17.04.2024 15:27

Dono bolaning zehni

Kunlardan bir kun Rum podshohi Bogʻdod musulmonlariga uch savol berish amri bilan oʻz elchisini joʻnatdi. Elchi shaharga etib borgach, xalifaga podshohning istagini bildirdi. Shunda xalifa shahar ulamolarini saroyga yigʻishni buyurdi.

Bir necha asrlar oldin Bogʻdod islom taraqqiy etgan shaharlardan biri boʻlib, u erda juda koʻp musulmon ulamolari yashagan.

Shu sababli shahar Islom dinining ilm markazi hisoblangan. Kunlardan bir kun Rum podshohi Bogʻdod musulmonlariga uch savol berish amri bilan oʻz elchisini joʻnatdi. Elchi shaharga etib borgach, xalifaga podshohning istagini bildirdi. Shunda xalifa shahar ulamolarini saroyga yigʻishni buyurdi.

Elchi minbarga chiqib:

- Men sizlarga podshohimning uch savolini beraman. Agar unga toʻgʻri javob bera olsangiz, u sizlarga koʻp mol-mulk vaʻʻda qilmoqda. Savollar quyidagicha:

Allohdan avval nima boʻlgan?

Alloh bir lahzada hamma yoqqa nazar sola oladimi?

Hozir Alloh nima qilyapti?

Ulamolar orasida sukunat choʻmdi. Toʻsatdan olomon ichidan mayin ovoz eshitildi:

- Dadajon, ruxsat bering, men uning savollariga javob beray!

Bu ovoz otasiga ergashib kelgan yosh bolaniki edi. Xalifadan ruxsat soʻralgach, bolakayga gapirishga izn berildi. Rum elchisi yosh musulmonga murojaat qilib, birinchi savolini takrorladi:

- Allohdan avval nima boʻlgan?

Bola savolga savol bilan javob berdi:

- Sanashni bilasizmi?

- Ha, - dedi elchi.

- Unda oʻndan pastga qarab sanang!

Elchi "oʻn, toʻqqiz, sakkiz, deya sanay boshladi va nihoyat "bir" deb toʻxtadi.

- Nega toʻxtadingiz? - dedi bola.

- Bir sonidan oldin boshqa son yoʻq-ku?! - dedi hayronlik bilan elchi.

- Oddiy bir sonidan oldin hech narsa yoʻq ekan, qanday qilib Yakka boʻlgan Allohdan avval bir narsa boʻlishi mumkin?! U Avval va Oxir, Zohiru, Botindir.

Elchi bu javobga hech qanday eʻʻtiroz bildira olmadi va ikkinchi savolni berdi:

- Alloh bir lahzada hamma yoqqa nazar sola oladimi?

- Sham keltirib yoqing, - dedi bola. Endi esa uning nuri qaerga qarab taralayotganini ayting.

- Ammo shamning nuri har tarafga taraladi: sharqqa, gʻarbga, shimolga, janubga... Aniq bir tomonni aytish mushkul, - deya hayrati ortdi elchining.

- Agar yaratilgan nur har tomonga taralar ekan, uning Yaratuvchisidan nimani kutmoqdasan?! «Alloh osmonlar va erning nuridir...» (Nur surasi, 35-oyat) xitob qildi bola.

Elchi oʻz koʻzlariga ishonmasdi. Qarshisida turgan bu kichkina bolakayning donolik bilan berayotgan javoblari uni lol qoldirdi. Tushkunlikka tushgan elchi oxirgi savolni berishga ogʻiz juftlar ekan, bolakay unga:

- Toʻxtang, siz mening oʻrnimga tushib, men esa minbarga chiqishim adolatliroqdir. Savolingizni hamma eshitdi, endi mening javobimni ham eshitishsin, — dedi.

Elchi bu taklifga rozi boʻldi va minbardan tushib, uchinchi savolni takrorladi:

- Hozir Alloh nima qilyapti?

- Alloh hozir minbardan bir yolgʻonchi, shakkokni tushirib, uni hammaga kulgi qildi. Allohning borligiga va birligiga ishongan moʻminni esa yuksaltirib, tiliga hikmat solib haqiqatni bayon qildirdi. Alloh hamma narsaga qodirdir.

Magʻlub elchi bu soʻzlardan soʻng isnod bilan oʻz shahriga qaytib ketdi. Bola esa Islom olamidagi eng buyuk olimlardan biri boʻlib etishdi.

Alloh uni goʻzal hikmat va dinni chuqur tushunish iqtidori bilan taqdirladi. Uning ismi Noʻʻʻmon ibn Sobit boʻlib, u butun dunyoga Imomi Aʻʻzam nomi bilan mashhurdir.

Odiljon Narzullaev

 

Mavzuga aloqador