Kechagina yuragimda hadik bilan kutgandim Seni. Tashrifing yaqinlashgani sari uddalay olarmikanman, deya qoʻrquvga tushganim rost. Yashirib nima qildim? Tanballigim ham chin.

Biroq, aytmoqchi boʻlgan asosiy gapim bu emas. Hammasi kecha boshlandi. Ertalabgacha xayolan Sen bilan suhbatlashib chiqdim. Menda bunaqa holat tez-tez boʻladi, yaʻʻni koʻp narsaning mohiyatini kechroq anglayman. Xullas, kecha shomdan keyin, ketishingga sanoqli kunlar qolganda birdan yuragim orziqdi. Ibodatlarga, tilovatlarga sendagichalik koʻp savob berilmaydigan, xohlasam ham taroveh oʻqiyolmaydigan, ilohiy rahmat, marhamat, magʻfirat boʻlsa ham, sel kabi yogʻilmaydigan, fayzli saharliklarsiz, zavqli iftorliklarsiz, kunduzgi qiyinchiliklar evaziga shomdagi farahli onlarsiz odatiy kunlar boshlanishini oʻylab...

Yigʻlayapmanmi? Yigʻlayapman. Boshlanganingdan beri koʻp koʻzyosh toʻkmadim. Saharlik, iftorlik tashvishi, hech tugamas uy yumushlari, ishxonadagi vazifalar... Hammasiga ulgurishni oʻylab, tuygʻularni ham chetga surib qoʻydim, shekilli. Axir, bir narsani chin dildan his qilsang, yigʻlaysan-da.

Lekin kecha yigʻladim, yuragim chindan orziqdi. Senga mahkam yopishgim keldi. Doimiy yumushlardan farqli ravishda tilovatga ulguray, ibodatga ulguray degan tashvish tushdi ichimga. Xayrli hamrohim, yomonliklarga qalqon boʻlib yigirma besh kun yonimda yurding. Men gʻofil esa... ketar chogʻingda qadringni his qilib oʻtiribman. Shunisigayam shukr, shavvolga etgach anglasam nima boʻlardi?

Erta-indin ketasan, yoʻl anjoming – amallarimizga guvohlik... Safarga otlangan amakisi Abu Tolibning tuyasi jilovini tutib: “Meni kimga tashlab ketyapsiz?” deya maʻʻyuslangan kichik Muhammaddek xayolimda mahzun savol aylanadi: “Bizni tashlab qayoqqa ketyapsan, Ramazon?..”

Abu Tolib oʻz bolalaridan ham ortiq koʻrgan jiyanini uloviga mingashtirdi, birga yoʻlga chiqishdi. Lekin men... qolaman – koʻzim yoshli, dilda gʻashlik. Sen ham birga olib ketmaysan. Boya aytganimday, olib ketadiganlaring – guvohlik. Tutgan roʻzalarimizga, tarovehlar, xatmlarimizga, xatti-harakatlarimizga...

Men sen bilan nima yuboryapman? Faqat oʻtinch...

Xush bor, Ramazon. Oʻtinchim – yomonliklarimizga koʻz yum, ey oʻttiz kunlik xayrli hamroh. Dargohi ilohiyda yaxshiligimizga guvohlik ber. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshi ekaniga toʻrtta, uchta, hatto ikkita musulmon guvohlik bergan moʻmin jannatga kiradi, deganlar. Buyuk Zot huzurida aziz oysan, shunday ekan, shohidliging ham moʻʻʻtabar.

Holimizni Rabbimiz yaxshi biladi. Shunday boʻlsa-da, biz Saodat asridan ancha yillar keyin dunyoga kelganimizdan, fitnalarga toʻla zamonda yashayotganimizdan gapir. Hashamatli uy, qimmatbaho jihoz, soʻnggi rusumdagi ulov, yaxshi kiyish, yaxshi eb-ichish, hammanikidan zoʻr telefon tutish... haqidagi tuganmas orzularimizdan emas, oʻsha orzulardan bir-bir boʻlsa ham uzilib, xayolan Asri Saodat Makkasida, Madinasida koʻzda yosh bilan kezishimizdan ayt. Falon pulga olgan liboslarimizda oʻzimizni baxtiyor sezmay, oʻn ikkita yamoqli bittagina koʻylagida Rasululloh bilan yonma-yon boʻlgan sahobiylarga havaslanishimizdan soʻz och.

