17.05.2025 10:50
52

Putin Istanbuldagi muzokaralarga nega kelmadi?

2025 yil 15 may kuni Rossiya – Ukraina urushiga barham berish maqsadida Turkiya mezbonligida tashkil etilgan tinchlik muzokaralari xalqaro jamoatchilik eъtiborini oʻziga tortdi. Biroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham, AQSh prezidenti Donalьd Tramp ham sammitda ishtirok etmadi. Bu holat bu boradagi umidlarni soya ostida qoldirdi. Turkiya va AQSh ishtirokida oʻtishi rejalashtirilgan ushbu muhim sammit etakchilar ishtirokisiz faqat hayъatlar darajasidagi uchrashuvga aylandi. Xoʻsh, bu muzokaralar nega etakchilarsiz oʻtkazildi, Putinning Turkiyaga kelmaslik qarori nimani anglatadi?

Rossiyaning 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga bostirib kirishi global xavfsizlik muhitiga chuqur taъsir koʻrsatdi. Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojьe viloyatlarining katta qismi Rossiya tomonidan ishgʻol etilishi, 2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishi bilan birga, Ukraina hududlarining taxminan beshdan bir qismi nazoratini yoʻqotishiga olib keldi. Urush millionlab insonlarni vatansiz qoldirdi, oʻn minglab askarlar halok boʻldi va energiya hamda oziq-ovqat inqirozlarini keltirib chiqardi.

Taъkidlanganidek, 2022 yil mart oyidagi Istanbul muzokaralari tomonlar tinchlikka eng yaqinlashgan pallalardan biri boʻlgan edi, biroq Buchada fuqarolarning qirgʻin qilinishi va Gʻarb davlatlarining kelishuvga qarshi chiqish iddaolari tufayli jarayon toʻxtadi.

AQShda Donalьd Tramp ikkinchi bor prezidentlikka saylanganidan soʻng tinchlik muzokaralariga yangi surъat berildi. Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida urushni “24 soat ichida toʻxtata olishini” iddao qilgan, Ukrainaning NATOga aъzo boʻlish ehtimolini past deb baholagan va Qrimning Rossiyada qolishi mumkinligini aytgan edi. Rossiya tomonida esa Putin 11 may kuni 2022 yildagi Istanbul muzokaralarini qayta boshlash uchun 15 may kuni Turkiyada hech qanday shartsiz muzokara oʻtkazishni taklif qildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu chaqiriqqa ijobiy munosabat bildirib, Putin bilan bevosita uchrashishga tayyorligini bildirdi.

Istanbuldagi muzokaralar dunyo jamoatchiligida katta umid uygʻotdi, biroq etakchilar ishtiroki bilan bogʻliq noaniqliklar sammitga soya soldi. Zelenskiy muzokaralar oldidan Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan bilan uchrashdi va agar Putin Istanbulga kelsa, muzokaralarda bevosita ishtirok etishini maъlum qildi. Biroq Kremlь soʻnggi lahzalarda Putinning kelmasligini maъlum qildi. Uning oʻrniga 2022 yilgi muzokaralarda ham qatnashgan maslahatchi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi hayъat yuborildi. Tramp ham avval “Putin borsa, men ham boraman” deya ishora qilgan boʻlsa-da, Yaqin Sharq safari va dasturdagi oʻzgarishlar sababli soʻnggi daqiqalarda Istanbulga kelmaslikka qaror qildi. Uning oʻrniga AQShni tashqi ishlar vaziri Marko Rubio va maxsus vakillar Stiv Uitkoff hamda Kit Kellogg vakillik qildi.

Putinning Istanbulga kelmaslik qarori ham strategik, ham ramziy sabablarga bogʻliq. Ayrim tahlilchilarning taъkidlashicha, Putin Ukraina urushi boshlanganidan buyon hech bir NATO davlatiga bormagan va shu bois Turkiyaga ham kelmagan. Putinning soʻnggi Turkiya tashrifi 2020 yil yanvardagi TurkOqimi tabiiy gaz quvuri ochilishi munosabati bilan boʻlgan. Undan buyon, ayniqsa 2022 yildagi bostirib kirishdan soʻng, Putinning NATO aъzosi mamlakatlarga safar qilmagani Gʻarb bilan munosabatlardagi keskinlik belgisi sifatida qabul qilinmoqda. Shuningdek, ukrainalik rasmiylar Putinning kelmasligini “Rossiyaning urushni tugatish niyatida emasligi”ning isboti sifatida koʻrsatmoqda. Ukraina prezident apparati rahbari Andrey Ermak: “Putin — Rossiyada hamma qarorni qabul qiluvchi shaxs. Uning kelmasligi — muzokaraga tayyor emasligining belgisidir”, dedi.

