13.12.2023 19:00
Qaniydi...
Assalomu alaykum, yaxshilar. Dekabrʻ kelib, havo harorati soviy boshlagandi. Oʻtgan kecha bir yogʻdi, erib ketdi. Ayni damda esa tungi 3 boʻlyapti, Toshkent oppoq qorga burkangan...
Qor oqlik deyishadi, poklik deyishadi, xayrli boʻlsin. Yaxshilik va poklikka dalolat boʻlsin, Allohning rahmati boʻlsin, moʻl-koʻllikka sabab boʻlsin.
Endi koʻngilga kelganida, bu ham... Suyukli paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning taʻʻlim bergan bir duolari bor: “Allohim, bizning xatolarimizni suv, qor va doʻl bilan yuvgin. Oq kiyim kirdan tozalangani kabi qalblarimizni ham xatolardan tozalagin. Mashriq bilan magʻribni uzoqlashtirganing kabi, biz bilan xatolarimiz orasini ham uzoqlashtirgin".
Qaniydi, qaniydi... Shu yogʻayotgan qor butun olamga yogʻsa, hammayoqni qoplasa.... Millati, irqi, dini, ijtimoiy kelib chiqishi-yu dunyoqarashini farqlamasdan hammaning koʻngliga taʻʻsir qilsa, yumshatsa, poklasa, eritsa..
Qaniydi duoning mazmuniga hamohang Allohim, biz insoniyatning xatolarini suv, qor va doʻl bilan yuvsa... Shunda, xuddi oq kiyim kirdan tozalangani kabi qalblarimiz ham xatolardan tozalansa... Mashriq bilan magʻribni uzoqlashtirgani kabi biz insonlar bilan xatolarimiz, gunohlarimiz, jurmu isyonlarimiz, maʻʻsiyatlarimiz, zulmlarimiz orasini ham uzoqlashtirsa...
Ayniqsa, ojizlarga, keksalar, ayollar va bolalar ustiga bomba yogʻdirayotgan va yana insoniyatga qarshi jinoyatlar qilayotgan, yaqin yuz yillar ichida olam koʻrmagan zulmlarni amalga oshirayotganlarning qalbiga ham oʻsha qorparchalar, oʻsha poklik, oʻsha tozalik yogʻsaydi...
Har kuni yuzlab begunoh, aybsiz, kuchsiz va himoyasizlarni samolyotlar, tanklar va avtomatlar yordamida qirayotgan, boʻlaklayotgan, hammayoqni qonga botirayotgan hayvonsifat, yuragi qotgan, qalblari muz, odamsimon zolimlarning ham qalblariga yogʻsaydi shu qorlar...
Oʻn sakkiz mingdan ortiq insonni oʻldirib, qatl qilib va yana oʻsha razillik, qotilliklarida davom etayotgan mahluqlar ham qonga toʻya qolsaydi, jonga toʻya qolsaydi, Allohim...
Zulmni, shafqatsizlikni, adolatsizlik, yomonlikni, ochiqdan-ochiq qotilliklarni toʻxtatishdan bu qadar ojiz qolmagandi Insoniyat...
Oʻz tarixida juda koʻp urushu vayronagarchiliklarni koʻrgan bu Kurrai zamin, bu Ona er ham, bu qadar larzaga tushmagan, bu ohu nolalarga samo ham bu qadar aza tutmagan boʻlsa kerak, Allohim...
Televizorni yoqishga, ijtimoiy tarmoqlarga kirishga yurak qolmadi, tomosha qilishga koʻzda yosh qolmadi, Allohim...
Toʻxtay qolsin, bu balolar, sochlarni oqartirayozgan bu manzaralar, toʻxtay qolsin....
Ojizligidan, qoʻlidan hech narsa kelmaganidan, jon bergan jajji qizini bagʻriga bosib dodlayotgan otalar, qatorlashib oq kafanlarda yotgan yaqinlari va farzandlarinining ustida madori qolmay, yigʻidan hushidan ketayozgan onalar....
