“Aqso toʻfoni” boshlanganidan soʻng isroilliklarning HAMASni tor-mor etish haqidagi hayqiriqlari avj oldi va ularga gʻarbning yirik davlatlari ham qoʻshildi. Ularning maqsadi Gʻazo sektoridagi HAMAS boshqaruvini tugatish va Falastin hukumati qarorlarini qabul qilishda uning taʻʻsirini yoʻqotish edi. Bu harakatlar HAMASni dunyo xalqlari oldida terror tashkilot sifatida gavdalantirish, shuningdek uni Yaqin Sharqdagi tinchlik va osoyishtalikka halal beradigan yagona toʻsiq qilib koʻrsatish, arab mamlakatlarining tashqi aloqalari, xavfsizligi uchun tahdid etib namoyon qilish tashviqotlari bilan boshlandi. 


Demak, ularning fikricha, HAMAS barcha muammoning sababchisi, HAMASning yoʻq qilinishi mintaqadagi tinchlikka olib boradigan yagona yoʻl.

Keling, ularning bu daʻʻvolarini, hotirjamlik va obʻʻektiv nazar bilan tahlil qilib koʻramiz. HAMASga qarshi dunyoni va ommaviy axborot vositalarini safarbar qilganlar quyidagi oddiy savollarimizga javob berishsin:

1.  HAMAS 1948 yildagi urushdan va “Isroil birligi” tashkil etilganidan taxminan qirq yil oʻtib, yaʻʻni 1987 yilda, Falastinni boʻlish toʻgʻrisidagi qarordan keyin paydo boʻldi. Demak, HAMAS paydo boʻlishidan oldin ham mintaqada tinchlik boʻlmagan. Xoʻsh, “tinchlikparvarlar” qirq til davomida falastinliklarga oʻz haq-huquqlarini berish, Isroil ishgʻolini toʻxtatish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorlarini amalga oshirish uchun nima qildilar oʻsha paytda?! U paytda HAMAS degan toʻsiq yoʻq edi-ku?!

2.  1993 yilda imzolangan Oslo kelishuvidan 30 yil oʻtib, ushbu kelishuvning amalga oshirilishiga kim toʻsqinlik qildi? Vaholanki, bu kelishuvga koʻra  Falastin Ozodlik Tashkiloti rahbariyati besh yil ichida Gʻarbiy Sohil va Gʻazo sektorida mustaqil Falastin davlatini barpo etishga umid qilgan edi. Kelishuv jarayonini kim buzdi? Muhojirlar sonini ikki barobar oshishiga sababchi boʻlgan, erlarini musodara qilgan, muqaddas qadamjolarini yahudiylashtirgan va Falastin maʻʻmuriyatini ishgʻolga xizmat qiluvchi funktsional xavfsizlik tashkilotiga aylantirgan kim? Isroil emasmi?

3.  “Arab tinchlik tashabbusi” (Saudiya Arabistoni qiroli Abdulloh ibn Abdulaziz tomonidan Isroil va Falastin oʻrtasida – Yaqin Sharqda tinchlik oʻrnatish uchun boshlanga tashabus)dan atigi yigirma yil oʻtib, uni mensimay barbod qilganlar Isroil istilochilari emasmidi?

4.  Ular aytganidek, hamma ayb HAMASda boʻlsa, HAMAS tashkiloti boʻlmaganida isroilliklar falastinliklarga Gʻazo va Gʻarbiy sohilda toʻliq mustaqil davlat sifatida yashashlariga yoʻl qoʻyib bermasmidi?!

Endi oʻzingiz oʻylang, muammo HAMASdami, yoki sionistik mafkuraning mohiyatidami, yoxud Isroildagi hukmron tafakkurdami?

HAMAS Yahyo Ayyosh oʻldirilishining qasosi sifatida 1996 yil 3 martda bir qancha operatsiyalar amalga oshirdi. Bu harakatlar Isroil hukumatini jiddiy larzaga soldi va darhol barqarorlik jarayonini qoʻllab-quvvatlash va "terrorizm" bilan kurashish maqsadida gʻarb davlatlari, Isroil birligi, Falastin hukumati va baʻʻzi arab mamlakatlari 13 mart kuni Misrda “Tinchlik oʻrnatuvchilar konferentsiyasi”ni oʻtkazdilar. Konferentsiya ortidan Falastin maʻʻmuriyati ishgʻolchi Isroil va Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlikda, barcha zulm va shafqatsizlik vositalarini qoʻllagan holda, HAMASga qarshi shafqatsiz kurash boshladi. Falastin hukumati oʻshanda qarshilik koʻrsatuvchi kuchlarning hammasini boʻlmasa ham, koʻp qismini yoʻq qilishga muvaffaq boʻldi. U HAMASning tashkiliy tuzilmasiga zarba berish va uning asosiy bazasini boʻgʻishni qoyilmaqom uddaladi! Keyingi toʻrt yil ichida ham Falastin hokimiyati Isroil talablarini qondirib bordi. Isroil esa bunga javoban yahudiylashtirish, hududlarni egallashdan boshqa ish qilmadi. Tinchlik kelishuvlaridan faqat niqob sifatida foydalandi. Nihoyat, bu qilmishlar 2000 yilga kelganda “Ikkinchi Kemp Devid muzokaralari” muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanishiga olib keldi. Oqibatda Yosir Arofatning mustaqil Falastin davlati orzusi butunlay soʻndi.