Roʻza tutib, holsizlanganimizda erkalangan bolamizni jerkishlarimizni tashlab oʻt. Iftordan keyin, tomirlarimiz hoʻllanib, yumushlardan biroz tin olganimizda kichkintoyimizning boshini silab eng yaxshi bobo – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida gapirganimiz, bolamiz “Nega yigʻlayapsiz?” deya bergan savoliga chin dildan “Rasulullohni sogʻindim”, deganimizdan soʻz och.

Saharlikka uxlab qolmay deb, chalgʻish uchun turli kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda javlon urishimizni, iftorgacha vaqt oʻtsin deb televizorga termulishlarimizni qoldir. Doim boʻlmasa ham internetdan Makka tasvirlarini qidirib qolishimiz, topib koʻrgach, qalbimiz yumshab, bizni ham shu joylarga etkazishini soʻrab qilgan duolarimizdan, Abvodagi hazrat Omina qabriga, Bani Saʻʻd yurtiga, Baqiʻʻ qabristoniga, Uhudga borgimiz kelganidan gapir.

Roʻza holimizda gʻiybatdan tiyilmasligimiz haqida aytma. Vijdonimiz qiynalib, axir bir joyda gʻiybatdan toʻxtaganimizni, birovning haqini oʻylab ichimizga tushgan qoʻrquv ila aytgan ozmi-koʻpmi istigʻforlarimizni etkaz.

Xudbinlik qon-qonimizga singib borayotgani, uyqumizni qizgʻonib musulmonlar haqiga duo qilishga erinishimizdan soʻz ochma. Qay bir kechada usti ochiq qolgan bolamizni oʻrab qoʻyayotib dunyoning qaysidir burchida goʻdagining yarasiga malham topolmay faryod urayotgan moʻminlar dardiga najot soʻrab oʻqigan ikki rakatgina namozimiz haqida ayt.

Tanballigimiz, dangasaligimiz, serzardaligimiz, izzattalabligimiz, masʻʻuliyatsizligimiz, chidamsizligimiz,... xullas, tugab-bitmas illatlarimizdan gapirma. Oz boʻlsa ham xislatlarimizdan soʻz och.

Biz judayam ojizligimiz, Rabbimiz oʻta buyukligidan ayt. Hech boʻlmasa, shu haqiqatni ikkilanmay tan olishimizni, amallarimiz chala-chulpa boʻlsa ham, Allohdan boshqa iloh yoʻqligi, Muhammad alayhissalom U Zotning bandasi va elchisi ekaniga chin dildan iqrorligimizni etkaz.

Nodonligimiz bilan oʻzimizga jabr etganimizdan, eng umidbaxsh oyat deyilgan Zumar surasidagi «(Ey Muhammad!) Oʻz jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmatidan noumid boʻlmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni magʻfirat qilur. Albatta, Uning oʻzi Magʻfiratli va Rahmlidir», degan mazmundagi xushxabarga doxil boʻlishga umidvorligimizdan gapir.

Oʻzimizga mahliyolikdan qutulolmasak ham, koʻnglimizda Rasulullohga muhabbat, sahobiylarga ehtirom, hurmat borligiga; Alloh va rasuliga nisbatan sevgimizni atrofimizni oʻrab olgan son-sanoqsiz chalgʻituvchi narsalar ichidan omon olib oʻtishga saʻʻy qilayotganimizga guvohlik ber.

Mendan oʻtganiga rozi boʻl. Kelasi tashrifingga butun musulmonlarning toʻkis-tugallikda, xotirjamlikda, imon, vujud va ruh salomatligida etish haqidagi tilaklarimni ilohiy dargohga etkaz.

Xush bor, Ramazon. Kelgusi yili “Xush kelding!” deya kutib olish nasib etsin deb:

Zumrad Foziljon qizi

Mavzuga aloqador