Halok boʻlgan ayolining kafani ustiga unga atab eng goʻzal soʻzlarini yozayotgan erkakni koʻrdingizmi? Jajji qizalogʻinining jasadini bagʻriga bosib hidlayotgan, uning jonsiz tanasiga qarab soʻzlayotgan otanichi? Portlashlardan soʻng, vayronalardan soʻng boʻlaklanib ketgan yaqinlaridan qolgan tana boʻlaklarini, qoʻl-oyoqlarini toʻplab qopga solib koʻtarib yurgan, dahshatdan salkam esi ogʻib qolgan otalarni siz ham koʻrdingizmi?
Yuk mashinalariga taxlab qoʻyilgan oʻnlab jasadlarga janoza oʻqiyotgan kishilar, shifokorlar, koʻngillilar... Allohim, bu zolimlar qalbiga ham birozgina boʻlsada insof solgin, shafqat solgin,... Iltimos, yolboraman Robbim...
Bu malʻʻun, bu badbaxt qavm qachon bunchalar tosh qotib ulgurdi ekan-a? Shular ham odammi? Qandoq bularni er koʻtarib yurgan ekan? Qandoq qilib bular bilan bir havodan nafas olib kelgan ekanmiz-a???..
Boʻgʻilib ketyapti odam...
Allohim, qor, suvlaring bilan bu olamni razilliklardan, gunohlardan, haromlardan, yolgʻonlardan poklagin, oʻtinaman...
Bu olamning Egasi sensanku, ular emas...
Bu olam Sening changalingdaku, ularni emas...
Senku Jabbor, Senku Qahhor, Senku Muntaqim va Muzill...
Har bir ishga guvohsan, ogohsan, Haysan, Qoyyumsanku Robbim...
Dunyoning tadabburi, tasarrufi Senikiku Robbim, ularda emas!
Oʻzing hollarimizga rahm ayla, qoʻrqoqligimiz, zaifligimiz, sustkashligimizni yuzimizga solmagin, biz uyatdamiz, sharmandamiz, xijolatdamiz oldingda Robbim...
Samiʻʻ Oʻzingsan, Basiyr Oʻzingsan, soʻrovimiz, duoyu nolalarimiz, iltijolarimizni eshitgin, Allohim!
Biz kim boʻlibmiz, oʻsha mazlumlarni, qoʻrquvdan diri-dir qaltirayotgan goʻdaklarni, qonga belanib yotgan yaradorlarni, chorasizlarni, sovuqlarda uylari vayron boʻlgan, eguligi, ichkiligi va eng muhim narsasi tinchligi, halovati qolmagan bandalaringni eshitgin Robbim!..
Duolarini ijobat etgin, yolvoraman ey Robbim... Oʻzingni qoʻyamiz ularning roʻparasiga Allohim, Oʻzing ularga kifoya qil Robbim!
Yaxshilarni aziz qil, yomonlarni xor qil! Zulmni toʻxtat, vahshiylarni toʻxtat, ey ulugʻ Arshning Robbisi! U zolimlar ustida Oʻzingni qudratingni koʻrsat, Allohim!
Nolalari olamni toʻldirayotgan, figʻonlaridan eru osmon titrab qaqshayotgan u bandalaringga umid ber Allohim, najot ber Allohim!
Yomonlardan bu olamni tozala, ey Robbim! Ularning qoʻllarini qaytar, ovozlarini oʻchir, tutqichlaridan Oʻzingga loyiq boʻlgan ushlashing bilan ushla, Allohim...
Soʻzimni yana oʻsha duo bilan yakunlayman: Allohim, bizning xatolarimizni suv, qor va doʻl bilan yuvgin. Oq kiyim kirdan tozalangani kabi qalblarimizni ham xatolardan tozalagin. Mashriq bilan magʻribni uzoqlashtirganing kabi, biz bilan xatolarimiz orasini ham uzoqlashtirgin...
Afvingdan umidvor bandang.
02:58.
12.12.2023.