovon hayot kechirishni istashlarini, ularning oldilaridagi jajji farzandlari, bizlarning farzandlarimiz kabi ota-onaning mehriga, atrofdagilarning eʻʻtiboriga loyiq ekanlarini unutib qoʻyamiz.

Ha azizlar, inson unutuvchan va baʻʻzan noshukur boʻladi, chunki kecha yaqinda oʻzining holati ham shunday boʻlganini, oʻzi ham boshqalarning koʻmagiga muhtoj boʻlganida men ham qachon oʻzgalarga oʻxshab koʻnglim tusagan narsani eyman, deb Alloh taologa duo qilib yolvorganini unutib qoʻyadi. Yoki boʻlmasa, umri davomida toʻqchilikda yashab, taqdiri ilohiy bilan oʻzining boshiga ham shunday kunlar tushib qolishi mumkinligi haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Shuning uchun ham yuqorida taʻʻkidlab oʻtganimizdek, roʻza insonni muruvvatli qiladi, oʻzgaralarga, xususan bechora hollarga eʻʻtibor qaratishga undaydi. Kim oʻzida rahm-shavqat sifatini shakllantirish va mustahkamlashni xohlasa roʻza tutsin!

4. Yana bir hikmati uzogʻ-u yaqindagi barcha musulmonlarni Ramozon oyida roʻza tutishga birlashtirishdir. Bir vaqtda roʻzani niyat qilib, bir vaqtda roʻzalarini ochadilar. Shu bilan ham maʻʻnan, ham hissan barcha ummatning yakdilligi roʻyobga chiqadi.

5. Roʻzaning navbatdagi hikmati badan uchun sihat-salomatlik garovidir. Roʻzador roʻza sababli, oʻz sogʻligini tiklab oladi. Bugungi kunga kelib butun dunyoda roʻza nafaqat sogʻliqni saqlash uchun, balki bemorlarni davolash uchun ham oʻta zarur omil ekanligi oshkora aytilmoqda.

Yaqinda Rossiya olimlari roʻza tutish yoʻli bilan davolangan bemorlar roʻyxatini eʻʻlon qilishdi. Natija kishini hayratga soladigan darajada muvaffaqiyatli edi. Hatto saraton kasaliga mubtalo boʻlganlar ham mana shu yoʻl bilan shifo topishibdi. Roʻza turli kasalliklarga davo boʻlishi bilan birga badandagi yomon, keraksiz yogʻlarni, xolerik-safro, flagmatik-balgʻam, sangvinik-qon, melanxolik-qora oʻtlarni ketkazadi. Qonni musaffo qiladi, oshqozonni yaxshilaydi. Natijada roʻzador ancha engillashib qoladi, zehni oʻtkir, xotirasi kuchli, irodasi mustahkam boʻladi. Koʻplab tibbiyot mutaxassislari: “Roʻza tutish badanning sogʻlom va quvvatli boʻlishiga sabab boʻladi”, deb taʻʻkidlaydilar.

6.    Roʻza tutgan kishining gunohlari tutgan roʻzasi sababli magʻfirat qilinadi.

7.    Roʻza tutgan kishi oʻz roʻzasi sababli farishtalar sifati ila sifatlanadi. Maʻʻlumki, emaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda boʻlish farishtalarga xos sifatdir. Roʻza tutgan inson oʻzining roʻzadorligi bilan aynan ana shu sifatlarga sohib boʻladi. 

Gʻiyosiddin Habibulloh

Mavzuga aloqador