Yaqinda tanqidchi Jozef Fahim soʻnggi Berlin kinofestivali (Berlinale) haqida bunday sarlavhali maqola chiqardi: “Berlinale Falastinni yoqlovchi kinoijodkorlarga qarshi taʻʻqib harakati bilan yakunlandi”. Unda (biri isroillik, biri falastinlik) ikki rejissyor Isroilning irqchilik, aparteid asoslari haqida oshkora haqiqatni gapirishga jurʻʻat etdi.

"Nemis siyosatchilari va mahalliy matbuot boshchiligidagi Falastinga qarshi koʻtarilgan “boʻron” Isroilni tanqid qilishga jazm etgan har qanday ovozni oʻchirishga urindi", deb yozadi Fahim. "Men guvoh boʻlganim holat shunchaki xunuk, gʻayriinsoniy yoki noprofessional emas, balki toʻgʻridan-toʻgʻri fashistik ruhdagi harakat edi".

Nemis rasmiylaridan biri, madaniyat vaziri Klaudiya Rot oʻshanda falastinlik rejissyor qolib, isroillik kinorejissyor uchun qarsak chalgan edi.

Bu Isroil Falastinda amalga oshirayotgan hozirgi genotsidga nisbatan Germaniya pozitsiyasiga muvofiq keladi. Yanvarʻ oyida Janubiy Afrika Xalqaro sudda Isroilni rasman genotsidda ayblaganida, Germaniya Isroilni himoya qilishga va uni global qoralovdan saqlab qolishga urindi.

Namibiya prezidenti oʻsha zahoti Germaniyaga uning Afrikadagi genotsidi tarixini eslatdi va: “Namibiya tuprogʻida qilgan xunrezliklari uchun hali badal toʻlamadi!” deb taʻʻkidladi. 1904-1908 yillar oraligʻida Germaniya 70 mingdan ortiq herero va nama xalqlarini qirib yuborgan. Isroil Falastinda qilib kelgan ishlar Germaniya ancha oldin yozib qoʻygan darslikdan olingan bir sahifa, xolos.

Oʻtgan oyda Nikaragua Isroilning Gʻazoga qarshi urushini moliyalash orqali Genotsid konventsiyasini buzganlikda ayblab, Germaniyani Xalqaro sudga tortdi, bu ham oʻsha irqchilikka ishora edi asli. “Germaniya harbiy texnika joʻnatib, tinch aholiga muhim yordam koʻrsatuvchi BMTning Falastinlik qochqinlar boʻyicha agentligining (YuNRVA) mablagʻini yoʻq qilish orqali genotsid sodir etilishiga bevosita yordam bermoqda”, deyiladi Nikaragua bergan arizada.

Janubiy Afrika, Namibiya va Nikaraguada qanday umumiylik mavjud? Ularning Falastin bilan birdamligining sababi shuki, ular ham Evropaning vahshiy mustamlakachiligi qurboni boʻlishgan.

Mustamlakachilik tarixi

Dunyoga "Gʻarb tsivilizatsiyasi" deya sotilgan libos endilikda "vahshiylik” tusini olmoqda. Nemis rasmiylari va ommaviy axborot vositalari sionizmni joʻshqinlik hamda gʻayrat bilan qoʻllab-quvvatlayotgani sababini tushunish uchun Germaniyaning Afrikadagi uzoq davom etgan mustamlakachilik va imperializm tarixini yodga olish lozim boʻladi.

Fridrix Gegelʻ (1770-1831) kabi etakchi nemis faylasuflari oʻtmishda Germaniyada umuminsoniy odob-axloqni mensimaslikka olib boruvchi radikal irqchilikning shakllanishida beqiyos rol oʻynashgan. Xuddi shu narsa bugungi kunda etakchi faylasuflardan hisoblangan Yurgen Habermasning sionistik nutqlarida namoyon boʻlmoqda.

Maʻʻlumki, Germaniya Uchinchi Reyxining tarixini natsist mafkurachilari belgilagan. Biz bugun uni jiddiy qayta koʻrib chiqishimiz shart. Agar Germaniyaning Afrikadagi xunrezliklarini eslasak, natsistlar Germaniyasining dahshatli jinoyati va Ikkinchi Jahon urushi mahal millionlab odamlarning qirgʻin qilishi nemis tarixidagi qandaydir favqulodda xato emasligini anglaymiz.

Irqchilik Gegelʻ va boshqa koʻplab nemis hamda Evropa faylasuflarining butun falsafiy ishlarida ajralmas oʻrinni egallagan.

Tarixchi Volʻker Berghan 2017 yilgi “Bismarkdan Gitlergacha nemis mustamlakachiligi va imperializmi” maqolasida soʻnggi bir necha oʻn yilliklar davomida “tarix, siyosat, ijtimoiyot, shuningdek, adabiyot, kino, gender, xotira va boshqa sohalar olimlarini XIX-XX asrlarda nemis mustamlakachiligining Osiyo, Tinch okeani va Afrikadagi dahshatlarini fosh qilishga qaratilgan ulkan ilmiy tadqiqotni taqdim etdi.

