26.06.2025 19:00
70

Ummatimizning "birlamchi masalalar fiqhi"ga boʻlgan ehtiyoji: hatto dindorlarda ham | 2 - qism

Bugungi kunda birlamchi masalalarni aniqlashda notoʻgʻri yoʻl tutish faqatgina omma musulmonlar yoki adashganlardagina kuzatilmayapti. Hattoki dindor kishilarimiz ham toʻgʻri fiqhiy mezon va ilm yoʻqligi sabab xuddi shu xatolarga yoʻl qoʻyishmoqda.

Shubhasiz, ilm, bu toʻgʻri narsani buzugʻidan ajratib bergani kabi afzal boʻlgan narsalarni ham afzal boʻlmaganlaridan ajratib beruvchi omil sanaladi. Shariat nazdida har qanday ishning qadr-qimmatini belgilovchi oʻlchov – bu ilm boʻladi.

Kuzatuvlarimiz mobaynida ilm nuri va toʻgʻri fiqhdan mahrum qolgan koʻp insonlarni koʻramiz. Ular shu hollari bilan amallarning oʻrtasidagi had-hudud, chegaralarni yoʻq qilib yuborishadi va natijada ularni bir-biridan farqlab boʻlmay qoladi. Yoki shariat koʻrsatmasiga zid boʻlgan hukmlar bilan chiqib, ifrot-tafritga yoʻl ochishadi. Shu tariqa din gʻuluvga ketganlar va parvosizlar oʻrtasida qolib, zoe boʻladi.

Shu sababli ularni (ixlosli boʻlishlariga qaramay) afzal boʻlgan ishlardan gʻaflatda qolib, fazilati past ishlarga shoʻngʻib yurishganini koʻramiz. Bir ish bir paytda katta fazilatga ega boʻlib, yana boshqa paytda fazilatsiz ishga aylanishi mumkin. Lekin ana shu kimsalar ilmsizliklari tufayli bu ikki vaziyatni bir-biridan ajrata olmaydilar.

Men oʻzim masjid bilan toʻla mamlakatda masjid qurilishini moliyalashtiradigan goʻzal shaxsiyatga ega insonlarni koʻrganman. Ular bu ish uchun millionlab dollar mablagʻ ajratishadi. Lekin xuddi shuncha mablagʻni yoki bir qismini Islomni yoyish, ateizmga qarshi kurashish yoki shariat taqozo etgan boshqa ishlar uchun sarflashni taklif qilsangiz, ulardan xuddi shunday natija ololmaysiz. Ulardan bu borada javob ham olomaysiz. Chunki ular devor insho qilishga iymon keltirishgan, shaxsiyatlarni insho qilishga emas.

Haj mavsumida ham har yili koʻgilli ravishda haj qilishga haris boʻlgan koʻplab boy musulmonlarni koʻraman. Yana koʻpchiligi umra ham qilishadi. Saxovatlari tufayli bu borada pul sarflashda ayamaydilar. Aslida esa ularning hajlari ham, umralari ham farz emas, nafl boʻladi. Lekin xuddi shu insonlardan har yili qilayotgan ushbu harajatlarini zolimlarga qarshi urishish uchun Falastinga, Bangladeshga va boshqa mamlakatlarga yoki daъvat uchun biror bir markaz ochishga yo boʻlmasa mutaxassislar uchun biror bir jihoz olishga yoki foydali diniy kitob nashr qilishga yoʻnaltirishni taklif qilsangiz, yuzlarini burishadi.

Vaholanki, zulmga qarshi kurashish haj amallaridan afzal ekani haqida Alloh taolo Qurъoni karimda shunday deydi: “Hojilarga suv berishni va Masjidul Haromni obod qilishni Allohga, oxirat kuniga iymon keltirgan va Allohning yoʻlida jihod qilgan kabi qildingizmi?! Ular Allohning huzurida teng emaslar. Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas. Iymon keltirib, hijrat etgan va Allohning yoʻlida mollari va jonlari bilan jiddu jahd qilganlar Allohning huzurida darajalari eng ulkan kishilardir. Ana oʻshalar – oʻzlari yutuqqa erishuvchilardir. Robblari ularga Oʻz tarafidan boʻlgan rahmat, rozilik va naъim jannatlarining xushxabarini beradir”, (Tavba surasi, 19-21 oyatlar).

Qolaversa, bu insonlar ado etayotgan haj va umralar – nafl, koʻngilli amal hisoblanadi. Lekin dinga qarshi chiqishlar va buning ichki-tashqi qoʻllab-quvvatlovchilarining ishlariga toʻsqinlik qilish – asrimizning farzi va bugungi majburiyatimiz hisoblanadi.

Agar musulmon kimsa toʻgʻri fahm va haqiqiy iymonga ega boʻlsa va birlamchi masalalar fiqhini bilsa, unda saodat hissini yanada koʻproq tuya boshlaydi va ruhiyati kuchli boʻladi. Ikkilamchi narsalarga sarflashi mumkin boʻlgan har bir harajati evaziga biror bir Islomiy tashabbusga qoʻl urar ekan, yo etimlarga kafil boʻladi yo ochlarni toʻydiradi yo uysizlarga uy quradi yoki  kasallarni davolaydi. Yo boʻlmasa ilmsizlarga taъlim berib, ishsizlarni ish bilan taъminlaydi.

Shayx Yusuf Qarzoviy, “Birlamchi masalalar fiqhi haqida” kitobi

Mavzuga aloqador