18.04.2024 15:25

Molik ibn Dinor qanday tavba qilgan?

Molik ibn Dinordan tavba qilishiga nima sabab boʻlganini soʻrashdi. U bunday javob berdi: «Ilgari men oʻyin-kulgi va ichkilikka qattiq berilgan edim. Koʻngil xushi uchun bir joriya sotib oldim. Maʻʻlum muddat oʻtib, qizchalik boʻldik. Men qizimni juda yaxshi koʻrardim. Oʻsib-ulgʻayib emaklaydigan, keyin yuradigan boʻldi. Qachon men aroq ichmoqchi boʻlsam, u qoʻlimdan tortib olib, aroqni toʻkib yuborar edi. U ikki yoshga etgach, vafot etdi. Men qaygʻuda qoldim...

Shaʻʻbon oyi edi. Bir kuni yarim tunda ichib mast boʻlib uxlab qolibman. Tush koʻrdim. Goʻyoki qiyomat qoim boʻlibdi. Qabrimdan chiqib kelibman. Bunday qarasam, yonimda katta ajdar meni emoqchi boʻlib turibdi. Undan qoʻrqib qochdim, u esa orqamdan quvlay boshladi. Har qancha tez chopsam ham, undan butunlay qochib ketolmasdim. Qocha turib yoʻlda oppoq libosli munkillagan cholni uchratdim. Unga:

«Ey otaxon, meni anavi ajdardan qutqaring. U meni emoqchi, halok qilmoqchi», deb yalindim. U:

«Ey oʻgʻlim, men qarib, kuchdan qolganman, u mendan quvvatli, unga kuchim etmaydi. Sen qochib, yoʻlingda davom etaver-chi, shoyad Alloh seni undan xalos etsa», dedi. Men tezroq chopa boshladim. Ajdar ham izimdan qolmay kelar edi. Yugura-yugura doʻzax tabaqalariga kelib qoldim. Doʻzax qizib, qaynab yotardi. Unga tushib ketishimga bir oz qoldi. Shunda kimdir:

«Sen mening ahlimdan emassan», dedi. U erdan burilib, yana qocha boshladim. Ajdar hamon quvlab kelar edi. Qocha-qocha koʻzni qamashtiradigan nurli toqqa yaqinlashdim. Togʻda qasrlar boʻlib, ularning eshik va pardalari koʻzga tashlanib turardi. Shu payt kimdir:

«Dushmani etib, halok etmasdan turib manavi bechorani qutqaringlar!» dedi. Eshiklar ochilib, pardalar koʻtarildi, u erdan yuzlari oyday bolalar chiqib kelishdi. Qizim ham ular bilan birga edi. Meni koʻrib, oldimga tushdi. Oʻng qoʻli bilan ajdarni urgan edi, qochib ketdi. Keyin tizzamga oʻtirdi-da:

«Ey otajon, «Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil boʻlgan haq (Qurʻʻon)ga moyil boʻlish (vaqti) kelmadimi?!» (Hadid surasi 16-oyat) dedi.

«Ey qizim, sizlar ham Qurʻʻonni bilasizlarmi?» deb soʻrasam, «Ha, sizlardan koʻra yaxshiroq bilamiz», deb javob berdi.

«Bu erda nima qilasizlar?»

«Biz musulmonlarning vafot etgan yosh bolalarimiz. Qiyomat kunigacha shu erda sizlarni kutib yashaymiz».

«Ey qizim, meni quvlab, halok etmoqchi boʻlgan ajdar nima edi?»

«Ey otajon, u sizning yomon amallaringiz. Uni kuchaytirib – koʻpaytirib yubordingiz. Shuning uchun sizni halok qilmoqchi boʻldi».

«Haligi munkillagan chol kim edi?»

«U sizning yaxshi amalingiz. Uni zaiflashtirib – kamaytirib qoʻydingiz. Shu bois uning yomon amalingizga kuchi etmadi. Allohga tavba qiling. Halokatga duchor boʻladiganlardan boʻlmang», deb yuqoriga koʻtarilib ketdi. Men choʻchib uygʻondim va darhol Allohga tavba qildim».

Ey birodar, xoh oʻgʻildir, xoh qizdir yoshligida vafot etgan farzandning barakasini koʻrib qoʻying. Agar ota-ona savob umidida sabr qilar va «Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz», deyishar ekan, ular uchun Alloh vaʻʻda qilgan yana boshqa koʻplab manfaatlar hosil boʻladi.

"Gunohi kabiralar" kitobidan

Mavzuga aloqador