Yana savol tugʻiladi: Oʻsha paytda HAMASning taʻʻsir kuchi deyarli yoʻq qilingan edi. Nega kelishuvlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi, nega tinchlikka erishilmadi? Bunga ham HAMAS aybdormi?!

Yuqoridagi voqealardan biroz vaqt oʻtgach, HAMAS oʻzini qayta tikladi va jamoatchilik tomonidan misli koʻrilmagan qoʻllab-quvvatlashlarga erishdi. Natijada, 2006 yilgi qonunchilik palatasi saylovlarida gʻalaba qozondi.

2007 yildan buyon Falastin hokimiyati tomonidan “HAMASsiz dunyo” yaratishga urinish davom emoqda. Shu sababdan HAMAS ham markaziy hokimiyat tazyiqidan, ham Amerika-Isroil zulmidan aziyat chekib kelmoqda.

16 yildan keyin vaziyat qay holatga keldi?

HAMAS Gʻarbiy sohildagi eng koʻp qoʻllab-quvvatlovga ega yoki hech boʻlmaganda amaldagi “Fath” partiyasiga teng raqobat qila oladigan tashkilotga aylandi. Hatto, Gʻazo sektorida mashaqqatli qamal va 16 yil davomida beshta halokatli urush olib borilgani HAMASni yanada kuchliroq va xalq orasida mashhurroq qildi. Bundan xavfsiragan “Fath” esa 2021 yil bahordagi saylovlardan “hali toʻlaqonli erkin saylovlar oʻtkazish uchun qulay vaziyat yuzaga kelmagani”ni vaj qilib qochib qoldi va hozirgacha ham qochib yuribdi.

Yana savol paydo boʻladi: HAMASni yoʻq qilish falastin xalqining irodasimi, yoki bosqinchi Isroilning xohishimi?

Isroil va uning ittifoqchilari Falastin xalqi ustidan hukm chiqarish huquqiga egami? Falastin xalqining ham oʻz rahbari va hukumatdagi vakillarini mustaqil saylash huquqi bormi?

Nega Gʻarb dunyosi, baʻʻzi arab mamlakatlari va ularning ittifoqchilari Falastindagi vaziyatni Isroil istaklari va standartlariga koʻra moslashtirishga intilmoqda? Buning oʻrniga yuzlab xalqaro rezolyutsiyalar va xalqlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqiga muvofiq bosqinni tugatish harakatini qilishlari kerak emasmidi?!

Bosqinchi Isroilning “Xalqaro qonunlardan ham ustun davlat” sifatida qolishi boshqa xalqlar ustidan hukmronlik va ularni boʻysundirish evaziga boʻlishi mumkin xolos. Shuning uchun ham Falastin, agar ishgʻol kuchlarining istagini emas, oʻz siyosiy xohish-istaklarini toʻla amalga oshirgan holda HAMASni tanlasa, oʻz xalqining irodasini amalga oshirgan boʻladi.

HAMAS hozirgacha Amerika yoki Isroilning emas, Gʻazo xalqining xohish-istaklarini amalga oshirib kelmoqda. Soʻzimizning isbotini Isroilning uch oydan buyon amalga oshirayotgan xunrezliklariga qaramay, Gʻazo xalqi HAMASni qoʻllab-quvvatlayotganidan bilish mumkin. Isroilning qirgʻinlari xalqning ularga nisbatan qoʻrquvini emas, balki aksincha, Isroil ishgʻolini yoʻq qilish istagini oshirib yubordi. Yaʻʻni, Isroilning HAMASni yoʻq qilish istagi HAMASni yanada kuchliroq qildi va hatto bosqinchilikning xunuk chehrasi tobora oshkor boʻlgan bir paytda, uning qarshilik va ozodlik harakati sifatida Falastin, Arab olami, Islom dunyosi va global miqyosda qiymatini oshirdi.

Xalq HAMAS bilan birga ekanining yana bir dalili: joriy yilning 13 dekabrʻ sanasida “Falastin Siyosiy Tadqiqodlar Markazi” oʻtkazgan soʻrovnomada xalq HAMAS atrofida birlashayotgani, uni qoʻllab-quvvatlovchilar, Mahmud Abbosning esa isteʻʻfosini xohlayotganlar mutlaq koʻpchilikni tashkil etishi maʻʻlum boʻldi.

Balki arab va islom dunyosidagi eng mashhur, ommabop partiyalar boʻyicha tanlov oʻtkazilganda katta ehtimol bilan HAMAS eng koʻp ovoz toʻplagan boʻlar edi. Agar dunyo etakchilari orasida ham saylov oʻtkazilsa, biz hali yuzini ham koʻrmagan Abu Ubayda har kuni turli koʻrinishlarda namoyon boʻlayotgan etakchilardan koʻra koʻproq ovoz toʻplagan boʻlar edi.