Boshqa tomondan, ukrainalik tahlilchilarning fikricha, Putin Istanbulni tanlab, 2022 yildagi muzokaralarga ishora qilgan va oʻshanda “chiqindilar qutisiga tashlangan” kelishuvni Rossiyaning hozirgi hududiy yutuqlarini inobatga olgan holda yana muzokara mavzusi sifatida koʻtarmoqchi boʻlgan.

Kremlь muzokaralarga past darajadagi hayъatni yuborib, “2022 yildagi pozitsiyamizni oʻzgartirmaganmiz” degan signalni berdi. Bu esa Rossiya Donbass nazorati tan olinishini, Ukrainaning betaraflik eъlon qilinishini va armiyasini qisqartirishini talab qilib qolishini bildiradi.

Trampning Istanbulga kelmaslik qarori ham logistik, ham diplomatik sabablarga bogʻlangan. Tramp Saudiya Arabistoni va Qatardagi Yaqin Sharq safari davomida “Agar urushni toʻxtatish imkoni boʻlsa, Turkiyaga boraman”, degan, biroq dasturining tigʻizligi va Putin kelmasligi tufayli bu rejasini bekor qildi. AQSh rasmiylari Tramp oʻrnida Rubioning qatnashishini AQShning muzokaralarga bergan ahamiyati belgisi sifatida taъriflasa-da, ukrainaliklar Trampning shaxsan ishtirok etishi Putinga koʻproq bosim oʻtkazishi mumkin deb hisoblagan. Zelenskiy Trampni taklif etib, “Uning qatnashishi Putinning kelishi uchun turtki boʻladi”, degan edi.

Zelenskiy muzokaralardan oldin 30 kunlik shartsiz otashkesim chaqirigʻini bildirgan, biroq Rossiya bu taklifni rad etgandi. Ukraina tinchlik muzokaralarining boshlanishi uchun keng qamrovli otashkesimni shart sifatida koʻrsatsa, Rossiya Donbass va anneksiya qilingan boshqa hududlar maqomi kabi talablarini muzokara mavzusiga aylantirdi. Shuningdek, muzokaralarda harbiy asirlar almashinuvi kabi cheklangan mavzular ham muhokama qilindi.

Biroq Putin va Trampning yoʻqligi muzokaralarni ramziy uchrashuv darajasida qoldirdi. Ukraina tomoni Putinning past darajadagi hayъat yuborishini “diplomatiyaga jiddiy yondashmayotganining belgisi” sifatida baholadi. Rossiya tomoni esa ukrainaliklarning muzokarada qatnashishi haqida ishonchsizlik borligini bildirib, “Muzokaralar qanday rivojlanishini bilmaymiz”, degan bayonot berdi.

Sammit xalqaro jamoatchilikda ham umid, ham ehtiyotkor munosabat uygʻotdi. Evropa Ittifoqi va AQSh muzokaralarni qoʻllab-quvvatladi, biroq Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar davom ettirilishini bildirdi. Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer, Frantsiya prezidenti Emmanuelь Makron va boshqa evropalik etakchilar Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlashlarint bildirishdi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte muzokaralarning Evropa xavfsizligi uchun ahamiyatiga urgʻu berdi. Biroq, ayrim tahlilchilarning fikricha, Putinning Istanbulni tanlashi Rossiyaning 2022 yildagi talablarini qaytadan ilgari surish strategiyasini koʻrsatadi. Boshqalar esa Trampning muzokaralarda qatnashmasligi AQShning Ukrainaga koʻrsatayotgan yordamini shubha ostida qoldirishi mumkinligini aytishmoqda.

2025 yil 15 may kuni Istanbulga etakchilarning kelmagani muzokaralar natijasini chekladi. Putinning NATO mamlakatlariga safar qilmaslik siyosati va Trampning dastur oʻzgartirishi esa tinchlik jarayonini yanada murakkablashtirdi.

Muzokaralarning davomi tomonlarning otashkesimga oid aniq qadamlar qoʻyishiga bogʻliq boʻladi. Zelenskiyning “Putin bilan bevosita uchrashish” talabi va Rossiyaning “oʻz shartlari asosida muzokara” yondoshuvi yaqin muddatda kelishuvga erishishni mushkullashtirmoqda.

Biroq, Ukraina – Rossiya urushiga barham berish uchun yanada kuchli xalqaro bosim va etakchilar darajasidagi ishtirok zarurligi aniq.