Maqola nemis mustamlakachiligi va imperializmini oʻrganishda "zamonaviy nemis tarixidagi Bismarkdan Gitlergacha" boʻlgan asosiy tafakkur oʻzgarishlarini tasvirlaydi. Berghanning maqolasida shunday deyilgan: Gitler xorijiy mustamlakalarga nisbatan ilgarigi qarshiliklaridan voz kechib, 1940 yil uchun 6,3 million marka byudjet bilan vazirlik tuzishni buyurdi, vazirlik ana shu mablagʻ asosida Afrikaga ketadigan boʻlajak xodimlarga (Markaziy va Sharqiy Afrika mintaqalarida keng tarqalgan) Suahili tilini oʻrgatish uchun sarflanardi.

Germaniyadan tashqaridagi dunyo ushbu ilmiy tashkilotga alohida eʻʻtibor qaratishi zarur, ana shunda ular keyingi safar nemis sionisti falastinliklarning genotsidini qoʻllab-quvvatlasa, bu vahshiy istak aslida uzoq tarixga borib taqalishini bilib olishadi.

Gʻoyaviy rahnamo

Gegelʻ "Tarix falsafasi" asarida jahon tarixining toʻrt bosqichini koʻrib chiqadi: sharq, yunon, rim va nemis. Ushbu sxemada u Afrikani axloq, siyosat va dindan mahrum deb hisoblaydi. 1993 yilgi "Gegelʻ va Afrika" maqolasida yozuvchi Ronald Kuykendall Gegelning dunyoga zoʻravonlik asosidagi evrotsentrik qarashini ochib beradi va uni tanqid qilishda Afrikani markazga qoʻyadi.

Gegelʻ uchun Afrika "oʻz-oʻzini anglash tarixidan mosuvo, qorongʻu tun zulmati qoplab olgan yosh bolalar mamlakati". U oʻzining evropalik oʻquvchilariga ishonch bilan shunday deydi: "Negrlar hayotidagi xarakterli nuqta shundaki, ularning ongi hali biron bir obʻʻektiv mavjudlikka erishgan emas! Shu maʻʻnoda, afrikalik butunlay yovvoyi va qoloq odamdir".

Koʻz oʻngimizda Gegelʻ butun qitʻʻa boʻylab nemis mustamlakachiligi va imperiya vahshiyligining bosh mafkurachisi sifatida yorqin gavdalanmoqda.

Muallif Omotade Adegbindin "Gegelning Afrikaga boʻlgan munosabati boʻyicha tanqidiy eslatmalar" nomli boshqa yirik maqolasida Gegelning Afrikaga boʻlgan munosabatidagi keskin kamchiliklarni batafsil bayon qilib, u oʻzi aytarli bilimga ega boʻlmagan butun bir qitʻʻani tarix doirasidan tashqariga chiqarib qoʻyganini aytadi: "Gegelʻ dialektikasi Afrikani umuminsoniy tarixdan chiqarib tashlashga qaratilgan loyiha boʻlib, bu uning davlat nazariyasi va sinflar shakllanishi bilan bogʻliq qulchilik kontseptsiyasi kabi bir qancha muammoli nazariyalarining tugʻilishiga olib kelgan”.

Faylasuf Syuzan Bak-Morss oʻzining 2009 yilda nashr etilgan “Gegelʻ, Gaiti va umumjahon tarixi” nomli kitobida qullik va shafqatsiz zulmga duchor boʻlgan qitʻʻalardagi xalqlarning kurashlari Gegelʻ falsafasi uchun ozuqa boʻlganini koʻrsatadi. Uning fikricha, Gegelning "xoʻjayin-qul" gʻoyasi aslida uning Gaiti inqilobi haqidagi tushunchalaridan kelib chiqqan boʻlishi mumkin.

Aynan Gaitidagi qullar inqilobi orqali qullik tabiiy holat emas, balki Evropa vahshiyligining taqozosi ekani ayon boʻldi. Biz diqqatimizni evropalik faylasuflarining xayoliy tasavvurlaridan yaʻʻni, Gegelʻ Gaitini qanday koʻz bilan koʻrganidan haqiqiy faktlarga – Habermas Gʻazoni qanday koʻz bilan koʻrayotganiga qaratishimiz lozim.

Isroil butun dunyo koʻz oʻngida Gʻazoga etkazishda davom etayotgan musibatlarni inobatga olganda, biz bunday liberal munozaralar bilan oʻralashib yotishimiz toʻgʻrimas, albatta. Lekin, shunisi ayonki, Irqchilik Gegelʻ va boshqa koʻplab nemis va Evropa faylasuflarining butun falsafiy tizimi uchun asosiy oʻrin tutgan. Mana shu butun tizim yiqitilmogʻi kerak, xuddi Evropa va uning butun dunyo boʻylab yoyilgan koʻchmanchi koloniyalaridagi irqchilik haykallari buzib tashlangani kabi.

Hamid Daboshi,

Nʻyu-York Kolumbiya universitetining

Eronshunoslik va qiyosiy adabiyot professori

Mavzuga aloqador