05.12.2023 23:52
Yoʻlda
Yoʻlda nimalar boʻlmaydi...
Biz mashinasiga oʻtirgan kirakash haydovchi yana hamroh topib keldi: qiz va yigit. Qoʻl ushlashib olgan. Yigit: “Hozir qaytamiz”, dedi-yu, ikkovlon panaroqqa oʻtib ketishdi. Koʻp oʻtmay yana qoʻl ushlashib qaytishdi. Yigit qizni kuzatib qoʻyishga chiqqan ekan...
Yoʻl boʻyi koʻp joyda toʻxtab oʻtdik. Kimlarnidir, nimalarnidir kutdik. Manzilga ancha kech – yarim tunda etib borishimiz aniq boʻldi. Tabiiyki, oldin oʻsha qizni uyiga tashlab qoʻyish kerak...
Darvoza ochilib, qizning onasi chiqdi-yu, haydovchini urisha ketdi: “Qanaqa odamsiz, oʻzi? Yuragim yorilay dedi-ku!..” Bolasini intiqib kutib xavotir olgan onaning ahvolini tushundi, chogʻi, haydovchi uzr soʻragan boʻldi: “Yoʻl uzoq. Ancha kutishga toʻgʻri keldi. Sizni ham xavotirga qoʻydik...” “Nega telefon qilib qoʻymaysiz?” endi oshkora oʻshqirishga oʻtdi ayol. Gapi oʻziga taʻʻsir qildi, shekilli, qiziga yuzlandi: “Nega telefon qilib aytib qoʻymaysan?” “Zaryadi tugab...” Qiz gapini tugatar-tugatmas ayol yana haydovchiga sapchidi: “Uyingga telefon qilib qoʻy, deb aytmaysizmi? Qaerliksiz? Qaysi maktabni bitirgansiz? Sizga oʻrgatishmaganmi?” Haydovchi bosiq odam ekan, yana uzr soʻrab vaziyatni yumshatishga harakat qildi. Ayol esa yana nimalarnidir mingʻirlab darvozani yopdi.
Men hayron edim. Yoʻl-yoʻlakay qiz kimgadir “Hali etmadim”, “Oz qoldi”, “Kelib qoldik” deb tushuntirish berib kelgandi. Endi esa... indamay kirib ketdi. Hamroh ayolga suv olib chiqish haqidagi vaʻʻdasi ham esidan chiqdi.
Biz qizini farishta qilib koʻrsatayotgan jonsarak onani ozmi-koʻpmi tushunar, biroq oʻzini onasi oldida farishtaday tutayotgan qizni hech tushunmasdik...
Behzod