HAMAS va xalqaro hamjamiyat

Agar HAMAS boʻlmaganida dunyo hamjamiyati Falastin muammosiga eʻʻtibor qaratarmidi?!

HAMAS tashkil etilgandan beri voqelik shuni koʻrsatmoqdaki, har safar HAMASning qarshilik harakatlari kuchayganida BMT va uning institutlari ham Falastin muammosini koʻtarib qolishadi. Va aksincha, aholi punktlari asta-sekin sionistlar qoʻliga oʻtib, yahudiylashtirila boshlasa va “tinchlik” oʻrnatilsa, xalqaro hamjamiyat ham, BMT ham jimib qoladi. Isroil esa bu jimlikdan Falastin mavzusini asta yopish, Falastin xalqini huquqlaridan mahrum qilish uchun imi-jimida foydalanib qoladi. Bu haqda Doktor Valid Abdul Hay kabi koʻplab tadqiqotchilar bir necha bor yozishgan.

HAMAS va terror

Bir qancha Gʻarb davlatlari HAMASni terrorizm va tinch aholini oʻldirishda ayblashmoqda. Lekin falastinliklar va musulmon xalqlar nazdida HAMAS moʻʻʻtadil, ochiq, islomiy, milliy ozodlik harakati. Uning mavjudligi sionist terrorizmi va Isroil ishgʻoliga qarshi kurashish bilan bogʻliq.

HAMASni tor-mor etishga va zararsizlantirishga urinish ozodlik gʻoyasining mohiyatini tugatmaydi, chunki bu oʻz taqdirini oʻzi belgilashga intilayotgan har bir xalqning muqaddas va ajralmas huquqidir. HAMASni “terrorchilik”da ayblash, ishgʻolga qarshi har qanday qonuniy qarshilik koʻrsatishning oldini olish vositasi, xolos. (Huddi bir paytlar ota-bobolarimiz “bosmachilik”da ayblanganidek. Izoh tarjimondan)

Tinch aholini oʻldirish daʻʻvosiga kelsak, HAMAS tashkil topganidan beri asosiy eʻʻtiborni harbiy obʻʻektlarga qaratishga uringan. Bunga dalil 1994 yili sionistlar tarafidan amalga oshirilgan Ibrohimiy masjidi qatliomidan soʻng, HAMAS bosqinchilarga tinch aholini oʻldirmaslikni taklif qilgan edi, ammo bosqinchilar buni eʻʻtiborsiz qoldirib, qirgʻinlarini davom ettirdi.

Maʻʻlumot oʻrnida yana aytish mumkinki, hujjatlashtirilgan statistik maʻʻlumotlarga koʻra, Isroil bosqini 2000 yildan to 7 oktyabrgacha, yaʻʻni “Aqso toʻfoni” boshlanguniga qadar 11 mingdan ortiq falastinlikni oʻldirgan, ularning aksariyati tinch aholi edi. Hozir ham butun dunyo Gʻazo sektoridagi sionistik qirgʻinlarga guvoh boʻlib turibdi. Keling, faqat HAMASga “terror” tamgʻasini urishdan oldin, “sionistik terrorizm” haqida ham gapiraylik.

Falastin moʻʻʻtadil Islom tsvilizatsiyasining musulmon olamidagi eng kuchli, chuqur va keng maktabi sifatida gavdalanmoqda. Falastin oʻzining buyuk diniy maqomi va merosi bilan har bir arab va musulmonning vijdoni va qalbida chuqur oʻrinni egallaydi. Shuning uchun hatto HAMAS yoʻq qilib yuborilsa ham bu harakat yana qayta takrorlanaveradi. Chunki bu faqat HAMASning daʻʻvosi emas, balki ozodlikka chanqoq Falastin xalqining daʻʻvosidir. Bu Falastin jamiyati va millatida mustahkam oʻrnashgan mafkuradir.

Shuning uchun ham buni yaxshi tushunib turganlar faqatgina HAMASni yoʻq qilish bilan kifoyalanib qolmaydi. Balki ular butun Falastin xalqi, uning tirik va erkin kuchlari qarshiligini nishonga olishadi. Falastin xalqiga nisbatan ishgʻol, adolatsizlik va zulmning davom etishi uchun qulay muhit istaydilar. Ular irodasiz, qadriyatsiz, raqsga tushadigan, oʻyin-kulguga berilgan Falastin xalqini xohlaydilar.

Shu sababdan, jahon xalqlari, xalqaro hamjamiyatlar butun eʻʻtiborlarini mustamlaka va bosqinchiliksiz dunyoni, tajovuzkor sionistik loyihadan xoli boʻlgan, xalqlarning iroda erkinligini hurmat qiladigan dunyoni yaratishga qaratishlari kerak.

Doktor Muhsin Muhammad Solih,

“Zaytuna tadqiqotlar va maslahatlar markazi” bosh direktori

Mavzuga aloqador