«Hamma narsa sinov kelganda bilinadi – doʻstlik ham, muhabbat ham. To sinovgacha hamma oʻz muhabbati, doʻstligi haqida lof uraveradi...»

Menga bu soʻzlarni aytgan odam qanchalar haq ekan. Oʻshanda ramazon oʻrtalab qolgan, vaqt asrdan oʻtib shomga yaqinlashayotgan boʻlsa-da yoz jaziramasi ozgina ham pasaymagan, suvning jildiragan (qanchalar yoqimli!) ovozini eshitmaslik uchun quloqlarimni kaftlarim bilan mahkam yopib, daqiqa sanayotgan kunimda yuqoridagi jumlalar mohiyatini anglab etganman.

Koʻzim toʻla yosh, yuragim ezilgandan ezilib boryapti, qoʻlimni koʻtarishga majolim yoʻq, xuddi xasta odamdekman. Tomogʻim qaqrab ketyapti, nimaga qaramay suv boʻlib koʻrinadi. Qachon shom boʻlarkin?..

Astagʻfirulloh, nimalarni oʻylayapman? Bu – minnatmi? Bunaqa roʻzadan kun boʻyi och qolish va tashnalikdan boshqa nima orttiraman? «Bandalarimning odamlar koʻzi tushgulik barcha ishlari (namoz oʻqish, xayr-ehson qilish, zakot berishlari) oʻzlari uchun, tutadigan roʻzalari esa Men uchun binobarin, uning mukofotini Oʻzim beraman». Shu holimda, nafsim men bilan ayovsiz olishib, muzday suvdan qonib-qonib ichishga undayotgan, oʻzim ham shunga moyil boʻlib turganim bir paytda bu qudsiy hadisni yodimga solgan Ulugʻ Zotga hamdu sanolar boʻlsin!..

Shomdan soʻng...

Haqiqatan ham hamma narsaning qadri sinov kelganda bilinarkan. Allohga muhabbatdan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga boʻlgan sevgidan gapirish oson ekan. Bir doʻstimning taʻʻbiri bilan aytganda, «oldin ham roʻza tutyapmiz deb yurgan ekanmiz, haqiqiy ramazon endi boʻlyapti» (arab tilini yaxshi biladigan doʻstim ramazon soʻzi maʻʻnosiga ham ishora qildi, shekilli. Chunki «ramazon» arabcha «ar-ramad» degan soʻzdan olingan boʻlib, quyosh haroratining juda oshib ketishini, «ar-ramdo» esa quyosh olamni tandirdek lovullatib qizdirishini bildiradi).

Koʻp narsalar hikmatini oʻsha ramazonda tushunib etgandekman. Masalan, shu paytgacha: «Roʻzador uchun ikki quvonch bor: biri – ogʻiz ochganida, ikkinchisi – roʻza tutib, yorugʻ yuz bilan Allohga yoʻliqqanida», degan hadisni koʻp bora oʻqiganman. Iftorlik quvonchini ham koʻp bor his qilganman, ammo... bu ramazondagichalik emas. Har gal ogʻiz ochganimda qonib suv icharkanman, uning tomirlarimga, vujudimga quvvat boʻlib yoyilayotganini sezib  turaman va boshqa ramazondagilardan farqli ravishda dil-dilimdan aytaman Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan meros muborak jumlalarni: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi, ajr naqd boʻldi, inshaalloh” (Abu Dovud rivoyati).

«Kim ramazon kechalarini savobiga ishonib va unga erishish niyati ila namoz oʻqib jonlantirsa, avvalgi gunohlari kechiriladi». Bu hadis hikmatini ham oʻsha ramazonda anglagandekman. Tarovehni qoʻying, xuftonni saharlikdan sal oldin oʻqib olish maʻʻqul koʻrinib, shomdan keyinoq uyquga ketishni moʻljallayotgan; ammo dunyodagi ochlik, tashnalikdan azob chekayotgan qanchalab insonlar, jaziramada roʻza tutgan ota-onam, jigarlarim, yaqinlarim holini oʻylab, ular haqiga duo qilish, gunohlarimizga magʻfirat soʻrash, ilohiy rahmatga erishish umidi horgʻin vujudimga kuch berib, joynamoz ustida turgan onlarimda tushungandekman.

Har kuni ogʻiz ocharga muzday choy, sharbatlar tayyorlab qoʻyadigan singlimga minnatdor boqarkanman: «Roʻzadorga iftor uyushtirib bergan odam roʻzadorning savobidan kam boʻlmagan savobni oladi», degan hadis yodimga tushib, dilim yorishadi.

Bandamiz, ojizmiz, buning ustiga ishxonada har xil muomala-munosabat... Jahlim chiqqanida tashnalikdan ogʻzim qurib, jumlalarni kelishtira olmasligimdan xijolat chekib emas, urushmoqchi boʻlayotgan hamkasbim ham xuddi mendek roʻzador ekanini, qiynalayotganini oʻylab, gʻazabim shafqatga aylangandi. Muborak jumlalar xayolimdan oʻtadi: «Roʻzador holingizda yomon soʻzlarni gapirmang va jahl otiga minmang». Quvonaman – yana bir hikmat.

Saratondagi Ramazonda...

«Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga engillik bordir» (Sharh, 5-6).

Allohning vaʻʻdasi – haq! Shu kungacha biror mushkullik bilmadimki u bilan birga yorugʻligini ham koʻrmagan boʻlsam. Oʻsha Ramazon haqiqiy sinov boʻldi, lekin sinovning yorugʻliklari, engilliklarini har kun, har lahzada his qilib yashadim. Oʻsha quvonchlarni yana his qilish umidida bu yilgi sinov ostonasidaman – vujud, qalb tayyorgarligi va yana... qoʻrquv bilan.

Ilohi, Oʻzing bizni sinovlarga qodir qilgaysan. Ulugʻ fazlu marhamating bilan iftorlikdagi sevinchlarni butun boricha his etish baxtini nasib qilding. Nasib etajaging ikkinchi quvonch, ulugʻ shodlik, moʻmin dilning eng shirin orzusi – Ulugʻ Kunda Diydoringga etishish saodatidan umidvormiz. Bizga bu ramazonni ham muborak va xayrli qil, Rabbim!

Zumrad Foziljon qizi

Mavzuga aloqador