23 maydan 7 iyungacha «Haj» dasturi boʻyicha marosimlarni bajarish istagida boʻlgan ziyoratchilar Oʻzbekistonning 10 ta mintaqaviy xalqaro aeroportidan, xususan, Toshkent, Namangan, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Termiz, Navoiy, Nukus va Urganch shaharlaridan Madina shahriga etkaziladi. Jiddadan Oʻzbekiston shaharlariga qaytuvchi parvozlar esa 22 iyundan 12 iyulgacha bajarilishi rejalashtirilgan.
Aviakompaniya va Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, 2024 yilda 124 ta charter yoʻlovchi parvozini amalga oshirish va 15 ming 130 nafar ziyoratchini tashish rejalashtirilgan. Uzbekistan Airways`ning «Haj-2024» dasturi doirasidagi barcha aviaqatnovlari Boeing 767 havo kemalarida amalga oshiriladi.
«Taʻʻkidlash joizki, respublika aeroportlarida roʻyxatdan oʻtish vaqtida yoʻlovchilar issiq nonushta bilan taʻʻminlanadi. Parvoz davomida esa Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi talablarini inobatga olgan holda tayyorlangan maxsus taomlar tarqatiladi», — deya qayd etgan kompaniya.
Bundan tashqari, Oʻzbekistondan Saudiya Arabistoniga ziyoratchilarni olib borish davrida Uzbekistan Airways Sales filialida kassirlar kechayu kunduz ishlaydi.
Avvalroq Oʻzbekistonda 2024 yilgi Haj mavsumi 23 maydan boshlanishi xabar qilingandi.