Yuzlab tojikistonliklar bir necha kundan buyon Rossiya-Qozogʻiston davlat chegaralari oʻrtasidagi betaraf hududda qolib ketmoqda. Rus chegarachilari tizimda nosozlik roʻy berganini aytib, ularni ortga qaytarmoqda, ayni paytda bolalar, 60 yoshdan oshganlar va boshqa davlatlar fuqarolarini oʻtkazib yubormoqda. Ortga qaytmoqchi boʻlganlarni esa qozoq chegarachilari Rossiyaga kiritilmagani toʻgʻrisida hujjat talab qilmoqda.

Qozogʻistondan Rossiyaga kirmoqchi boʻlgan yuzlab tojikistonliklar Qozogʻistonning Janubiy Ural va Rossiyaning Orenburg viloyatlari chegarasidagi «Sargarchin» nazorat-oʻtkazish punktida bir necha kundan beri qolib ketganidan shikoyat qilmoqda, deya xabar berdi “Aziya-Plyus” nashri.

Rossiya chegarachilari, ularning aytishicha, "tizimda nosozlik roʻy berdi" deyishmoqda, biroq bolalar, qariyalar va boshqa davlat fuqarolarining kirishiga ruxsat berishmoqda.

Ayni paytda, rus chegarachilari tojikistonliklardan betaraf hududni tark etib, Qozogʻistonga qaytishni soʻramoqda. Qozogʻiston chegarachilari esa tojikistonliklar Rossiyaga kiritilmaganiga asos boʻluvchi hujjat – aktni talab qilmoqda.

"Faqat tojikistonliklarni kiritishmayapti"

Tojikistonlik muhojirlar yoʻllayotgan videomurojaatlarda 22 apreldan buyon Qozogʻiston-Rossiya chegarasida 180 ga yaqin tojik raqamlari boʻlgan avtomobillar, odamlar, jumladan, koʻplab ayollar va bolalar qolib ketgani aytiladi.

"1000 ga yaqin tojikistonliklarni Rossiyaga kiritmayapti. Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasida qolib ketdik. Boshqa fuqarolar kiritilyapti, faqat tojikistonliklar kiritilmayapti. 180 ga yaqin mashina, aksariyati Tojikiston raqamlari. Har bir mashinada 5 dan 10-12 nafargacha yoʻlovchilar bor, aksariyati ayollar va bolalar”, — dedi muhojirlardan biri.

Telefonlarini tekshirib, soʻroq qilishmoqda

Muhojirlarning aytishicha, Rossiya hukumati Tojikistonning har bir fuqarosini alohida soʻroq qilib, telefonlarini tekshirmoqda.

“Biz chegarachilardan nega oʻtishga ruxsat bermayapsizlar, deb soʻradik, ular tizim ishlamayapti, deb javob berishdi. Faqat tojikistonliklarga ishlamayaptimi, deb soʻrasak, bu sizlarning ishingiz emas, baringlar va kutinglar, deyishdi”, - deya maʻʻlum qildi oʻrtada qolib ketgan tojikistonlik muhojirlardan biri.

Shuningdek, uning qayd etishicha, nazorat-oʻtkazish punkti xodimlari 14 yoshgacha boʻlgan bolalar va 60 yoshdan oshganlarni Rossiyaga navbatsiz oʻtkazmoqda, qolganlar esa turib kutishga majbur boʻlmoqda.

Maʻʻlumotlarga koʻra, 24 soat ichida har tomonlama oʻrganilgandan soʻng Rossiyaga atigi 10-12, ikki kun ichida esa 20 ta mashina kiritilgan.

Tojik muhojiri: “Bu er chang, suv va non yoʻq, odamlar uch qator mashinalarda oʻtirishibdi”.

Yana bir fuqaro xayriyachilar oʻrtada qolib ketgan odamlarga oziq-ovqat va suv olib kelishayotgani aks etgan video yubordi.

Hujjatlarini yangilash uchun Qozogʻiston chegarasini kesib oʻtgan tojikistonlik muhojirlardan biri ham Rossiyaga kiritilmagani haqida yozdi. Uning soʻzlariga koʻra, nazorat-oʻtkazish punktida unga: “Ichkaridan (Rossiya ichkarisini nazarda tutadi – tahr.) buyruq boʻlmaguncha, Tojikiston fuqarolarini kiritmaymiz”, deyishgan.

 “Oʻzbekistonlikmisiz, qirgʻizistonlikmisiz yoki boshqa millatdanmisiz, sizni oʻtkazishadi, lekin tojiklarni emas”, - deydi u nazorat-oʻtkazish punkti xodimlarining soʻzlariga tayanib.

“Krokus” fojiasining oqibatlari

Rossiya Tojikiston fuqarolarining Orenburg chegarasi orqali kirishiga cheklovlar bilan bogʻliq vaziyatning sababini hozircha tushuntirmadi. Tojikiston hukumati ham hozircha bu masalada izoh bergani yoʻq.

Biroq, ayrim tojik muhojirlarining fikricha, bu harakatlarga Krokus Siti Xolldagi qoʻporuvchilik sabab boʻlgan. Oʻshanda 11 nafar Tojikiston fuqarosi gumondor sifatida ushlangan va hibsga olingan edi.

Rossiya tojik muhojirlari mehnat qilish uchun boradigan asosiy davlatlardan biri. Biroq “Krokus” fojiasidan soʻng ayniqsa tojikistonlik muhojirlar ustidan nazorat va bosim kuchaygan.

Mavzuga aloqador