19.06.2025 09:15
269
“Barchamiz bir kemadamiz...”
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh taoloning hududiga (buyruq va qaytariqlariga) rioya etadigan va oʻzgalarni ham shunga undaydigan yaxshi odamlar bilan yomon-munkar ishlardan qaytariqlarga beparvo kimsalarning holi bitta kemaga chiqqan bir toʻp kishiga oʻxshaydi. Qurъa tashlash asosida ulardan baъzilari kema yuqorisiga, baъzilari esa pastki qismiga joylashishadi. Pastdagilar suvga ehtiyoj se zishsa, yuqoridagilarning oldidan oʻtishadi. Shunda ular: “(Kemaning) oʻzimizga tegishli qismidan (pastdan) bir teshik ochsak-chi, shunda yuqoridagilarni bezovta qilavermasdik”, deyishadi. Ustki qavatdagilar ularni bu istakdan qaytarishmasa, pastdagilar ham, oʻzlari ham halok boʻlishadi. Mone boʻlishsa, hammalari omon qolishadi» (Buxoriy rivoyati). Yaъni, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam dunyoni yoki har qanday jamiyatni kemaga, odamlarni esa undagi yoʻlovchilarga qiyos qiladilar. Jamiyatning maъlum bir qismida, hatto birgina uyda paydo boʻlgan yomon illat, agar beparvo boʻlinsa, toʻrt tomonga yoyilishi, uning oqibati esa halokatli boʻlishi mumkinligidan ogoh etadilar. Darhaqiqat, bugun dunyo hadisda aytilgan kichkina kemaga oʻxshab qoldi. Axborot oqimining gʻoyat tezlashib ketgani sabab kurrai zaminning olis puchmogʻida yuz bergan voqeadan zum oʻtmay butun dunyo xabardor boʻlmoqda. Shu bilan birga, dunyoning u burchagida paydo boʻlgan illat, tez orada boshqa burchagida ham urfga aylanmoqda.
Uzoqqa bormaylik, hozirda hech yoʻqota olmayotganimiz – toʻy-marosimlardagi isrofgarchiliklar, kimoʻzarga oʻzini koʻrsatishlar avvalboshda birgina kimsaning toʻqlikka shoʻxligi boʻlgan. Vaqtida tiyib qoʻyilmagani sabab bu illat asta-sekin yoyilib, bugungi holatga keldi. Bunday soʻzlarni har qanday illat haqida aytsa boʻladi. Ularga qarshi qanday kurashish mumkin? Maъlumki, kasallikni davolashdan koʻra, oldini olish osonroq va samaraliroq. Demak, har qanday munkar-yomon ishni paydo boʻlgani hamono yoʻq qilishga intilish zarur. Ana shunda urchib ketmaydi. Shuningdek, butun jamiyat islohi birgina kishidan boshlanishini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Zero, biz oldin oʻzimizni, oila-aъzolarimizni soʻng yaqin-uzoq qarindoshlarimizni yomonliklardan qaytara olsak, jamiyatimizdagi illatlar oʻz-oʻzidan barham topadi. Muhimi, loqayd boʻlmaslik, menga nima demaslikdir.